Isroilning Quddus shahrida o‘tgan shaxmatning FIDE yo‘nalishi bo‘yicha jamoalar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev o‘z Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Foto: O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi.

Musobaqada O‘zbekiston nomidan 20 yoshli Nodirbek Yoqubboyev (rapid bo‘yicha dunyo reytingi — 2563), 16 yoshli Javohir Sindarov (2554), 27 yoshli Jahongir Vohidov (2507), 20 yoshli Shamsiddin Vohidov (2471), 20 yoshli Abdimalik Abdisalimov (2357) va 22 yoshli Ortiq Nig‘matov (2333) qatnashdi. Jamoa yetakchisi Nodirbek Abdusattorov jahon chempionatida ishtirok etmadi.

Final bahsida o‘zbekistonliklar Xitoylik shaxmatchilar bilan kuch sinashdi. Ikkita qismdan iborat bo‘lgan final bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari raqiblariga 2,5−1,5 va 2,5−1,5 hisoblarida imkoniyatni boy berdi va ikkinchi o‘rinni egalladi. Uchinchi o‘rin Hindistonni mag‘lub etgan Ispaniya terma jamoasiga nasib etdi.


Foto: chess24.com

O‘zbekiston jamoasi finalgacha Ozarbayjon, AQSh, Ukraina, Hindiston terma jamoasini yengdi, polshaliklar bilan durang o‘ynadi.

Ma’lumot uchun, mazkur chempionatda jami 12 ta jamoa: Xitoy, Fransiya, Niderlandiya, Janubiy Afrika Respublikasi, Ispaniya, Ukraina, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Hindiston, Isroil, AQSh va Polsha ikki guruhda ishtirok etdi. Chempionat davra tizimida jamoalar uchun 5 ta davrada o‘tkaziladi.