Qashqadaryo viloyatida Labo va Isuzu ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda YHXX matbuot xizmati.

2022 yil 12 noyabr kuni soat 09:30 larda, Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumani Toshli MFY hududidan o‘tuvchi 4R-87 avtomobil yo‘lining 46-kilometrida 1986 yilda tug‘ilgan haydovchi B.Sh. Labo rusumli avtomobilning yukxonasida odam tashish qoidalarini buzgan holda yo‘lovchilar mindirib harakatlanayotgan vaqtda yoqilg‘isi tugab transport vositasi sekinlashgan.

Haydovchi avtomobilni yo‘l chetiga olib chiqayotgan vaqtda ushbu yo‘nalishda, ortidan harakatlanib kelgan haydovchi, 1987 yilda tug‘ilgan G‘.T. Isuzu rusumli avtomobilda yo‘l chetiga harakatlanayotgan Labo`ning aynan odamlar minib olgan qismiga qattiq zarb bilan to‘qnashgan va ikkala yuk avtomobillari yo‘l chetiga ag‘darilgan.


YTH oqibatida, Labo avtomobilining yukxonasida bo‘lgan ikki nafar yo‘lovchilar og‘ir tan jarog‘atlari olib voqea joyida vafot etgan. Shuningdek, besh nafar yo‘lovchilar turli darajadagi jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

YTH yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi Yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-modda 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.