O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 noyabr kuni «Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Hujjat bilan Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etiladi.

Akademiya Bosh prokuratura tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi, yuridik shaxs maqomiga ega, ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi. Unda 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab tergov faoliyati va huquqni muhofaza qilish faoliyatining boshqa sohalarida oliy ta’limning ikki bosqichli tizimi — bakalavriat va magistratura bo‘yicha to‘laqonli o‘quv jarayoni tashkil etiladi.

Muassasaning tergov faoliyati yo‘nalishidagi har yilgi qabul kvotalari bakalavriat dasturi bo‘yicha — 250 nafargacha talaba, magistratura dasturi bo‘yicha — 50 nafargacha oliy yuridik ma’lumotli vakolatli davlat organlari xodimlaridan iborat bo‘ladi. Shuningdek, ta’lim olish muddati bakalavriat dasturi bo‘yicha — uch yil, tergov faoliyati yo‘nalishidagi magistratura dasturi bo‘yicha — bir yil bo‘ladi.

Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filialini tugatiladi hamda uning shtat birliklari, o‘quv va moddiy-texnika bazasi akademiyaga o‘tkaziladi. Akademiyaga prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan boshliq rahbarlik qiladi.