Prezident qaroriga ko‘ra, 1-dekabrdan haydovchilar qoidabuzarligi uchun jarima ballarni hisoblash boshlanishi xabar qilingandi. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ushbu tizim ko‘zda tutilgan sanadan boshlab test rejimida ishga tushurilishini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, jarima ballarini joriy etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining qonun hamda Vazirlar Mahkamasining qaror loyihasi ishlab chiqilgan.

“Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis qonunchilik palatasining mas’ul xodimlari bilan hamkorlikda ishchi guruh tuzilgan holda qonun loyihasini qayta takomillashtirish ishlari olib borilmoqda. Shu sababli 1 dekabrdan boshlab jarima ballarini hisoblash tizimi test rejimida ishga tushiriladi”, — deyiladi xabarda.

Bunda qoidabuzarliklar avtomatik tarzda dasturiy ta’minotda qayd etib boriladi. Ushbu tizim yangi bo‘lganligi sababli, test rejimida ishlagan vaqtda tizimdagi hamda sodir etilgan qoidabuzarliklardagi barcha xato va kamchiliklar tizimni texnik qo‘llab-quvatlash davrida bosqichma-bosqich aniqlanib, bartaraf etilib, takomillashtirilib boriladi.

Aholidan kelib tushishi mumkin bo‘lgan e’tirozlarni oldini olish maqsadida test rejimi vaqtida aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha ballar hisobga olinmaydi.

“Dasturiy ta’minot sinovdan o‘tkazilib, aniqlangan xato va kamchiliklar to‘liq bartaraf etilgandan keyin ishga tushirilib, haydovchilar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblanadi. Ijobiy test sinov natijalari yuzasidan, mazkur tizimni ishga tushirish vaqti bo‘yicha ommaviy axborot vositalariga qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, — deya yakunlanadi YHXX xabari.

Ma’lumot uchun, 2018 yilning may oyida qabul qilingan Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha konsepsiyada haydovchilar uchun 12 ballik tizimni joriy etish, bir yil davomida jarimalari bilan 12 ball yig‘gan shaxsni haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilish bo‘yicha hujjat loyihasi ishlab chiqilishi aytilgan edi. Hujjat loyihasini esa 2019 yil boshida ishlab chiqish rejalashtirilgandi.

2022 yilning fevralining birinchi haftasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev Yo‘l harakati qoidalari yangidan ishlab chiqilishi va haydovchilar baholanishi haqida gapirgandi. Fevral o‘rtalarida esa IIV rahbari o‘rinbosari qoidabuzar haydovchilarga ball berish tizimi nega 3 yil ilgari joriy qilinmaganiga izoh bergandi. “U paytda biz hali bunga tayyor bo‘lmagandirmiz, vaqti endi kelgandir. Mana endi buni yaqin kunlarda joriy qilamiz, bu o‘zini samarasini beradi”, — degandi Bekmurod Abdullayev.