25 noyabr kuni 2-tur doirasida A guruhidan joy olgan Niderlandiya va Ekvador terma jamoalari o‘zaro to‘qnash kelishdi. O‘yinda ikkala tomon ham bittadan gol kiritib, durangga imzo chekishdi. Shuningdek, bugun B guruhidagi Angliya — AQSh uchrashuvida nursiz durang qayd etildi.

Niderlandiya — Ekvador 1:1

Niderlandiya — Ekvador bahsi «Xalifa» stadionida bo‘lib o‘tdi va 44 833 nafar tomoshabinni stadionga yig‘a oldi.

Uchrashuvning 6-daqiqasidayoq Niderlandiya terma jamoasi hisobni ochib, ushbu bahsda Ekvadorga yana gollar uradigandek taassurot uyg‘otdi. O‘tgan galgi o‘yinda gol kiritgan Kodi Gakpo bu safar ham gol urish ishtiyoqi bilan tushgan chog‘i, o‘yinning boshidanoq Niderlandiyani oldinga olib chiqdi. 1-taymda niderlandlar ishtirokida ko‘plab hujumlar ko‘rdik. Taym oxirigi kelib ekvadorliklar jonlanib qolishdi. Hatto 45-daqiqada gol ham kiritishgan edi. Biroq hujumdagi futbolchilardan birida o‘yindan tashqari holat qayd etildi va gol bekor qilindi.


Ertami-kechmi, Ekvador terma jamoasi 2-taymda baribir o‘z maqsadiga erishdi. Ekvador hisobni tenglashtirdi! Yana o‘sha Valensiya. U JCH-2022`dagi uchinchi golini kiritmoqda.

2-taymda ekvadorliklar yorqin o‘yin ko‘rsatishdi. Ehtimol, vaziyatlardan to‘g‘ri foydalana olishganida ushbu bahsni yutgan ham bo‘lishardi. Ammo qolgan daqiqalarda biz ikkala jamoadan ham gol ko‘rmadik. O‘yin 1:1 hisobi bilan yakunlandi. Hozirda Niderlandiyada ham, Ekvadorda ham 4 ochkodan mavjud.


3-turda 29 noyabr kuni Niderlandiya terma jamoasi Qatar bilan bahs olib boradi, Ekvador esa Senegal bilan kuch sinashadi.

Angliya — AQSh 0:0

Angliya — AQSh bahsi Al-Xaur shahridagi «Al-Bayt» stadionida, 68 463 nafar muxlis qarshisida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv boshidanoq teng kurashlar ostida o‘tdi, biroq muxlislar inglizlardan ko‘p narsa ko‘tishgan edi. Ayniqsa o‘tgan turdagi Eron bo‘lib o‘tgan sermahsul o‘yindan so‘ng muxlislar yana gollar ko‘rish umidida edi. Biroq uchrashuvda 0:0 hisobi qayd etildi.


1-taymda ikkala jamoada ham gol urish uchun ajoyib imkoniyatlar yuzaga kelgan edi. Hatto Pulishich yo‘llagan bitta zarba darvoza to‘sinining yuqorgi qismiga borib tegdi ham. Inglizlarning aksariyat hujumlari esa AQSh darvozaboni Tyorner sharofati bilan golga aylanmay qoldi. Jamoalar 2-taymda ham bir-birlarining darvozalariga yo‘l topa olishmadi. Zarbalar bo‘yicha hisob 7:6, Angliya oldinda. Biroq ushbu 13 ta zarbadan faqat 4 tasi darvozaga aniq yetib borgan. O‘yin oxiriga yaqin kelganda jamoalar xuddi durangga rozidek harakat qila boshlashdi. Hakam 4 daqiqa vaqt qo‘shib berdi. Ammo bu ham yordam bermadi. Hisob — 0:0. Jamoalar bir ochkodan ishlab olishdi. Shunda hozir Angliyada 4 ochko, AQShda esa 2 ochko bor. Biroq ushbu guruhdagi yana ikkita jamoa — Uels va Eron qarama-qarshiligida Eronning qo‘li baland keldi va ular 2-o‘ringa chiqib olishdi.


Demak, navbatdagi turda Eron va AQSh terma jamoalari uchrashishadi va pley-offga chiqish uchun kim ko‘proq loyiq ekanligi borasida bahslashishadi. Angliya esa 3-turda Uels bilan kuch sinashadi. Uels terma jamoasida hozircha 1 ochko mavjud. Hozir ularda ham imkon bor, faqat ular Angliyani yenga oladimi? Bundan tashqari, ochkolar teng bo‘lib qolganda ham hammasini to‘plar nisbati va boshqa shunga o‘xshash hisob-kitoblar hal qiladi.