Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari o‘zbek ayollarining martabaga erishish imkoniyatlarini tahlil qildi.

Bugungi kunda xotin-qizlar bandligini ta’minlash, barcha sohalarda gender tengligiga erishish, mehnat bozorida kamsitishlarga barham berish va ish haqi tengligini ta’minlash butun dunyoda dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Pandemiya ayollar bandligiga juda salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) ma’lumotlariga ko‘ra, 2019−2020 yillarda ayollar bandligi 4,2%ga kamaygan va jami 54 mln ish o‘rni boy berilgan. Bu 2020 yilda ishlaydigan ayollar soni 2019 yildagiga nisbatan 13 million nafarga kamayganligini anglatadi.

XMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022 yilda mehnatga layoqatli aholining mehnat bozorida ishtirok etish darajasi 60% ni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich erkaklar o‘rtasida 71,9% ni, ayollar orasida esa 46,6% ni tashkil qilgan. Umuman olganda, ayollarning iqtisodiy faolligi erkaklarning iqtisodiy faolligidan 1,5% kam.

Butun dunyoda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham ayollarning iqtisodiy faolligi erkaklarnikiga nisbatan past. 2021 yil yakunlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich ayollar orasida 41,3 foizni, erkaklar orasida esa 56,9 foizni tashkil etdi. O‘zbekiston ayollarining mehnat bozoridagi iqtisodiy faolligi 30 yoshdan boshlanadi. Sababi, o‘rtacha 22,3 yoshida turmush quradi va undan keyin kamida 2 yilni tug‘ruq ta’tilida o‘tkazadi. Undan so‘ng mehnat bozoriga qaytadi, lekin qisqa vaqtdan keyin ularning takroriy tug‘ruq ta’tiliga chiqish ehtimoli yuqori.

30 yoshida ayollar martabaga erishish bilan shug‘ullana boshlaydi

«Ayollarning tez-tez dekret ta’tili va farzandlari salomatligi tufayli kasallik ta’tiliga chiqishi ish beruvchilar orasida ayollarning potensial xodim sifatida jozibadorligini pasaytiradi. Erkaklarning potensial xodim sifatidagi afzalliklari shundaki, ular tug‘ruq ta’tiliga chiqmaydi (qonuniy huquqi bo‘lsa ham), ishda ushlanib qolishga tayyor, ish bo‘yicha safarlarga borishda hech qanday to‘siqlar yo‘q», — deyiladi hisobotda.

O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lashdagi jiddiy tafovutning asosiy sabablaridan biri — bu kasb segregatsiyasidir [kundalik hayotda odamlarni irqiy, etnik yoki boshqa guruhlarga majburan ajratish]. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ishlaydigan ayollar erkaklarga nisbatan o‘rtacha 39 foiz kam maosh oladi. Jahon banki ekspertlarining fikricha, bu, jamiyatda hukm surayotgan qarashlar va O‘zbekistonda kasblarning erkaklar va ayollar uchun mo‘ljallangan kasblarga ajratilishi bilan bog‘liq.

Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz»

O‘zbekiston xotin-qizlarining iqtisodiy faolligi pastligi, avvalo ularning uy-ro‘zg‘or ishlari va bola parvarishi bilan to‘liq band ekanligi bilan bog‘liq. O‘zbekiston ayollari vaqtining 22 foizini uy yumushlari va bola parvarishiga sarflaydi. Bu ish haqi to‘lanmaydi mehnat hisoblanadi, erkaklar esa vaqtining 9% ini uy yumushlariga sarflaydi. Uy ishlari bilan bog‘liq katta mas’uliyat o‘zbek ayollarining mansab pillapoyalaridan yuqori ko‘tarilishiga to‘sqinlik qiladi.

«Ta’kidlash joizki, O‘zbekistondagi an’analarga ko‘ra, uy ishlari va farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanish ayolning asosiy vazifasi hisoblanadi. XMT tadqiqotiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 80 foizi oilada erkakning ro‘zg‘or tebratishi, ayolning esa uy yumushlari va bolalar bilan shug‘ullanishini afzal ko‘radi. Mamlakat aholisining 93 foizi turmush o‘rtog‘i ishlamasa ham, ko‘pchilik uy yumushlarini ayol bajarishi kerak, deb hisoblaydi. Bunday qarashlarning barchasi jamiyatda ham, mehnat bozorida ham gender tengsizligi mavjudligidan dalolat beradi», — deyiladi hisobotda.

Ayollar faoliyatining asosiy yo‘nalishlari

O‘zbekistonda ayollar ko‘proq barqaror ish o‘rinlari va qulay sharoitlarni taklif qiladigan davlat sektorida ishlaydi. Ayollar bandligining tarmoq tuzilmasi shu bilan xarakterlanadiki, ular asosan ish haqi past va ish vaqti qisqaroq sohalarda ishlaydi. Bular ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi tarmoqlar va umuman, ijtimoiy soha. Erkaklar va ayollarning ish haqi o‘rtasidagi tafovut sababi ham aynan mana shu bilan bog‘liq.

O‘zbekistonda so‘nggi 5 yil davomida ayollar bandlik borasidagi rejalarini o‘zgartirmagan. Aytib o‘tilganidek, o‘zbek ayollari asosan ijtimoiy soha tarmoqlarida faoliyat yuritadi va aynan mana shu sohalarda eng past ish haqi kuzatiladi. Yuqori maosh to‘lanadigan sohalarda asosan erkaklar (IT sohasi va moliya sektori) ishlaydi. E’tiborlisi, tahlil etilayotgan davrda IT sohasida band bo‘lgan ayollar ulushi 3%ga oshgan. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati va ishlab chiqarish kabi og‘ir jismoniy mehnat talab etuvchi sohalarda xotin-qizlar salmog‘ining kamayishi kuzatilmoqda.

Infografika: 2016 va 2021 yillarda Iqtisodiyotda band bo‘lgan ayollarning tarmoqlar bo‘yicha taqsimlanishi (foizda)

Oliy ma’lumotga ega bo‘lish yuqori maosh to‘lanadigan ishlarda mehnat qilish imkonini beradi. 2020 yilda respublikaning 25 va undan katta yoshdagi aholisi orasida oliy ma’lumotli ayollar ulushi 13,2 foizni, erkaklar ulushi esa 20 foizni tashkil etdi. Binobarin, yuqori maoshli ishlarga ko‘proq erkaklar jalb qilinadi.

Ayollar orasidagi ishsizlik

2021 yilda ayollar o‘rtasidagi ishsizlik darajasi 13,3 foizni (taqqoslash uchun — dunyo bo‘yicha 6,1%) tashkil etdi. Bu erkaklar o‘rtasidagi ishsizlik darajasidan ikki baravar yuqori. Ishsiz ayollarning asosiy qismini o‘rta maxsus (65,8 foiz) va o‘rta (28,5 foiz) ma’lumotga ega, shuningdek, qisman oliy ma’lumotli xotin-qizlar (3,4%) tashkil etadi. Ishsiz ayollarning 44 foizdan ortig‘i 15−30 yosh oralig‘ida. Xotin-qizlar o‘rtasida ishsizlikning eng yuqori ko‘rsatkichi Qashqadaryo (15,5 foiz), Surxondaryo (15,0 foiz) va Sirdaryo (4,7%) viloyatlarida kuzatilmoqda.

Ko‘p ayollar bola parvarishi va uy ishlari bilan bog‘liq holda uyda o‘tirishga qaror qiladi. Bu esa kasbiy mahoratning yo‘qolishiga olib keladi. 2021 yilda maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan 3−6 yoshli bolalar ulushi 62 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 1−6 yoshli bolalar orasida bu ko‘rsatkich 30 foizga ham yetmagan, ya’ni, bolalarning taxminan 40−70 foizi uyda onalari tomonidan tarbiyalanadi.

PMTI mutaxassislari o‘zbekistonlik ayollarning martabasi oshishi yo‘lidagi asosiy muammolarni aniqlash maqsadida ishlaydigan ayollar o‘rtasida so‘rov o‘tkazdi. So‘rovda turli faoliyat sohalarida ishlaydigan 300 nafar ayol (N=300) ishtirok etdi. So‘rov joriy yilning oktabr oyida o‘tkazildi. Respondentlarning yoshi 16 yoshdan 65 yoshgacha, o‘rtacha yoshi 36 yosh. So‘rovda oliy ma’lumotli (68 foiz), ilmiy darajaga ega (13,6 foiz), o‘rta maxsus (20,6 foiz) va umumiy ma’lumotli (7%) ayollar ishtirok etdi. Respondentlardan 65,8 foizining 2 va undan ortiq farzandi bor, 25 foizi turmush qurmagan yoki ajrashgan.

Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz»

So‘rov quyidagi xulosalarga olib keldi:

  • respondentlarning 88 foizi ayollar ishlashi kerak, deb hisoblaydi;
  • ayollar uchun martabaga erishish erkaklarga nisbatan ancha qiyin, deb hisoblashadi
  • xotin-qizlar uchun martabaga erishishda jamiyatda ayolning uy bekasi bo‘lishi kerakligi va turmush o‘rtog‘ining ishlashni taqiqlashi asosiy to‘siqlardan biridir
  • ayollar har kuni kamida 4 soat vaqtini uy yumushlariga, ya’ni haq to‘lanmaydigan ishlarga sarflaydi, erkaklar esa kuniga atigi bir soat vaqt sarflaydi (so‘rovda ishtirok etgan ayollarning fikriga ko‘ra);
  • ayol rahbarlarning o‘rtacha yoshi 38 yosh.
  • so‘rovda ishtirok etgan ayollarning fikriga ko‘ra rahbarlik lavozimlariga tayinlashda erkaklarga ko‘proq afzallik beriladi.

Ekonometrik tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, ayollarning ishlash yoki ishlamaslik ehtimoliga, birinchi navbatda, ularning oilaviy holati ta’sir qiladi. Bundan tashqari, oilaning farovonligi, ta’lim darajasi, qisman ayolning yoshi ham uning iqtisodiy faolligiga ta’sir qiladi. Shaharda yoki qishloqda yashashi, salomatligi, farzandlarning borligi (ma’lumotlar bazasida bolalari allaqachon 16 yoshga to‘lgan ayollar ko‘p) kabi omillar statistik jihatdan ahamiyatsiz bo‘lib chiqdi.

«O‘tkazilgan tahlillardan xulosa qilish mumkinki, so‘nggi 5 yil ichida ayollarning martabaga erishishi, mehnat bozoridagi ishtiroki yo‘lidagi ko‘plab to‘siqlar sezilarli darajada kamaygan. Bu jarayonda hukumatning jamiyat va iqtisodiyotda gender tengligiga erishish bo‘yicha qabul qilingan qarorlari asosiy omil bo‘lmoqda. Biroq o‘zbek ayollari uchun martabaga erishish erkaklarga nisbatan ancha qiyin», — deyiladi hisobotda.

So‘rov natijalari (ayollarning 70 foizi) erkaklar orasida «ayol faqat uy ishlari va bolalar bilan shug‘ullanishi kerak», degan fikr mavjudligini tasdiqladi. Bu fakt ekonometrik model natijalari bilan tasdiqlandi, xususan, ayolning ishlash yoki ishlamaslik ehtimoliga, birinchi navbatda, ularning oilaviy holati ta’sir qilishi ma’lum bo‘ldi.

PMTI mutaxassislari tomonidan olib borilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, o‘zbek ayoli aslida kuniga 12 soat ishlaydi, 7−8 soat ishxonada va undan keyin o‘rtacha 4 soat uy ishlari bilan band.