«Asosiysi, yurak O‘zbekistonda bo‘lsin»
YеTTBning Ozarbayjondagi vakolatxonasi rahbari Kamola Mahmudova bilan suhbat
Toshkentlik vatandoshimiz Kamola Mahmudova — YеTTBning Ozarbayjondagi vakolatxonasi rahbari. U 25 yildirki O‘zbekistonda yashamaydi, ammo bu uning saraton kasalligiga chalingan bolalarga yordam berishi va Buxoroda daraxt ekishiga to‘sqinlik qilmaydi. «Xorijdagi o‘zbekistonliklar» loyihasi doirasida o‘zining qanday shakllangani va ona yurtiga bo‘lgan muhabbati haqida so‘zlab berdi.
Toshkentlik vatandoshimiz Kamola Mahmudova — YеTTBning Ozarbayjondagi vakolatxonasi rahbari. U 25 yildirki O‘zbekistonda yashamaydi, ammo bu uning saraton kasalligiga chalingan bolalarga yordam berishi va Buxoroda daraxt ekishiga to‘sqinlik qilmaydi. «Xorijdagi o‘zbekistonliklar» loyihasi doirasida o‘zining qanday shakllangani va ona yurtiga bo‘lgan muhabbati haqida so‘zlab berdi.
Xorijdagi o‘zbekistonliklar

«Gazeta.uz» tahririyati «Xorijdagi o‘zbekistonliklar» loyihasi doirasida xorijda tahsil olayotgan yoki xorijiy oliy o‘quv yurtlarini tamomlab, chet elda ishlayotgan hamyurtlarimiz bilan suhbatlarni eʼlon qilib boradi. Biz vatandan uzoqdagi hayot, xorijiy taʼlimni tanlash sabablari va qahramonlar duch kelgan sinovlar haqida suhbatlashamiz.

Faol, aʼlochi, bezori qiz
Hayotimda tashabbuskorlik, yetakchilik va sho‘xlik doimo bir-birini to‘ldirib keladi. Maktabda aʼlochi, sinfimning faoli, lekin ayni paytda ozod ruhli nonkonformist edim. U qo‘shiqchi C.C. Catch yoki Viktor Soy singari katta soch turmagi yasab, yorqin sumka taqib olardim. Maktabda tez-tez sho‘xlik qilib turardim. Bir safar sinfdoshlarimni shkafga yashirinishga ko‘ndirdim. O‘qituvchi sinfga kirib, hamma qochib ketdi, deb o‘yladi. Albatta, keyin bizni topishdi, lekin menga eng ko‘p tanbeh berishdi.

Sakkiz yoshimda «Pioner tongi» radiosi boshlovchisi edim. Menga iqtidorli bolalar, chempionlar va noyob shaxsiyatlardan intervyu olish yoqardi. Uzoq Sharqdagi «Semurg‘» va «Okean» lagerlarida ham ko‘rsatuvlar olib bordim. Radioertak va hikoyalar yozib olardik. Bolalar bizning ovozimizdan uyg‘onishardi. Hozir tushunib yetdimki, biz 1980-yillardayoq podkastlar qilgan ekanmiz.
Jurnalistlik faoliyatim uchun menga, 13 yoshli qizga Vladivostokka chipta berishdi. Toshkentdan yolg‘iz uchganman. U vaqtlar Internet ham, uyali telefonlar ham yo‘q edi. Sayohat butunlay xavfsiz edi. O‘smirligimda radio va KVN (QVZ) bilan deyarli butun SSSR bo‘ylab sayohat qilganman. Bolaligimdagi Toshkentni eslayman, bolalar ijodi uchun xavfsiz va qulay edi.

Ota-onam meni hech qachon cheklamagan va borligimcha qabul qilishgan. Ular g‘ayratim ichimga sig‘masligini bilishardi, «Lunacharskiy» markazidagi anʼanaviy mahallada o‘sgan bo‘lsam ham, hovli supurgan, ota-onamga ovqat pishirgan va non pishirishni yaxshi ko‘rgan bo‘lsam ham, aʼlochi o‘quvchi edim.
Keldim, ko‘rdim, ishga joylashdim
Men bank sohasidagi bilim va tajribalarimni misqollab to‘plaganman. Taʼlimni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida o‘qishdan boshlaganman.

1995-yilda universitetda BMTning 50 yilligi nishonlandi. Meni tadbirga boshlovchi qilishdi. Mehmonlardan biri Gollandiyaning ABN AMRO banki menejeri Xyugo edi, men uni Xyugo Boss deb chaqirgandim. Maʼlum bo‘lishicha, o‘sha paytda u bank vakolatxonasiga ofis qidirayotgan ekan. Xyugo meni payqab qoldi va tarjimalar qilishimni taklif qildi. Bank talabalarga ingliz tilida mashq qilish imkoniyatini bermoqchi edi. Bu mahoratimni oshirishim uchun noyob imkoniyat edi. Men Xyugoga hamrohlik qildim, tarjimalarda yordam berdim. Ishxona topdik, keyin u ketdi va 9 yanvarda qaytishini, ish haqida gaplashishimizni aytdi.

9-yanvar kuni ofisga kelib, «men keldim», dedim. Shu tariqa bank sohasidagi faoliyatim boshlandi. Ish bilan birga buxgalteriya hisobi, korporativ boshqaruv va operativ bank xizmatlari kurslarini tamomladim.
реклама
реклама
Bank sohasida ilk odimlar
ABN AMRO kompaniyasiga ofis menejeri sifatida ishga kirdim. Tarjimalar bilan shug‘ullandim, qandaydir maʼmuriy vazifalarni bajardim, hukumat bilan uchrashuvlarda qatnashdim.

Vaqt o‘tishi bilan bankning kichik ofisi to‘laqonli vakolatxonaga aylandi. Mening karyeram ham o‘sdi. Meni mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi menejeri etib tayinlashdi. Men VIP-mijozlarning hisoblari bilan shug‘ullanardim, ular orasida O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatlar ham bor edi. Qanchalik ko‘p ishga sho‘ng‘isam, bankning qandaydir o‘ziga xos jarayonlarini shunchalik tushunmasligimni anglab yetaverdim.
Kamola Mahmudovaning taʼminot zanjirlari bo‘yicha 6-sammitdagi nutqi
O‘sha paytda ABN AMRO bankida yuqori salohiyatli kadrlar uchun dastur ochildi. Uning doirasida bank nomzodlarni xorijda o‘qishga jo‘natib, xarajatlarni qoplab berdi. Men London iqtisodiy va siyosiy fanlar maktabi (LSE)ga «Korporativ moliya va buxgalterlik hisobi» yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga otlandim.

LSE maktabida qiyin bo‘ldi — ingliz tilini bilmas, matematikaga tishim o‘tmasdi. Yordam so‘rashdan tortinmasligim yordam berdi. LSE‘da ispaniyalik aʼlochilar bilan do‘stlashib, menga mavzularni tushuntirib berishlarini so‘radim. Ular bajonidil va qiziqqonlik bilan kutubxonada kechalari men bilan shug‘ullanishdi. Juda quvnoq bo‘lgandi. Matematika va moliyani ispan bazasida o‘rgandim.

O‘zbekistonga qaytganimdan so‘ng Yaponiyaning Sakura Bank bankida tahlilchi sifatida ishlashni boshladim. Hozirda u Sumitomo Mitsui Banking Corporation deb nomlanadi. Bir yildan keyin bank restrukturizatsiya qilindi va yopildi. Ammo menga yaxshigina tovon puli to‘lashdi.
Yanayam aniqrog‘i, yapon anʼanalariga muvofiq, rahbarim shaxsan 13 ta Yaponiya kompaniyasiga borib, meni ishga olishlarini iltimos qilib chiqdi.
Menga ikkitasidan taklif tushdi, biroq Toshkentga Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YеTTB)ning yaponiyalik rahbari keldi. Uning nima degani, intervyu qanday o‘tganini eslolmayman, lekin YеTTB tizimida 23 yil qolib ketdim: 21 yil davomida Londondagi ofisning 5-6 ta bo‘limida ishladim va 2021-yilda katta rahbariyat tarkibiga kirdim.
YeTTB va Ozarbayjondagi faoliyat haqida
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ish o‘rinlari yaratish va xususiy sektorni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. Bank mamlakatlar uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan davlat loyihalarini amalga oshiradi, korrupsiyaga barham beruvchi jarayonlarni tashkil etishga ko‘maklashadi va mamlakatning kadrlar salohiyatini rivojlantiradi. U yoki bu loyihani amalga oshirish orqali biz barqaror ekotizim yaratamiz. Dunyoda bunday moliya institutlardan besh-oltita bor, lekin mening shaxsiy fikrimcha, YeTTB o‘z sinfidagi eng yaxshi institut, shuning uchun ham men bu yerda uzoq vaqt qoldim.

Yuragimga yaqin bir nechta loyihalarim bor. Ulardan biri — Toshkent xalqaro aeroportini rekonstruksiya qilishdir. O‘shanda men YeTTBning Toshkentdagi vakolatxonasida ishlardim. Perronlar, uchish-qo‘nish yo‘laklari qurdik, yer ostiga yonilg‘i quvurlari yotqizdik.
Boshqa bir loyiha — energetika sohasida, 400 mln dollarlik — Qozog‘iston uchun. Bankimiz elektr uzatish tirmoqlarini qurish va kuchaytirishga yordamlashdi. Barcha energiya mamlakat shimolida ishlab chiqarilardi, janubda esa isteʼmol qilinardi.

16 yil Ukrainada ishlab, turli sohalar: energetikadan tortib, jumladan, yadro stansiyalari xavfsizligini taʼminlash, moliyaviy sektorgacha bo‘lgan yo‘nalishlarda ishlaganimdan faxrlanaman. Moliyalashtirishning ko‘plab tarmoqlarini qurdim, iqtidorli insonlar bilan mehnat qildim.

Men, ayniqsa, xalqaro savdoni moliyalashtirish sohasidagi loyiha bilan faxrlanaman. O‘z jamoam bilan 38 mamlakatda yangi hamkor banklar uchun limitlarning yarmini yaratdik va qurdik. Biz dasturni 2009 yildagi 570 mln yevrodan uni tark etgan 2021 yilda 3,3 mlrdgacha oshirdik. Falastin, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq, MDH, Bolqon mamlakatlarida ajoyib ish tajribasiga ega bo‘ldim.
реклама
реклама
Londonga lavozimga ko‘tarilishim ham juda ajoyib bo‘lgandi. Ishdan qo‘rqmayman, barchasini tez bajaraman, muammolarni osonlikcha hal qilaman. Men Toshkentdagi YeTTBda loyiha yordamchisi sifatida ish boshladim. Yangi joyga kelganimda, hujjatlarni qidirish juda ko‘p vaqt talab qilganini payqadim. Maʼlum bo‘lishicha, ofisda hujjatlarni fayllash tizimi ishlamas ekan. Bosh qarorgohga yozdim. Ular o‘zlarining tizimlari bilan o‘rtoqlashishdi, men o‘rganib, uni o‘zimizda joriy etdim. Yaponiyalik rahbarim ko‘p vaqtni tejaydigan va portfel boshqaruvini optimallashtirgan samarali yangilikdan hayratda qoldi.

Ofisda ajoyib ijodiy muhit hukm surardi. U yerda mamlakatning oltin yoshlari yig‘ildi. Biz navbatma-navbat chet elga uchardik. 2001-yilda men lavozimga ko‘tarilish uchun Londonga ko‘chib o‘tdim.
Ko‘chib o‘tgandan so‘ng, o‘zimga onalik davri uchun qulay bo‘lgan ish qidirdim. Bunga parallel ravishda loyihalar, portfel va xavf-xatarlarni boshqarish bilan shug‘ullandim.

Bo‘sh vaqtimni Kembrij universitetining Kler kollejidagi magistratura dasturiga bag‘ishladim hamda «Buxgalteriya hisobi va moliya» va «Biznesni boshqarish» yo‘nalishlarida tahsil oldim. U yerda o‘tkazgan ikki yilim Amerika arg‘imchog‘idek o‘tdi: ham qo‘rqinchli, ham qiziqarli.

Menda qallob sindromi bor edi. Yangi lavozimga yoki o‘qishga kirganimda doim asabiylashardim — Kembrijda o‘qish uchun yetarlicha aqlli emasman yoki yetarli bilimga ega emasmandek tuyulardi. Meni tasodifan olib ketishdi, deb o‘ylardim. O‘qish yoki ishga kirishar ekanman, odamlar mening fikrimni so‘rashlarini ko‘rdim. Ikki yil ichida o‘zimga ishonch, sinfdoshlarim hurmatiga sazovor bo‘ldim. Va hamma narsada ham shunday bo‘ldi.

O‘z dasturimizda birinchi o‘zbekistonlik bo‘ldim. Kler kolleji, u — ikkinchi eng qadimgi kampus bo‘lib, bu yerda qizlar atigi 50 yil oldin qabul qilina boshlagan. Bu yil kollejda ushbu sana o‘ziga xos tarzda nishonlanmoqda: ular har bir o‘quv yili uchun bittadan nufuzli bitiruvchi va namunali yetakchini tanlab olishdi. Ana shu ro‘yxatga men ham tushdim. Bu men va o‘zbekistonliklar, ayniqsa Markaziy Osiyo qizlari uchun katta sharafdir.
Nima uchun Londondagi global darajadagi mahsulotdan mamlakatda biznes yuritishga o‘tishga qaror qildim?
  • 1
    Birinchidan, menga YeTTBning dunyoda qilayotgan ishlari yoqadi.
    Biz o‘z vakolatimizga sodiqmiz. 1990-yillarda elektr energiyasi bo‘lmagan Gruziyadagi loyihalarimiz odamlar hayotini qanday yaxshilaganini ko‘rdim.
  • 2
    Ikkinchidan, YeTTBda ham yuqoriga, ham kenglik bo‘yicha o‘sish kuzatilmoqda.
    Faoliyatim davomida turli lavozimlarda ishladim: tahlil qilish, xavf-xatarni baholash, energetika va infratuzilma sohasidagi loyihalarni boshqarish, bosh ofisda maʼmuriy ishlar bilan shug‘ullanish. Bu shuni ko‘rsatadiki, YeTTB turli bo‘limlarda va loyihalarning turli bosqichlarida ishlashi mumkin.
  • 3
    Yana bir sabab — bolalar.
    Ular voyaga yetishdi. 24 va 18 yoshda. Turmush o‘rtog‘im va men hozir maktab hayoti va bolalar bilan bog‘liq kundalik odatlarga bog‘liq emasmiz, shuning uchun Londondan ko‘chib o‘tishga va boshqa mamlakatlarda yashashga qaror qildik.
  • 4
    Natijada mening kuchim — biznesni rivojlantirish, murakkab muammolarni eng oson yo‘l bilan hal qilish, jamoani boshqarish, shuningdek, yangi samarali mahsulotlar yaratishda ekanligini angladim.
    Keyin yangi qiziqarli lavozimlarga ariza berishni boshladim. 2021-yil sentabr oyida men YeTTBning Ozarbayjondagi vakolatxonasi rahbari bo‘ldim. Bu men uchun katta sharaf.
YeTTBning Ozarbayjonda ko‘plab loyihalari bor, biroq meni «yashil loyihalar»dan ayniqsa mamnunman. Bugun Ozarbayjon haqiqatan ham qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarish, yashil energiya tejamkor shaharlar qurish va transportda muhim bo‘g‘inga aylanish bo‘yicha chempion bo‘lish imkoniyatiga ega. Ganja shahrida ikkita ana shunday loyihani amalga oshirmoqdamiz. Birinchisi, chiqindilarni qayta ishlash va kasalliklarga chalinish xavfini kamaytirish, ikkinchisi, butun shaharni LED-chiroqlar bilan taʼminlash bo‘yicha.

Chiqindilarni qayta ishlash tabiatni muhofaza qilish va sog‘liqni saqlash xarajatlarini kamaytirishda katta rol o‘ynaydi. Chiqindilarni saralovchilarning maoshiga sarflangan har bir funt jamiyat uchun 12 funt sterling qiymat yaratishi ilmiy jihatdan isbotlangan. Ganjada biz ham shahar yoritilishini optimallashtirishga yordam beramiz, yaʼni shaharda yorug‘lik besh barobar ko‘p bo‘ladi va xarajatlar 76 foizga kamayadi.
Oilam va turmush o‘rtog‘imning yordamisiz rivojlanish va biron bir maqsadga erishish qiyin bo‘lardi. Turmush o‘rtog‘im men bilan juda faxrlanadi. U menga qanot beradi. Bizning uyda erkaklar va ayollar o‘rtasida mehnat taqsimoti yo‘q. Bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar bor va biz buni 25 yildan beri birga bajaramiz. Bolalar tarbiyasida qaynonam va onam yordam berishdi. Ular meni har doim hamma narsada qo‘llab-quvvatlaydilar, menga to‘liq harakat erkinligini beradilar.
Mening karyeram — millat oldidagi masʼuliyat
Qachonlardir men boshqargan pul ham, hozir egallab turgan lavozimim ham — katta masʼuliyat. Gap nafaqat miqdorlarda, balki bu soliq to‘lovchilarning puli ekanligini anglashda. YeTTB misolida gap 60 ta davlatning soliq to‘lovchilari haqida bormoqda.
O‘zbekiston oldidagi masʼuliyat ham bor. Biz eski tamaddun, lekin yangi mamlakatmiz. Ish va shaxsiy sayohat vaqtida odamlar mendan: «Qayerdansan?» deb so‘rashadi. Javobni eshitib: «O‘zbekistonlik odamni uchratmaganman!» deyishadi. Shunday damlarda odamlar butun mamlakatga mening mehnatimga qarab baho berishini tushunaman. Bu millat oldidagi masʼuliyatdir. Men har doim sifatli ish qilishga harakat qilaman. Bu brendning bir qismi demakdir.
Mualliflik xayriya loyihalari
Taʼlim, sog‘liqni saqlash, tabiatni muhofaza qilish jamiyatda yaxshi hayotning asosi, deb bilaman. Men qandaydir tarzda rivojlanishni moliyalashtirish bo‘yicha tajribamni o‘z ichiga olgan barqaror xayriya loyihalari madaniyatini tarbiyalamoqchi edim. YeTTBda hamfikrlar va do‘stlar jamoasiga ega bo‘lganimdan juda baxtiyorman.
Umuman olganda, biz uchta bemisl loyiha uchun 1,1 mln dollar jalb qildik va YeTTBning xodimlar uchun uchta grantni qo‘lga kiritdik:
  • 1
    Khan Academy Oʻzbek
    Xalqaro Khan Academy onlayn-akademiyasining o‘zbek tilidagi talqini
  • 2
    Ezgu Amal
    Toshkentda saraton kasalligiga chalingan bolalarga yordam ko‘rsatish hamda koronavirus pandemiyasi vaqtida Xorazm, Nukus va Samarqand viloyatlariga tibbiy uskunalarni yetkazib berish
  • 3
    «Yashil Buxoro»
    Shaharda qariyb yetti ming tup katta yoshli daraxt, buta va o‘simliklarni ommaviy ravishda ekish
O‘zbekiston uchun Xan akademiyasi
«Khan Academy» platformasidan o‘quv videodarslarini o‘zbek tiliga tarjima qilish loyihasi birinchilardan bo‘ldi.

Dastlab Botir Arifjonov va uning rafiqasi Nigora uni O‘zbekistonda joriy etishni o‘z zimmalariga olishdi. Ularning o‘z mablag‘laridan yetti ming dollar sarmoya kiritishganini bildim. Ularning ishidan ilhomlanib, loyihaga qo‘shilishga qaror qildim. Men internet orqali ixtiyoriy mablag‘ yig‘ish aksiyasini tashkil qildim, Londondagi jamoam yordamida barcha kerakli hujjatlarni to‘ldirdim va grantga hujjat topshirdim. Birinchi davrada biz 102 ming yevro yig‘ishga muvaffaq bo‘ldik.

Vaqt o‘tishi bilan men loyihani tark etdim, chunki u oyoqqa turdi. Tayyorlagan qog‘ozlarimiz keyingi bosqichda qo‘l keldi. Loyihaning o‘zi 450 ming dollar yig‘di. Akademiya asoschisi Salmon Xonning aytishicha, bu u ko‘rgan eng tez va sifatli mahalliylashtirish bo‘ldi. Bugungi kunda O‘zbekiston bo‘ylab 750 ming bola ushbu platformada taʼlim olmoqda.
Ezgu Amal
Xan Akademiyasidan so‘ng Londonda turib O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi vaqtida odamlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha loyihaga kirishdim.

Zoom platformasida o‘zbek milliy raqslarini o‘rgatuvchi Dance4Uzbekistan onlayn darslarini o‘ylab topdim. Taniqlik milliy raqqos va raqqosalar mentorlik qilishdi. Ular mutlaqo bepul ishlashdi.

Onlayn darslarga kirish narxi besh funt edi, biroq odamlar ko‘proq: 200, 300, 500 yoki 1000 funtlab o‘tkazishdi. Har bir dars taxminan 6-10 ming kishini to‘pladi.

Ko‘plab ishtirokchilar sabrsizlik bilan yakshanbalik mashg‘ulotlarni kutishlarini aytishdi, chunki pandemiya ularning ruhiy salomatligiga putur yetkazayotgan edi.

Dance4Uzbekistan aksiyasi juda muvaffaqiyatli chiqdi va men xuddi shu tamoyil asosida boshqa loyihalarni ham ishga tushirdim: dastlab Bahriddin Chustiy bilan Cook4Uzbekistan, so‘ngra Marinika Babanazarova bilan Saviskiy muzeyi haqidagi maʼruzalar to‘plamini.

Ushbu loyihalar uchun men YeTTBdan 50 ming yevro miqdorida grant oldim.
Biz marrani 100 ming dollar qilib qo‘ydik va 250 ming yig‘dik. Bu plankani yengib o‘tganimizdan keyin ham xayriyalar kelishda davom etdi. Bir kuni toshkentlik bir kishi mening yordamchimga qo‘ng‘iroq qilib, 20 ming dollar o‘tkazishni taklif qildi. Uning kimligini hali ham bilmayman. Qo‘ng‘iroq qildik, ertalab pulni o‘tkazishga vaʼda berdi. Vaqt farqi tufayli men erta turdim — ertalab soat beshda. Men undan: «Kamola opa, 20 ming dollar haqida fikrimni o‘zgartirdim. Yana bir miqdor bo‘ladi», degan xabar kelganini ko‘rdim. Juda xafa bo‘ldim. Oradan biroz vaqt o‘tgach, loyihadagi hamkasbim qo‘ng‘iroq qilib: «Kamola opa, pul o‘tkazildi. Lekin bu yerda 20 ming emas, 100 ming dollar bor», — dedi.
реклама
реклама
Barcha ehsonlarni saraton kasalligiga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Ezgu Amal jamg‘armasiga topshirdik. Kelishda davom etayotgan pul evaziga Samarqand viloyat Bolalar tibbiyot markazi va Nukus Shoshilinch tibbiy yordam punkti uchun sig‘imi 10 kub metr bo‘lgan ikkita kislorod stansiyasi sotib olishdi. Uzbekistan Airways bepul transport bilan taʼminladi, hukumat esa barcha soliqlardan ozod qildi.
«Yashil Buxoro»
Men uchun juda qadrdon bo‘lgan yana bir loyiha — Buxoroda daraxt ekish. Kembrij universitetining o‘zbekistonlik biologiya professori Temur Yunusov bilan birgalikda ko‘proq kislorod chiqaradigan va tuproqni barqaror qiladigan daraxtlar ekish rejasini tuzdik. Dastlab loyiha Toshkentda amalga oshirilishi kerak edi, biroq keyin O‘zbekiston landshaft dizayni uyushmasi rahbari Tatyana Yugay timsolida hamkorimiz uni Buxoroga o‘tkazishni taklif qildi.

Biz 100 ming yevro yig‘ishimiz kerak edi. Bundan tashqari, grantga ham hujjat topshirdim va do‘stlarimdan biri pul yubordi - qariyb 30 ming dollar. Birinchi bo‘lib kelib tushgan 2700 dollarni ko‘rib quvonib ketdik. Lekin xursandchilikdan bitta nolni ko‘rmay qolgan ekanmiz — aslida hisobda 27 ming dollardan ortiq pul bor ekan.
YeTTBning 50 ming yevrolik grantini yutib olish uchun biz 50 ming yevro yig‘ishimiz kerak edi. Muddat yaqinlashib qoldi, pulni qayerdan olishni bilmay qoldim. Tushlik paytida dugonam Umida Umarbekovaga loyiha haqida gapirib berdim. U 10 ming pul o‘tkazishga vaʼda berdi. Taxminan 10 ming dollar deb o‘yladim, lekin Umida 10 ming funt yubordi! Men undan va loyihani qo‘llab-quvvatlagan barcha o‘zbekistonliklardan juda minnatdorman.
Loyihalar haqidagi faktlar
Moliyalashtirishning 90% dan ko‘prog‘i o‘zbeklar tomonidan bo‘ldi
Barcha loyihalar xususiy tartibda, biroq hukumat ko‘magida O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi orqali amalga oshirildi
Barcha loyihalar mustaqil yashash va moliyalashtirishni jalb qilishda davom etmoqda
Har bir loyiha rejalashtirilganidan ko‘proq pul yig‘di
Har bir loyihani ishlab chiqish eng yaxshi xalqaro va mahalliy o‘zbek ixtisoslashgan xodimlari tomonidan amalga oshirildi
Har bir loyiha qiziqarli sarguzashtlar bilan kechdi
«Do‘stlik» ordeni haqida
2020-yilda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev meni «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi. Juda hayajonli lahzalar edi. O‘zbekistonda 25 yildan ortiq yashamaganimni inobatga olsak, bunday yuksak milliy mukofotni olish men uchun katta sharaf. Orden — jamoaviy ishimizning eʼtirofi va yana-da ko‘proq xayriya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatidir.

Kelajak O‘zbekiston bilan bog‘liq
Men kelajagimni va bugunimni O‘zbekiston bilan aniq bog‘layman. O‘z vatanimni ota-onam kabi sevaman: uni tanlamaysiz va muhokama qilmaysiz, unga yordam berasiz va g‘amxo‘rlik qilasiz.

Endigina 46 yoshga kirdim va xalqaro platformada hali juda ko‘p narsani o‘rganmaganman degan his bor. Lekin har doim vatanimga har qanday darajada yordam berishdan xursand bo‘laman.

Londonda yashab, O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishimga jismoniy chegaralar to‘sqinlik qilmaydi. Buxoroda daraxt ekish, Nukusda kislorod stansiyalarini qurish, O‘zbekistonning har bir hududida bolalarga matematikani o‘rgatish mumkin.

Geografik jihatdan qayerda ekanligingiz muhim emas. Asosiysi, yuragingiz O‘zbekistonda bo‘lsin.
Materialni Jahongir Azimov tayyorladi. O‘zbek tiliga Sanjar Said tarjima qildi.
Illyustratsiya: Eldos Fozilbekov / «Gazeta.uz».
Fotosuratlar Kamola Mahmudovaning shaxsiy arxividan olindi.
Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar «Gazeta.uz» nashriga tegishli. «Gazeta.uz» internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting