28 noyabr, haftaning dushanba kuni, soat 9:25. Buxoro viloyati sudi binosida Nukus voqealarida qatnashganlikda ayblanayotgan 22 kishiga nisbatan sud muhokamalari boshlanish arafasida.

22 kishi, shu jumladan, D. Tajimuratov, L. Kallixanova, A. Turdanovlar ayblanuvchi hisoblanadi. Ayblov 11 ta modda — bezorilikdan tortib, konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish doirasida e’lon qilindi.

«Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, sud zaliga tomonlar ketma-ket kirib kelmoqda. Gumondorlarning 20 nafari hibsxonalardan, yana 2 nafari uydan kelib, sudda qatnashadi.

Sud binosi joylashgan hududda har tomonlama xavfsizlik choralari ko‘rilgan. Shu jumladan, sud zali va uni onlayn tomosha qilish uchun hozirlangan matbuot markaziga kiruvchilar dezinfeksiya qilinib, ularga niqoblar tarqatilmoqda.

Hozircha sud zaliga ayblanuvchilarning ayrim advokatlari, prokuratura vakillari yetib keldi. Birinchi instansiyada ko‘rilayotgan ushbu sud jarayoniga Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Yelubay Abibullayev raislik qiladi.