JCH-2022`ning guruh bosqichi doirasidagi 2-tur uchrashuvlari yakuniga yetdi va 29 noyabr kuni 3-tur o‘yinlariga start beriladi. Qatardagi mundial sensatsiyalarga boy bo‘lmoqda. Aynan shu sababga ko‘ra, so‘nggi tur o‘yinlari oldidan pley-off bosqichiga kimlar chiqishi mumkinligi borasida bir narsa deyish qiyin. Ayrim guruhlarda raqobat juda kuchli, ayrimlarida «favorit» va «autsayder» tushunchalari o‘rtasidagi farq deyarli yo‘qqa chiqqan. «Gazeta.uz» so‘nggi tur oldidan qaysi terma jamoalarda pley-off bosqichiga chiqish uchun imkoniyatlar yuqoriroq, va aksincha, qaysi jamoalar (kutilmaganda) murakkab ahvolda ekanligi to‘g‘risida so‘z yuritadi.

A guruhi


Ushbu guruhda faqat bitta jamoa keyingi bosqichga chiqish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan, u ham bo‘lsa mezbonlar — Qatar terma jamoasi. Qatar 1-turda Ekvadorga, 2-turda Senegalga mag‘lub bo‘ldi va so‘nggi turda Niderlandiya terma jamoasi bilan uchrashadi.

Biroq guruhdagi «intriga» Ekvador va Senegal jamoalari o‘rtasidagi bahsda bo‘ladi — keyingi bosqichga chiqish uchun haqiqiy jang bo‘lishi kutilmoqda. Uchrashuvda durang qayd etiladigan bo‘lsa (va Niderlandiya hech bo‘lmaganda durang qayd etsa), Ekvador pley-offga yo‘l oladi. Demak, Senegalga faqat g‘alaba zarur. Ekvadorni esa durang ham qoniqtiradi. Biroq, ular ham 2-o‘rinni egallash niyatida emas. Chunki A guruhida 2-o‘rinni olgan jamoa pley-offda B guruhida 1-o‘rinni egallagan jamoa bilan to‘qnash keladi.

Hozirda Ekvador va Niderlandiya terma jamoalarida ochkolar soni ham, to‘plar nisbati ham teng. Ikkalasi ham g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, albatta, hammasini to‘plar nisbati hal qiladi. Niderlandiyaning Qatarga ko‘proq gol urishi, Ekvadorning Senegalga ko‘proq gol kiritishidan osonroqdek ko‘rinadi. Bundan tashqari, Qatarda motivatsiya qolmagan bo‘lsa, Senegal terma jamoasi oxirgi turda Ekvadordan ustun kelish niyatida o‘yinga tushadi.

Niderlandiyaga keladigan bo‘lsak, nazariy jihatdan, Qatarga yengilsa, guruhdan qolib ketishi ham mumkin. Buning uchun Niderlandiya kamida ikkita to‘p o‘tkazib yuborishi hamda Ekvador — Senegal uchrashuvida durang qayd etilishi (aytaylik, Niderlandiya ikkita to‘p o‘tkazib yuborsa) yoki senegalliklar minimal hisobda g‘alaba qozonishi kerak. Biroq bu ehtimollikdan ancha yiroq hodisa. Niderlandiyaning guruhda nechinchi o‘rinni olishi — bu boshqa masala. Ammo yuqorida aytib o‘tganimizdek, niderlandlarning Qatar darvozasiga gollar urishi, Ekvadorning Senegal darvozasiga bir necha bor yo‘l topishiga qaraganda yaqinroq hodisadek ko‘rinadi. Katta ehtimol bilan, Niderlandiya guruhda birinchi o‘rinni egallaydi. Xo‘sh, ikkinchi o‘rin-chi? Senegalmi yoki Ekvador? Barchasini o‘zaro «jang» hal qiladi.

B guruhi


B guruhida hammasi o‘zgacha. Guruhda har bir jamoada ochkolar soni har xil bo‘lsa-da, hattoki 1 ochkosi bor Uels terma jamoasida ham imkoniyat mavjud. Biroq, ehtimol, uning imkoniyatlari faqat nazariy jihatdan mavjuddir. Chunki so‘nggi turda Uels terma jamoasi Angliya bilan uchrashadi. Voqelar rivoji Uels uchun omadli kelib, ular Angliyani yenggan taqdirda, pley-offga chiqish uchun Eron — AQSh bahsida durang qayd etilishi kerak. Shunda Uels to‘plar nisbati bo‘yicha Erondan ozgina ustun bo‘lgan holda keyingi bosqichga chiqishi mumkin. Uelsning imkoniyatlari shu ssenariy bilan chegaralanadi.

Angliya terma jamoasi o‘tgan turning o‘zidayoq pley-off masalasini hal qilishi mumkin edi, ammo AQSh bilan bo‘lgan uchrashuvdagi nursiz durang, ehtimol, buni faqat ortga surgandir. Chunki Angliyaning keyingi bosqichga chiqishi uchun durang ham yetadi. Ammo Angliya guruhda 2-o‘rinni egallashni xohlamasa kerak. B guruhda 2-o‘rinni egallagan jamoa A guruhining peshqadami bilan to‘qnash keladi. Bu terma jamoa, katta ehtimol bilan, Niderlandiya bo‘ladi. Demak, Angliya ham 3-turda g‘alaba uchun o‘ynaydi.

Ammo ushbu guruhdagi eng qiziqarli bahs Eron — AQSh uchrashuvi bo‘lishi kutilmoqda. Aslida bu uchrashuvning qizg‘in bo‘lishi, chempionat boshlanmasidanoq ma’lum edi (siyosiy sabablarga ko‘ra), guruhdagi hozirgi vaziyat esa ushub o‘yinning kutilganidan ham shiddatli bo‘lishini ta’minlaydi. AQSh terma jamoasi biroz ehtiyotkor o‘yin taklif qilishi mumkin, lekin eronliklar bunga rozi bo‘lmasligi aniq. Eron terma jamoasi durang bilan ham keyingi bosqichga chiqishi mumkin, ammo AQShga buning uchun faqat g‘alab kerak. A guruhidv «intriga»ga boy uchrashuv deb Ekvador — Senegal bahsini aytgan bo‘lsak, ushbu guruhda aynan Eron — AQSh qarama-qarshiligi taassurotlarga boy bo‘lishi kutilmoqda.

Guruhda faqat Angliyani va Eronni durang qanoatlantirishi mumkin, lekin AQSh va Uelsga faqat g‘alaba kerak. Guruhda katta ehtimol bilan Angliya 1-o‘rinni oladi. Agar bu turda ham sensatsiya ko‘rsak (aytaylik, Angliya durang o‘ynasa va Eron g‘alaba qozonsa), Eron ham 1-o‘rinda bo‘lib qolishi mumkin. Shuningdek, Angliya — 1, AQSh — 2-o‘rin ko‘rinishidagi ssenariy ham yashashga haqli.

C guruhi


Ushbu guruhdagi vaziyat ham B guruhdagisiga o‘xshash — hammada imkoniyat bor. Faqat bunday imkoniyat Meksikada ancha kamroq. Oxirgi turda Polsha Argentina bilan, Saudiya Arabistoni esa Meksika bilan uchrashadi.

Xo‘sh, bu yerda ehtimoliy ssenariylar juda ko‘p. Eng birinchi xayolga keladigani: ikkala o‘yinda ham durang — Polsha va Argentina pley-offda.

Keyingisi: Argentinaning Polsha ustidan g‘alabasi, Saudiya Arabistoni va Meksika o‘rtasidagi bahsda meksikaliklarning minimal hisobdagi g‘alabasi — Argentina, Polsha keyingi bosqichda. Yoki Saudiya Arabistonining g‘alabasi va saudiyaliklar pley-offda.

Boshqa variantlarni sanab o‘tirmaymiz, guruhda hammaga g‘alaba kerak. Hozir 1-o‘rinda turgan Polsha guruhda qolib ketishi ham mumkin. Meksikachi? Uning imkoniyatlari qanday? Agar Meksika Saudiya Arabistonini mag‘lub eta olsa va Polsha Argentinani yutsa — ana shunda ular pley-offga chiqishi mumkin. Polsha — Argentina uchrashuvida durang qayd etilsa-chi? Unda Meksika Saudiya Arabistonini kamida 3:0 hisobida mag‘lub etishi kerak. Agar argentinaliklar g‘alaba qozonsa, meksikaliklar undan ham kattaroq hisobda yutishlari kerak bo‘ladi. Ammo ungacha boshqa savol turibdi: Meksika Saudiya Arabistonini yenga oladimi? Bu galgi Meksika ehtimol yenga olmas, chunki hozirgi tarkibda yorqin hujumchilar yetishmaydi. Bundan tashqari saudiyaliklar ham maydonga g‘alaba uchun tushishlari aniq.

Polsha va Argentina terma jamoalari pley-offni kafolatlash uchun ham bir-biri bilan jiddiy jang olib boradi. Demak, hattoki ushbu juftlikdagi bitta jamoa guruhdan qolib ketishi ham mumkin. Saudiya Arabistoni uchun Polshaning g‘alabasi ancha qulayroq, chunki bunday vaziyatda saudiyaliklarni Meksika bilan durang ham qondiradi.

Demak, C guruhidagi vaziyat quyilagicha: Argentina va Polsha durang uchun emas, g‘alaba uchun o‘ynashadi, chunki parallel tarzda kechayotgan uchrashuvda Saudiya Arabistoni g‘alaba qozonib, o‘rinlardan birini ilib ketishi mumkin. Argentinaning motivatsiyasi oson izohlanadi — ular muvaffaqiyatsiz kechgan 1-turni yuvish uchun ham, guruhda birinchi o‘rinni olish uchun ham intilishadi. Polshaga durang nega qulay emas? Chunki o‘yin davomida durang juda noqulay, raqib kutilmaganda bitta gol urib g‘alabani ilib ketishi mumkin. Polsha hech bo‘lmaganda bitta gol urishga harakat qiladi.

Meksikaning ikkita o‘rindan bittasini egallashini «fantastika» deb baholasak, qolgan uchta jamoada imkoniyatlar deyarli bir xil.

D guruhi


Fransiya terma jamoasi o‘zi uchun pley-off masalasini oldindan hal qilib qo‘ydi. Murabbiy endi eng kerakli futbolchilarni keyingi uchrashuvga asrab, o‘zi bilan olib kelgan boshqa o‘yinchilarga ham imkoni berishi mumkin. Ochkolar soni, to‘plar nisbati shunday qilishga bemalol imkon beradi.

Navbatdagi turda fransuzlar Tunis terma jamoasi bilan to‘qnash keladi. Avstraliya terma jamoasi esa Daniya bilan o‘ynaydi. Fransiyaga qarshi o‘yinga Tunis qanday kayfiyat bilan tushar ekan? Tunisda imkoniyat bor, lekin kam. Chunki agar Avstraliya g‘alaba qozonsa, Tunisning g‘alabasi ahamiyatsiz bo‘lib qoladi. Bordiyu, Avstraliya — Daniya uchrashuvida durang bo‘lsa, Tunis mo‘jiza yarata olsa, jamoa pley-offga yo‘l olishi mumkin. Ochig‘ini tan olaylik, bu yerda «agar»lar haddan ortiq ko‘p.

Daniya terma jamoasida imkoniyatlar Tunisdagidan yaxshiroq. Daniya terma jamoasining pley-offga chiqishi chiqmasligi o‘zining qo‘lida. Faqat buning uchun g‘alaba qozonish kerak. Durang faqat Avstraliyani qanoatlantirishi mumkin. Demak guruhda asosiy jang Avstraliya va Daniya terma jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.

Fransiya terma jamoasi guruhda 1-o‘rinni deyarli kafolatlagan — to‘plar nisbati juda yaxshi. D guruhida 1-o‘rinni olgan jamoa pley-offda C guruhida 2-o‘rinni olgan jamoa bilan to‘qnash keladi. Bu Saudiya Arabistoni, Polsha yoki Argentina bo‘lishi ham mumkin. D guruhida 2-o‘rinni olgan terma jamoa esa C guruhining peshqadami bilan kuch sinashadi.

E guruhi


E guruhida ham juda qiziqarli o‘yinlar bo‘ldi va kutilmagan natijalar qayd etildi. Yaponiya Germaniyani, Kosta-Rika esa Yaponiyani mag‘lub etdi. Kosta-Rikaning 1-turda rekord hisobdagi mag‘lubiyatidan so‘ng, bunday natijani ko‘pchilik kutmagan edi. Agar Ispaniya — Germaniya uchrashuvida nemislar g‘alab qozonishganida guruhda noodatiy muvozanat yuzaga kelgan bo‘lardi. Ammo guruhdagi eng kam ochkoni Germaniya terma jamoasi jamlagan. 3-turda ular Kosta-Rika bilan bahslashadi. Kosta-Rika terma jamoasi Germaniyaga jang taklif qila oladimi? Agar ushbu bahsda Germaniya kamida 2:0 hisobida yuta olsa, Yaponiya uchun Ispaniya durang ham yordam bera olmasligi mumkin.

Agar Yaponiya yutib qo‘ysa-chi? Unda yaponiyaliklar guruhda 1-o‘ringa ko‘tarilib olishadi va Germaniya guruhda qolib ketadi. Ispaniyada to‘plar nisbati juda yaxshi. Shuning hisobiga ular mag‘lubiyatga uchrab ham keyingi bosqichga chiqishlari mumkin. Ammo ispaniyaliklar faqat bitta ssenariyga ko‘ra guruhda qolib ketishlari mumkin: Kosta-Rikaning Germaniya ustidan g‘alabasi va Ispaniyaning Yaponiyaga mag‘lubiyati. Bunday ehtimoliy ssenariyni fantastik filmlarga qiyoslash mumkin. Ikkala «favoritning» bir vaqtda mag‘lubiyatga uchrashi, neytral futbol muxlislari uchun haqiqiy bayramga aylanishi mumkin.

Ehtimoli katta bo‘lgan ssenariyga qaytamiz: Ispaniya g‘alaba qozonib, guruhda 1-o‘rinni naqd qilishi va Kosta-Rika Germaniya bilan durang qayd etib (sensatsiyalarga ham o‘rin qoldiraylik), guruhdan chiqishi mumkin. Yoki Germaniya g‘alabaga erishib, Ispaniya bilan birga guruhdan chiqishi mumkin.

Nima bo‘lganda ham, ushbu guruhda keskinlik kuchli va barcha jamoa uchun g‘alaba suv va havodek zarur.

F guruhi


F guruhida navbatdagi bosqichga chiqa olmasligi 2-turdayoq ma’lum bo‘lgan Qatardan keyin ikkinchi jamoa mavjud — Kanada terma jamoasi ikkkala turda bitta ham ochko to‘play olmadi. Belgiya esa 2-turda Marokashga yengildi. Oxirgi turda Kanada — Marokash, Belgiya — Xorvatiya qarama-qarshiliklarining guvohi bo‘lamiz.

Xo‘sh, 2-turda Kanada darvozasiga 4 ta gol kiritgan Xorvatiya terma jamoasidan boshlaymiz. Xorvatlar belgiyaliklardan kuchliroq ko‘rinmoqda. Har holda Xorvatiya terma jamoasi hujumlarda keskinroq o‘ynamoqda. Ammo Belgiya terma jamoasiga keyingi bosqichga chiqishi uchun faqat g‘alaba kerak. Biroq, Belgiya murabbiysi bu safargi o‘yinda nimadir o‘ylab topmasa, xorvatiyaliklar jamoani ayab o‘tirishmasa kerak. O‘z-o‘zidan, Xorvatiya guruhda peshqadam bo‘lish uchun asosiy da’vogar.

Kanada — Marokash bahsida kanadaliklar qanday o‘yin ko‘rsatishadi, bir narsa deyish qiyin, ammo Marokash terma jamoasi, iloji bo‘lsa, guruhda 1-o‘rinni ham qo‘lga kiritishga harakat qiladi. Chunki F guruhida 2-o‘rinni olgan jamoa E guruhida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoa bilan to‘qnash keladi. Bu esa katta ehtimol bilan Ispaniya bo‘ladi. Marokash keyingi bosqichga chiqishi uchun aslida durang ham yetadi. Chunki narigi o‘yinda Xorvatiya yutsa ham, Belgiya yutsa ham, hatto durang bo‘lsa ham jamoa 2-o‘rinni saqlab qoladi. Marokash faqat Kanadaga mag‘lub bo‘lsagina guruhda qolib ketishi mumkin. Ammo guruhda kim birinchi o‘rinni egallaydi, shunisi qorong‘u.

Guruhda 1-o‘rinni egallagan jamoa Ye guruhida 2-o‘rinni olgan jamoa bilan to‘qnash keladi. Bu jamoa esa Germaniya bo‘lishi ham, Yaponiya bo‘lishi ham, Ispaniya yoki Kosta-Rika bo‘lishi ham mumkin.

Guruhda, katta ehtimol bilan, Xorvatiya 1-o‘rinni, Marokash esa 2-o‘rinni egallashi mumkin.

G guruhi


Braziliya ham ikkita turda g‘alab qozonib, pley-off bosqichiga chiqish masalasini muddatidan oldin hal qildi. Braziliyaliklar so‘nggi turda Kamerun terma jamoasi bilan uchrashadi. Kamerun ham jang taklif qila oladigan jamoa va ularda ozgina bo‘lsa ham umid bor. Bu uchrashuvga parallel tarzda Serbiya — Shveysariya uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Shveysariya terma jamoasi uchun durang ham kifoya, agar albatta hammani hayratda qoldirib, Kamerun terma jamoasi Braziliyani yutib ketmasa. Bunday holatda Kamerun terma jamoasi 2-o‘ringa ko‘tarilib oladi. Biroq Braziliyani yutish ancha mushkul bo‘lsa kerak. Bundan tashqari, serbiyaliklarda ham imkoniyat bor, hozir oxirgi o‘rinda turgan bu jamoa Shveysariyani yutib ham pley-offga chiqib ketishi mumkin. Demak, guruhda asosiy e’tibor Serbiya — Shveysariya o‘yiniga qaratiladi. Albatta, Kamerunning braziliyaliklar bilan bahsini unutmagan holda.

Agar guruhda 1-o‘rinni Braziliya deyarli naqda qilganini hisobga olsak, qolgan jamoalar so‘nggi turda 2-o‘rin uchun kurash olib borishadi. Braziliya pley-offda H guruhida 2-o‘rinni egallagan jamoa bilan to‘qnash keladi. Bu Gana, Koreya yoki Urugvay terma jamoasi bo‘lishi mumkin. G guruhida 2-o‘rinni olgan jamoa, ya’ni, Shveysariya, Serbiya yoki Kamerun H guruhida 1-o‘rinni egallagan jamoa — ya’ni, Portugaliya terma jamoasi bilan bahs olib boradi.

H guruhi


H guruhida Portugaliya terma jamoasi 1-o‘rinni deyarli kafolatlab qo‘ydi. Demak, qolgan bitta o‘rin uchun uchta jamoada ham imkoniyat bor. Ammo imkoniyatlar darajasi har xil. Gana 3-turda Urugvay bilan bahs olib boradi. Portugaliya esa Koreya terma jamoasiga qarshi o‘yinga tushadi. Faraz qilaylik, koreyaliklar Portugaliyani yutsa va Urugvay Ganani yutsa — Urugvay va Koreyaning to‘plar nisbatiga qaraladi. Demak kim ko‘p gol urishiga bog‘liq.

Keling, ehtimollikka yaqinroq ssenariyni olamiz: Portugaliya — Koreya bahsida ham, Urugvay — Gana qarama-qarshiligda ham durang. Bunday holatda guruhdagi hozirgi holat o‘zgarmaydi. Gana hozir Urugvay bilan nafaqat durang o‘ynay oladigan, balki uni mag‘lub eta oladigan jamoa sifatida ham taassurot uyg‘otmoqda. Ya’ni Koreya Portugaliyani yutgan taqdirda ham, Gananing Urugvayga osongina taslim bo‘lishi qiyin. Shu o‘rinda, Urugvay ham guruhda qolib ketishni o‘zlari uchun «sharmandalik» deb bilishadi. Odatda ikkala tomonda ham motivatsiya kuchli bo‘lsa, jangovar durang qayd etiladi. Ammo, aytaylik, Urugvay terma jamoasi g‘alaba qozondi, Portugaliya va Koreya durang o‘ynadi yoki Portugaliyaning g‘alaba qozondi — bunday holatda, albatta, pley-offga Urugvay terma jamoasi yo‘l oladi. Demak, asosiy kurash Gana va Urugvay terma jamoalari o‘rtasida bo‘ladi. Ushbu jamoalar o‘rtasida durang qayd etilsa yoki Urugvay bitta to‘p farqi bilan g‘alaba qozonsagina, Koreya terma jamoasida imkoniyat bo‘lishi mumkin. Unda ham, yuqorida aytganimizdek, Koreya Portugaliyani yutishi kerak.

Demak 3 ta jamoaga g‘alaba juda zarur (Portugaliyaga 1-o‘rinda qolish uchun durang yoki minimal hisobdagi mag‘lubiyat ham kifoya qiladi). Ushbu guruh peshqadami pley-offda G guruhdagi 2-o‘rinni egallagan jamoa bilan uchrashadi, pley-offga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan ikkinchi jamoa esa (ehtimol, Gana yoki Urugvay), katta ehtimol bilan, Braziliya terma jamoasiga duch keladi.

Ko‘rib turganingizdek, bizni oldinda ajoyib uchrashuvlar kutmoqda. Ayniqsa, mana shu 3-tur bahslari JCH-2022`ning eng qizg‘in pallasi bo‘lishi mumkin.