Toshkentda «TTZ — Mashinasozlar» ekspress-yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanuvchi Mercedes-Benz Conecto Low Floor rusumli avtobusda yong‘in chiqdi. Hodisa 26 noyabr, shanba kuni soat taxminan 15:15 atrofida Mirzo Ulug‘bek va Parkent yo‘li ko‘chalari kesishgan chorraha yaqinida yuz bergan, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Voqea joyiga zudlik bilan bitta o‘t o‘chirish ekipaji yetib kelib, alangani o‘chirgan. Hodisa oqibatida avtobusning motor bo‘lmasi va unga yondosh qismidagi anjomlar yonib, zararlangan.



Foto: Gazeta.uz

Tan jarohati olib, jabrlanganlar yo‘q. Hodisa yuz bergan vaqtda avtobus salonida yo‘lovchilar bo‘lmagan.

«Toshshahartransxizmat» kompaniyasi vakillari yaqin vaqt ichida hodisa sabablari va tafsilotlari haqida qo‘shimcha axborot berilishini bildirdi.

Ma’lumot uchun, ko‘k rangli ekspress avtobuslar qatnovchi «TTZ — Mashinasozlar» yo‘nalishi 23 noyabr kuni ochilgan edi.