Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 noyabr kuni Buxoro — Urganch — Xiva temir yo‘lini elektrlashtirish loyihasi bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Loyihaning qiymati 445 million dollar bo‘lib, shundan 270 million dollari Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankidan jalb etiladi. Loyiha doirasida Buxorodan Xivagacha bo‘lgan 465 kilometr temir yo‘l tarmog‘i elektrlashtiriladi, bekat, nimstansiyalar va boshqa inshootlar quriladi.

«Yo‘lning samaradorligi, shunga yarasha, ancha oshadi. Masalan, poyezdlarning yuqori tezligi soatiga 250 kilometrgacha bo‘ladi. Natijada yo‘lovchilarning Toshkentdan Urganchgacha yetib borish vaqti 14 soatdan 6 soatga (avval 8 soatda deb xabar berilgan), Buxorodan Xivagacha 8 soatdan 3 soatgacha qisqaradi», — deyiladi rasmiy axborotda.

Tezlik evaziga temir yo‘lning o‘tkazuvchanligi ham oshadi. Yuk tashish imkoniyati yiliga qo‘shimcha 11 million tonnagacha, yo‘lovchilar soni 2,3 mln nafarga ko‘payadi. Poyezdlar elektr energiyasida yurishi hisobiga yiliga 18 ming tonna dizel yoqilg‘isi tejaladi.

«Avvalgi loyihalarda mutaxassislarimiz ancha tajriba orttirdi, chet ellik konsultantlar ham jalb etildi. Endi asosiysi — ishni sifatli bajarish. Bu yo‘lni qancha yaxshi qilsak, xalqimizga sharoit, turistlar uchun qulaylik, iqtisodiyotimizga manfaat bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Buxoro va Xorazm viloyati hokimlariga tezyurar poyezd o‘tadigan tuman va shaharlarda yo‘l bo‘yi xizmatlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi.

«Temir yo‘l borgan joyga madaniyat boradi, hayot jonlanadi. Shunday ekan, bekatlar atrofida, xuddi avtomobil yo‘llarida bo‘lganidek, savdo va xizmat shoxobchalarini ko‘paytirish kerak. Yana bir vazifa — temir yo‘l bo‘ylab cho‘l iqlimiga mos daraxt va butalar ekish zarur. Bu ham hudud ekologiyasiga ta’sir qiladi, ham yo‘l bo‘ylariga ko‘rk bag‘ishlaydi», — dedi davlat rahbari.

Prezident mutasaddilarga hozirgi loyihaga hamohang tarzda, Nukus shahrigacha bo‘lgan temir yo‘lni ham elektrlashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Buning natijasida, ta’kidlanishicha, Toshkent bilan Nukus o‘rtasidagi qatnov vaqti 16 soatdan 7 soatgacha qisqaradi.

Tadbirda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, davlat tashkilotlari binolarida quyosh panellari o‘rnatish, aholini bu borada rag‘batlantirish masalalari bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.

Ma’lumot uchun, 2018 yilning kuzida Urganchdan Xivaga 33,7 kilometr uzunlikdagi temir yo‘l ochilgandi. Xivada esa temir yo‘l vokzali qurilib, foydalanishga topshirilgan.

«Afrosiyob» tezyurar poyezdining birinchi reysi (poyezdlar Ispaniyaning «Talgo» kompaniyasi tomonidan yetkazib beriladi) 2011 yil avgust oyida yurgan edi. 2015 yilda poyezd Qarshiga (2018 yilda liniya Shahrisabzgacha uzaytirilgan), 2016 yilda esa Buxoroga qatnay boshladi.