Toshkentda O‘zbekiston Sudyalar assotsiatsiyasining VI s’ezdi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati.

Sudyalar orasidan saylangan 200 nafardan ziyod delegatdan tashqari Oliy sud, Konstitutsiyaviy sud raislari, tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtirok etgan yig‘ilishda Sudyalar assotsiatsiyasining 2017−2022 yillardagi faoliyatiga oid hisoboti tinglandi.

Delegatlar Sudyalar assotsiatsiyasi raisini saylash masalasini ham ko‘rib chiqdi. Ushbu lavozimda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Ubaydulla Mingboyev assotsiatsiya raisligiga qayta saylandi.

Foto: Sudyalar oliy kengashi

Ma’lumot o‘rnida, 1997 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston sudyalari assotsiatsiyasi sudyalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, sud hokimiyatining nufuzini oshirishga xizmat qiladi.

Ubaydulla Mingboyev Sudyalar oliy kengashi raisi, Sudyalar assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston sud tizimi faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash jamoat markazi raisi bo‘lib ham ishlagan.