Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Juda kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. «Gazeta.uz» kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida yangi loyihani boshladi. «Nima o‘qiymiz?» savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimonga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

«Nima o‘qiymiz?» loyihasining ilk mehmoni — yozuvchi va tarjimon, Xorxe Luis Borxes, Xulio Kortasar, Jubron Xalil Jubron va Andrey Platonov asarlari tarjimoni, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Niderlandiyada yashab ijod qilayotgan Sharifjon Ahmad.

— «Gazeta.uz» o‘quvchilariga o‘zingiz yaqin orada o‘qigan qaysi kitoblarni tavsiya qilasiz?

— 2019 yili «Akademnashr»da rus yozuvchisi Andrey Platonov qalamiga mansub «Jon» asari kamina tarjimasida chop etildi. Do‘stlarimizning aytishicha, bu kitob adabiy voqea sifatida qarshi olinib, ko‘plab munozaralarga ham sabab bo‘libdi. Munozaralar bo‘lgani yaxshi, albatta.

«Jon». A.Platonov. Toshkent, «Akademnashr» nashriyoti, 2019. Foto: Telegram / Akademnashr

Platonov asarlarining yetuk bilimdoni va mutarjimi, ingliz shoiri Robert Chandler yozganidek, «ko‘p qatlamli bu asarni turlicha tarzda o‘qib anglash mumkin. Asar bugungi davr uchun ham dolzarb bo‘lgan savollarni o‘rtaga tashlaydi: umumiy taraqqiyotdan chetga uloqtirilgan «begonalar»ni zamonaviy dunyo bilan qay tariqa qovushtirish mumkin? Asar, shuningdek, alohida bir jonni, qalb va ruhni xalos etish naqlidagi matal o‘laroq mutolaa etilishi ham mumkin. Platonovning o‘zi «jon»ni saodat ishqida sarosar qalb tarzida tushuntiradi va adashgan bu xalq bisotida jonidan bo‘lak hech vaqosi yo‘qligidan aynan shu nom bilan siylanganini aytadi».

Yaqinda esa «Handaq» («Tamalchoh») qissasi tarjimasini ham yakunlab, nashriyotga topshirdim. O‘ylab qarasam, birgina shu qissa bilan naq ikki yil ovora bo‘libman.

«Handaq» qissasining ilk, ikki tilda (rus, ingliz) chop etilgan nusxasi. AQSh, «Ardis» nashriyoti, 1973. Foto: Polka

To‘g‘ri, ikki yil davomida nuqul qissa tarjimasi bilan band bo‘ldim degani emas bu. Orada bu asar mushkulliklaridan zada bo‘lib, ko‘p martalab chetga surib ham qo‘ydim, qo‘y, dedim o‘zimga o‘zim, shuncha mashaqqat chekib, igna bilan quduq qazisangu oxirida zahmatlaringga yarasha rahmat eshitasanmi-yo‘qmi? Yo‘q, harqalay, yerkovlar kabi ichlarimdan qo‘shimcha kuch kovlab, tarjimani oxiriga yetkazdim baribir. Oxiriga yetkazdimu qaytib Platonovga boshqa yaqinlashmayman, dedim.

Qayda, shu kunlarda «Chevengur»ni nechanchi marta yana qayta o‘qishga tushib ketdim. O‘zimga bergan avvalgi va’dalarimni munofiqlarcha nari surib qo‘yib, qo‘limda qalam bilan har bir jumlani tekshirib, tarjima daftarimga qaytadan ko‘chirib, bir nechadan muqobil variantlarini hijjalab ko‘ryapman. Shu bilan «Chevengur» uchun sarf bo‘ladigan kuchimni chamalab ko‘ryapman, shekilli.

«Chevengur». Ann-Arbor. Ardis Publishers nashriyoti, 1978. Foto: Polka

«Chevengur» bir asar ichiga joylangan ikki romanga o‘xshaydi. Birinchi qismi bosh qahramon Aleksandr Dvanovning voyaga yetishi, inqilobga qadargi qashshoqlik qo‘ynida ham insoniy va ham siyosiy kamol topishiga bag‘ishlangan. Jamiyat ichida bo‘y ko‘rsata boshlagan zo‘riqishlar oqibatida inqilob sodir bo‘ladi, sodir etilgan bu inqilob esa sinfiy zo‘ravonliklar va fuqarolar urushini keltirib chiqaradi. Urush so‘ngida sho‘rolar hukmronligi o‘rnatiladi. Romanning keyingi qismida «omma ichidan chiqqan» bir guruh alomat inqilobchilar Chevengur nomli alohida olingan bir shaharda, o‘zlari bilganicha, kommunizm qurishga kirishib ketishadi. Ular xayol qilgan baxtu saodatdan esa hech darak yo‘q. Amalga oshmagan orzular navbatdagi zo‘ravonliklarga sabab bo‘lib, Chevengurda joriy etilgan yangi turmush parokandalikka uchraydi va kim ekani noma’lum qolgan g‘animlarning otlari tuyog‘i ostida g‘orat qilingan xayoliy utopiya, pirovardida, qaqshatqich barham topadi.

Taniqli rus shoiri Iosif Brodskiy «Platonov asarlarini boshqa tillarga o‘girish mutlaqo imkonsiz va uning asarlarini o‘girish mumkin bo‘lmagan tillar, qaysidir ma’noda, o‘ta baxtlidir, — deb o‘z vaqtida ogohlantirgandi. — Shunday bo‘lsa-da, zamon va makon, umr va qazoning o‘zini ham badnomu fosh qilguvchi Platonov tilini qayta tiklashga qaratilgan har qaysi urinishlarni qutlamoq kerak». Bejabroq aytilsa, ruhiy quvvatim yetishiga ko‘zim yetsa, nasib, buning ham tarjimasiga, Brodskiy ta’biricha, buni ham qayta tiklashga jiddiy kirishsam kerak. Shunda shartli trilogiya — «Jon», «Handaq» va «Chevengur»ning o‘zbekcha muqobili amalga oshgan bo‘ladi.

Andrey Platonovning ushbu asarlarini kitobxonlarga tavsiya qila olamanmi? To‘g‘risi, bilmadim, chunki Platonov asarlarining o‘zi kabi qiyin savol bu. Uning asarlari mutolaasi zahmatli bo‘lishi bilan birga, o‘rtamiyona o‘quvchi kutishga ko‘nikkan zavq va maroqni bermaydi, aksincha, shuuringizni qiynab, yuragingizni horitadi. Yana Brodskiy «Handaq» misolida aytganidek, «Handaq» — o‘ta og‘ir va mudhish asar, uni endigina o‘qib tugatgan o‘quvchini chuqur tushkunlik chulg‘ab olishi tayin. Mabodo mutolaago‘yning xuddi shu onlardagi ruhiy holatini fizikaviy quvvatga aylantirish imkoni bo‘lsami, tevaragimizda amalda bo‘lgan mavjud olam tartibini darhol bekor qilib, g‘am-anduh va kulfatu qayg‘ulardan holi yangi zamon va yangi olamni joriy etish lozim bo‘lar edi".

— Yoshlar (18−30 orasidagi yigit-qizlar)ga o‘qilishi zarur 10 ta kitobni aytsangiz.

— Aslida tavsiya etish mumkin bo‘lgan asarlarning cheki yo‘q. Lekin, hamonki shu o‘ntalik doirasida cheklanish kerak bo‘lsa, o‘zim o‘qib bahra olgan quyidagilarni sanab o‘tishim mumkin:

  1. Ovidiy — «Metamorfozalar» (Metamorphosis)
  2. Migel de Servantes — «La-Manchlik uddaburro Idalgo Don Kixot» (The Ingenious Gentleman Don Quixote of La Mancha)
  3. Daniyel Defo — «Robinzon Kruzo» (Robinson Crusoe)
  4. Jonatan Svift — «Gulliverning sayohatlari» (Gulliver's Travels)
  5. Lyuis Kerroll — «Alisa mo‘’jizalar mamlakatida» (Alice's Advantures in Wonderland)
  6. Fransua Rable — «Gargantyua va Pantagryuel» (The Life of Gargantua and of Pantagruel yoki La vie de Gargantua et de Pantagruel)
  7. Robert Lyuis Stivenson — «Doktor Jekil va mister Hayd» (Strange Case of Dr Jekyll and Mr Hyde)
  8. Jon Milton — «Boy berilgan jannat» (Paradise Lost)
  9. Apollodor — «Asotirlar kulliyoti» (The Library of Greek Mythology)
  10. Sao Suetsin — «Qirmizi kulba ro‘yolari» (Dream of the Red Chamber / 紅樓夢)