Siyosatgunos Kamoliddin Rabbimov o‘zining Telegram-kanalida «konstruktiv zo‘riqish vektorlari» tushunchasiga izoh berar ekan, O‘zbekistonda davlat institutlari: parlament, partiyalar, NNTlari, kasaba uyushmalari, vatandoshlik jamiyatining har qanday ko‘rinishida to‘laqonli zo‘riqish vektorlari ishlab chiqarishi borasida haliga qadar inersiyaga xos ehtiyotkorlik saqlanib turganini ta’kidladi.

Biroq, uning qayd etishicha, mamlakatda keyingi yillari jamiyatning muammolari borligi to‘liq tan olindi va jamiyat darajasida zo‘riqish vektorlarini shakllantiruvchi institutlar bo‘lishiga imkoniyat berildi. Bu institutlar, eng avvalo mustaqil OAVlari, ijtimoiy tarmoqlardir.

Siyosatshunos, shuningdek, konstruktiv zo‘riqish vektoriga ta’rif berib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tushuncha har qanday tizimning yashovchanligi belgilovchi, uning qadriyatlari ishlashini ta’minlovchi, rivojlanish yo‘nalishini aniqlovchi, shaxs madaniyati va dunyoqarashini shakllantiruvchi muhim institutlar va jarayon hisoblanadi.

«Har qanday sivilizatsiyada, jamiyat va davlatda konstruktiv zo‘riqish vektorlari normal ishlasagina, bu subyektlarning yashovchanligi ta’minlanadi,muammolar aniqlashtiriladi va tizimli yechilishi hisobiga „kasallikning ichkariga o‘tib ketishiga“ yo‘l qo‘yilmaydi, tizimning to‘liq inqirozi va yiqilishining oldi olinadi», — deb yozdi u.

Agar davlatning konstruktiv zo‘riqish vektorlari yaxshi ishlamasa, dezintegratsiya, parchalanish ustuvor bo‘ladi, jamiyat integratsiyalashuv o‘rniga parokandalik va fojeali bo‘linish yuz beradi.

Islom sivilizatsiyasida ushbu dunyoqarash tizimining barqarorligini ta’minlash uchun juda kuchli zo‘riqish vektorlari nazarda tutilgan. Har haftada juma namozi asnosida xutba orqali xotiralarni islomiy qadriyatlar bilan to‘yintirish, amri-ma’ruf va boshqa institutlashtirilgan vositalar juda kuchli ishlaydi.

Demokratiyada esa, parlament, partiyalar, erkin OAV, nodavlat tashkilotlari, vatandoshlik jamiyatining har qanday nozo‘ravon faolligi va h.k. Zo‘riqish vektorlarining funksiyasi — odamlardagi/jamiyatdagi yashirincha va oshkora diskomfort holatlarni aniqlash, ularni davlat hamda jamiyat diqqat markaziga olib chiqish, mas’ul institutlar va mutasaddilarni ushbu muammolarga yechim topishga majbur qilish hisoblanadi.

Siyosatshunos nima uchun demokratiyalar nisbatan tinch, tashqi ko‘rinishda beqaror bo‘lsa-da, aslida boshqa tizimlarga qaraganda ancha barqaror, degan savolni o‘rtaga tashladi. «Chunki bu tizim ichki muammolarni ochiq maydonga olib chiqadi va rasmiylashtiradi, ijtimoiy muammolarga yechim topishni eng asosiy siyosiy jarayonga aylantiradi. Jamiyatdagi muammolar — siyosiy plyuralizmning, raqobatning markazida turadi va kimki eng yaxshi yechim taklif qilsa — eng katta bonus — hokimiyatni olishi nazarda tutiladi».

Zo‘riqish vektorlarini ishlashi qo‘rquv, asosan, beqarorlikdan qo‘rqishga borib taqaladi. Lekin zo‘riqish vektorlari davlat institutlari doirasida bo‘lmasligi davlatga bo‘lgan fundamental ishonchsizlikka sabab bo‘ladi, jamiyatda davlatni aylanib o‘tishga yo‘naltiruvchi siyosiy madaniyat kuchayib boradi. Natijada, bu ortga tashlangan katta beqarorlikka olib keladi. Shuning uchun zo‘riqish vektorlari -kichik xajmda va muttasil oqib turuvchi ijtimoiy muammolar oqimini nazarda tutadi va bu oqim davlatni zaiflashtirmaydi, aksincha, kuchaytiradi.

«O‘zbekiston ikkinchi ma’muriyati, zo‘rqish vektorlarini davlat institutlari ichiga joylash borasida, hadiksirayotgani aniq. Bu borada hech kimda tajriba yo‘q. Lekin davlat institutlarida doirasida jamiyat manfaatlari va muammolarini baralla aytuvchi ovozlar va jarayonlar nazarda tutilmas ekan, bu davlatning ichki va tashqi legitimligiga ham, O‘zbekistonning geosiyosiy mavqeiga ham, strategik barqarorlikka ham chaqiriq sifatida saqlanib qolaveradi. Asosiysi, taraqqiyotimiz cheklangan bo‘ladi», — deya o‘z so‘zini yakunladi Kamoliddin Rabbimov.