26 noyabr kuni Andijon viloyatida avtobus hamda yuk mashinasi to‘qnashuviga yo‘lda o‘zboshimchalik bilan qayta ta’mirlash ishlari borilgani sabab bo‘lgani aniqlandi. Bu haqda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, Andijon viloyati hududidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatga molik A373 «M39 avtoyo‘li-Guliston-Bo‘ka-Angren-Qo‘qon va Andijon orqali-O‘sh» avtomobil yo‘lining 388−389-kilometrlari oralig‘ida 18 noyabrdan buyon Rezina Optima Standart kompaniyasi tomonidan yo‘lning bir tomonida DYHXX organlari bilan kelishilmasdan ta’mirlash ishlari olib borilayotgan bo‘lgan. Shu sababli transport vositalarining harakati qarama-qarshi tomonidan tashkil etilgan.

26 noyabr kuni soat 08:40 larda mazkur hududda Isuzu avtobusi haydovchisi (1993 yilda tug‘ilgan J. A.) bir tomonlama tashkil etilgan yo‘lda harakatlanayotib, quyuq tuman tushgani va ko‘rinish masofasi cheklangani uchun haydovchi A. A. (1985 y. t.) boshqaruvidagi Howo rusumli yuk avtomobili bilan to‘qnashgan.

Hodisa natijasida 3 nafar avtobus yo‘lovchisi vafot etgan, 38 kishi jarohat olib, jami 31 nafar fuqaro, jumladan yuk avtomobili haydovchisi ham turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Mazkur YTH yuzasidan Andijon viloyati IIB huzuridagi TB tomonidan jinoyat qodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.