27 noyabr kuni E va F guruhidan joy olgan Yaponiya — Kosta-Rika hamda Belgiya — Marokash bahslari bo‘lib o‘tdi. Ikkita uchrashuvda ham ko‘pchilik uchun kutilmagan natijalar qayd etildi. Birinchi o‘yinda Yaponiya Kosta-Rikaga mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi bahsda Marokash oldingi turnirlardagi o‘yini ko‘rsata olmayotgan Belgiyani mag‘lub etdi.

Yaponiya — Kosta-Rika 0:1

Yaponiya — Kosta-Rika uchrashuvi Al-Rayyan shahridagi «Ahmad bin Ali» stadionida, 41 479 nafar tomoshabin qarshisida bo‘lib o‘tdi. O‘tgan to‘rda Yaponiya terma jamoasi Germaniyani mag‘lub etgan bo‘lsa, Kosta-Rika esa Ispaniyaga 7:0 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi. Shu sababga ko‘ra, ko‘pchilik ushbu bahsda Yaponiyaning oson g‘alabasini kutgan edi. Ammo kosta-rikaliklar bunga qo‘shilishmadi.

To‘pga egalik qilish bo‘yicha ko‘rsatkichlar — 56/44 bo‘ldi, bu borada Yaponiya oldinda. Yaponiyaliklar zarbalar bo‘yicha ham peshqadam bo‘lishdi — 6:3. Shulardan aniq zarbalar bo‘yicha hisob — 3:1. Kosta-Rikaning bitta aniq zarbasi o‘yin taqdirini hal qildi.


Uchrashuvda kiritilgan yagona golni 81-daqiqada Keysher Fuller tomonidan kiritildi. Goldan keyin Kosta-Rika butun jamoa bo‘lib himoyaga qaytdi. Qo‘yilgan «avtobus»ning natijasi o‘laroq, Kosta-Rika terma jamoasi qimmatli 3 ochkoni qo‘lga kiritishdi. 1-turda eng kuchsiz terma jamoa deb topilgan Kosta-Rika ayni damda pley-offga chiqish uchun o‘ziga imkoniyat yaratib oldi.

Kosta-Rika terma jamoasi so‘nggi turni Germaniyaga qarshi o‘tkazadi. Yaponiya esa Ispaniya terma jamoasi bilan kuch sinashadi. Bugun E guruhi doirasida Ispaniya va Germaniya terma jamoalari uchrashishadi. Ushbu bahs ham guruhdagi holatni biroz oydinlashtirishi mumkin. Ayni damda Germaniyada ochko yo‘q, Ispaniya, Yaponiya va Kosta-Rika esa uchtadan ochko ishlab olishgan.

Belgiya — Marokash 0:2

Belgiya — Marokash o‘rtasidagi bahs Dohadagi «Al-Tumama» stadionida bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuvni tomosha qilish uchun stadionga 43 738 nafar muxlis tashrif buyurdi.

Belgiya terma jamoasi o‘tgan turda Kanadani katta qiyinchiliklar bilan, qisman «omad» evaziga yutgan edi. Chunki o‘yinda tashabbusni asosan Kanada terma jamoasi o‘z qo‘liga olgan edi. Marokash esa musobaqa vitse-chempionlari Xorvatiya terma jamoasi bilan nursiz durang qayd etgan edi. O‘tgan turdagi o‘yindan keyin Belgiya haqida bir narsa deyish qiyin edi, ammo bizning xotiramizda o‘tgan musobaqalardagi «haybatli» Belgiya qolgan ekan, biz uni favorit sifatida ko‘raveramiz. Ammo Marokash terma jamoasi ushbu tasavvurlarimizni yo‘qqa chiqardi.

Xuddi Yaponiya — Kosta-Rika uchrashuvidagi kabi bu bahsda ham 1-taym golsiz o‘tdi. Aytgancha, 1-taymning oxirgi daqiqalarida Marokash gol kiritgan edi. Biroq to‘p kiritilgan vaziyatda o‘yindan tashqari holat qayd etildi va gol bekor qilindi.

Belgiya bu vaziyatdan xulosa chiqarmagan ko‘rinadi. 2-taymning 74-daqiqasida Sabiri Marokash terma jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Bu safar gol bekor qilinmadi — 0:1.


Hakam 2-taymga 5 daqiqa vaqt qo‘shib berdi. Qo‘shib berilgan daqiqalarda «PSV» klubi a’zosi Zakariya Abuxlal hisobni 0:2 ko‘rinishiga keltirdi va shundoq ham og‘ir ahvolda bo‘lgan Belgiya terma jamoasini yakson qildi.

Ayni damda F guruhida vaziyat quyidagicha: Marokashda 4 ochko, Belgiyada 3, Xorvatiyada 1 ochkodan mavjud, Kanada xali ochkosiz. Xorvatiya va Kanada terma jamoalari xali o‘zlarining 2-tur uchrashuvini o‘tkazishmadi. Ushbu uchrashuvdani so‘ng guruhdagi vaziyatga biroz oydinlik kiritiladi.

3-turda Marokash terma jamoasi Kanada bilan, belgiyaliklar esa Xorvatiya bilan bahslashishadi.