28 noyabr kuni G va H guruhlaridan joy olgan Kamerun — Serbiya va Koreya Respublikasi — Gana uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu ikki bahs murosasiz, gollarga boy tarzda o‘tdi. Kamerun — Serbiya o‘yinida 3:3 hisobi qayd etildi. Koreya Rsepublikasi — Gana qarama qarshiligida esa …

Kamerun — Serbiya 3:3

Kamerun — Serbiya o‘yini Al-Vakra shahridagi «Al-Janub» stadionida 39 789 tomoshabin qarshisida bo‘lib o‘tdi. O‘tgan turda Serbiya terma jamoasi Braziliyaga, Kamerun esa Shveysariyaga mag‘lub bo‘lgan edi.

Kamerun — Serbiya bahsida jamoalar tomonidan 6 ta gol kiritildi. Yo‘llangan zarbalar bo‘yicha hisob Serbiya oldinda — 10:13. Ammo aniq zarbalar bo‘yicha esa Kamerun terma jamoasi peshqadam bo‘ldi — 8:5.


1-taymning 29-daqiqasida Kastelleto Kamerun terma jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi — 1:0. Biroq hakam tomonidan 1-taymga qo‘shib berilgan daqiqalarda hammasi o‘zgardi. 46-daqiqada Pavlovich o‘yindagi hisobni tenglashtirdi — 1:1. 48-daqiqada esa Serbiya hisobda oldinga chiqib oldi. Mana sizga kambek! Golni Milinkovich-Savich kiritdi — 1:2. Shu bilan jamoalar tanaffusga chiqib ketishdi. Bir necha daqiqa oldin kamerunliklar tanaffusga g‘olib sifatida chiqib ketamiz deb o‘ylashayotgan bo‘lishsa ajab emas.

53-daqiqada Serbiya terma jamoasi yana gol kiritdi. Kamerun himoyachilari yana serbiyaliklarni ochiq qoldirishdi va Mitrovich bundan unumli foydalandi — 1:3.

Biroq Kamerun terma jamoasi taslim bo‘lmoqchi emas. 63-daqiqada Abubakar Serbiya darvozasini chiroyli tarzda ishg‘ol qildi va oradagi farqni qisqartirdi — 2:3. Oradan 3 daqiqa o‘tar-o‘tmas, Abubakar hujumda to‘pni Shupo-Motingga oshirdi, u esa hisobni tenglashtirdi. Qanday kambek! Haqiqiy gollar yomg‘iri! Hisob — 3:3. Mana sizga Kamerun. Bu jamoalar bir-biri uchun munosib raqib ekanliklarini amalda isbotlashmoqda.


O‘yinning qolgan qismida har narsa bo‘lishi mumkin edi. Goh Serbiya Kamerundan to‘pni tortib olib hujumga o‘tadi, goh Kamerun serbiyaliklar darvozasini o‘qqa tutadi. Hujumkor o‘yin. Ammo uchrashuvda boshqa gol sodir bo‘lmadi. Jamoalar bir ochkodan ishlab olishdi.

Ayni damda ushbu guruhda Braziliya va Shveysariya terma jamoalarida 3 ochkodan bor. Bugun bu jamoalar o‘zaro kuch sinashishadi. Oxirgi turda esa Kamerun Braziliya bilan, Serbiya esa Shveysariya bilan to‘qnash keladi. Hozircha pley-off masalasi ochiq qolmoqda.

Koreya Respublikasi — Gana 2:3

Koreya Respublikasi — Gana bahsi Education City stadionida bo‘lib o‘tdi va uyinni tomosha qilish uchun 43 983 nafar muxlis tashrfi buyurdi. O‘tgan turda Gana terma jamoasi Portugaliya bilan o‘yinda 3:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi, bugun esa xuddi shunday hisobda g‘alaba qozonmoqda. Koreya terma jamoasi esa 1-turda Urugvay terma jamoasi bilan nursiz durangga imzo chekkan edi.

Bahsda zarbalar yo‘llash bo‘yicha Koreya terma jamoasi peshqadam bo‘ldi — 12:7. Hatto aniq zarbalar bo‘yicha ham Koreya oldinda — 7:3. Statistikani qarang, Gana terma jamoasi 3 ta aniq zarba yo‘llagan, 3 tasi ham gol bilan yakunlandi.


1-taymda Gana terma jamoasi 0:2 hisobida g‘alaba qozonayotgan edi. 24-daqiqada Salisu o‘yindagi hisobni ochdi — 0:1. 34-daqiqada esa Muhammad Kudus to‘pni mohirona tarzda darvozaning burchagiga mixlab qo‘ydi. Hisob 0:2 ko‘rinishga keldi. 1-taym davomida Gana hisobni yanada kattalashtirishi ham mumkin edi. Buning uchun ganalik Tariq Lemptida ham bir necha qulay vaziyatlar bo‘lgan edi. Ammo ushbu taymda 0:2 hisobi saqlanib qolindi.

Koreya terma jamoasi 2-taymga ganaliklarga jang taklif qilish uchun maydonga tushdi. 58-daqiqada koreyalik Chjo Gyu Son jarima maydonchasiga havodan uzatilgan to‘pni boshi bilan darvozaga yo‘llab, golga aylantirdi. Oradagi farq qisqardi — 1:2. Oradan ko‘p o‘tmay, aniqrog‘i 3 daqiqadan so‘ng koreyaliklar yana gol kiritdi. Yana bosh bilan yo‘llangan zarba va hisob tenglashdi. 1-taymdagi o‘yindan so‘ng koreyaliklardan ko‘pchilik kambek kutmagan edi, ammo Koreya terma jamoasi o‘z so‘zini aytmoqda.


Biroq koreyaliklarning quvonchi o‘zoqqa cho‘zilmadi. 68-daqiqada Gana terma jamoasi yana gol urdi. «Ayaks» klubi futbolchisi Muhammad Kudus ushbu o‘yinda dubl qayd etmoqda. Hisob — 2:3. Gana yana oldinda. Koreya bunga rozi bo‘lmaydi, albatta. Koreyaliklar keskin hujumlar uyushtira boshlashdi, ammo barchasi befoyda, jamoa hujumlarni golga aylantira olmayapti. Hakam o‘yinga 10 daqiqa qo‘shib berdi. 101-daqiqada hakam Entoni Teylor xushtagini chaldi. Koreya terma jamoasi murabbiysi o‘z noroziligini bildirdi, chunki koreyaliyalar burchak to‘pini ishlab olgan edi. Murabbiy hakamning jamoada burchak to‘pini tepishga qo‘yib berishi kerak edi deb hisoblamoqda. Va hakam murabbiy Bentuni qiziq kartochka bilan jazolamoqda (o‘yin tugab bo‘lgan bir vaqtda).


Xullas ushbu bahsda Gana terma jamoasi qimmatli 3 ochkoni ishlab oldi. Koreyada esa 1-turdagi durangdan so‘ng 1 ochko mavjud. Guruhda, shuningdek, Portugaliya terma jamoasida 3 ochko bor. Bugun 2-tur doirasida Portugaliya va Urugvay terma jamoalar to‘qnash kelishadi. Ehtimol, bu bahs guruhdagi vaziyatni biroz oydinlashtirar. Oxirgi turda Gana terma jamoasi Urugvay bilan, koreyaliklar esa Portugaliya bilan kuch sinashadi.