«O‘zgidromet» markazining xabar berishicha, 29−30 noyabr va 1 dekabr kunlari A-373 «Toshkent — O‘sh» avtoyo‘lining Qamchiq dovoni hududida qor yog‘ishi, vaqti-vaqti bilan kuchli yog‘ingarchilik, tuman kuzatilishi, ko‘rinuvchanlik 50 m gacha pasayishi, shamol tezligi 17−20 m/s gacha kuchayishi, avtoyo‘lda qor uyumlari yuzaga kelishi mumkin.

Shuningdek, Toshkent viloyati Ohangaron tumani, Bo‘stonliq tumanidagi Chotqol tizmasining «Chimyon» tog‘lari tabiiy hududi bo‘ylab qor ko‘chish xavfi e’lon qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda kuzning oxirgi kunlari ob-havo salqin va yomg‘irli bo‘lishi kutilmoqda. Yog‘ingarchilik dushanbadan boshlanadi. 29−30 noyabr kunlari hududlarda yomg‘ir kuchayib, qishning dastlabki kunlarida qorga aylanadi. Hafta oxiriga kelib havo harorati kechasi -5 darajagacha, kunduzi +5 darajagacha pasayadi.