«Kitob qanday tayyorlanadi?»
Ikki nashriyot-matbaa ijodiy uyidan reportaj
Hamma kitoblarda bir umumiylik bor: muallif yoki tarjimon, nashriyot nomi, muharrirlar jamoasi, sahifalovchi va musahhih kimligi deyarli barida yozib qoʻyilgan boʻladi. Lekin mahsulot tayyor holga kelgunicha unga faqat toʻrt-besh kishining mehnati singmaydi. Ular «front orti» – bosmaxonalarda ismi kitobning biror yerida yozilmaydigan bir necha insonning qoʻlidan, tuganmas jarayonlardan oʻtadi. «Gazeta.uz» muxbirlari Ziyoda Ramazonova, Madina Aʼzam va Yevgeniy Sorochin Oʻzbekistondagi eng yirik va uzoq yillardan beri mavjud bosmaxonalardagi ish jarayonini kuzatdi.

2022-yil avgust. Poytaxtdagi ikki yirik nashriyot — «Sharq» nashriyot-matba aksiyadorlik kompaniyasi va «Gʻafur Gʻulom» nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi bosmaxonalarida boʻldik. Shu yilning mayidan ikkisida ham aksar adabiyotlar chiqarilishi toʻla toʻxtatilib, faqat darsliklar tayyorlanayotgan ekan.

1957-yili «Adabiyot va sanʼat nashriyoti» nomi bilan tashkil etilgan nashriyot 1966-yili «Gʻafur Gʻulom»ga oʻzgartirilgan. 2002-yil 10-aprelida avvaldan mavjud rangli bosmaxona bilan «Gʻafur Gʻulom» nashriyoti birlashib, shu nomdagi nashriyot-matbaa ijodiy uyiga aylanadi. NMIUda badiiy, diniy, bolalar adabiyoti, maktab darsliklari va maktabgacha taʼlimga oid kitoblar, qoʻllanmalar tayyorlangan. Nashriyot oʻz loyihalari qatorida buyurtmalar ham chop etadi. Talabga qarab turli yorliq, daftar, jurnallar ham chiqariladi.

Oʻtgan yili 100 yoshga toʻlgan «Sharq» nashriyoti bosmaxonasida kitobdan tashqari respublikadagi 60 dan ortiq gazeta, bir necha jurnallar ham bosiladi.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz»
Kitob bosish jarayonining bosqichlari:
1
Chop etish uchun tarkibni tayyorlash
2
Montaj qilish
3
Bosma qolip tayyorlash
4
Chop etish
5
Daftarchalarga buklab chiqish
6
Kitob holida tikish
7
Muqovalash
8
Uch tomonlama kesish
9
Qadoqlash
Chop etish uchun tarkibni tayyorlash
реклама
реклама
«Sharq» nashriyotida kitoblarning mavzu-yoʻnalishiga qarab alohida boʻlimlar bor: badiiy adabiyot, sheʼriyat, publitsistika, sport, tarixiy, fan kabilar.
Tahririyatga kelgan qoʻlyozmani eng avval bosh muharrir koʻradi va yoʻnalishiga qarab tegishli muharrirga topshiradi. Muharrir matnni oʻqiydi, tuzatadi, qisqartiradi, savol tugʻilsa, muallifga bogʻlanadi, fikrlarini aytib, birgalashib meʼyorga keltiradi.

Keyin kompyuterchilar barcha yozuvlarni bir faylga toʻplaydi. Texnik muharrir, soʻng muharrir yana qayta oʻqiydi. Ular tuzatgan tahrirlarni kompyuterchi takroran faylga kirgizadi. Musahhihga navbat yetadi, imloviy, orfografik xatolari boʻlsa, toʻgʻrilaydi. Oxirida bosh muharrir texnik muharrir bilan qoʻlyozma qaysi formatda, koʻrinishda chiqishi kerakligi, katta, kichik yoki ixchammi, muhokama qilib, kelishib oladi. Rassom, dizayner muqova, surat, illyustratsiya ishlaydi va eng oxirida musahhih sahifalangan qoʻlyozmani yana bir marta koʻzdan oʻtkazadi. Shu bilan tahririyat vazifasi nihoyalanadi.
Montaj jarayoni
«Gʻafur Gʻulom» NMIU. Musahhihlar topshirgan qoʻlyozma elektron fayl koʻrinishida montaj xonasiga joʻnatiladi. Montaj jarayoni shu faylning betlarini toʻgʻri joylashtirishdan iborat. A 2 formatdagi katta qogʻoz buklanib, daftarsimon holatga kelganda uning betlari ketma-ketlikda tushishi uchun ham bu bosqichga jiddiy qarash lozim. Montajchi hamma ishini tugatgach, A 14 formatida kitobdan kichkina maket chiqarib, betlar ketma-ketligini yana bir bor tekshiradi.

Zulxumor Ibragimova 2003-yildan beri montaj bilan shugʻullanadi. Aytishicha, boshida kitoblarning betlari almashib qolishi bilan bogʻliq koʻp xatolar qilgan. Asta-sekin jarayonga moslashib, bugun ishini mukammal holatda bajara oladi. Bosma qolip tayyorlanishi va kitob chop etilishidan oldin sexlardagi ustalar kitobni obdon tekshiradi. Agar montajga oid biror kamchilik oʻtgan boʻlsa, jarayon toʻxtatilib, toʻgʻrilash uchun montajchiga olib chiqiladi.

Yuqoridagi ikkinchi tasvirda shakllar yonida tillar nomi keltirilgan belgilardan maktab darsliklari chiqarilayotganda foydalaniladi. Darsliklar oʻzbek, rus, qirgʻiz, qozoq, qoraqalpoq, tojik, turkman, jami 7 tilda chiqadi. Odatda, bitta darslikning yetti tildagi varianti bir paytda montaj xonasiga kelib tushishi mumkin. Har qaysi tildagi kitob varaqlarining buklanadigan qismida rasmda koʻrsatilganidek shaklli belgilar boʻladi. Masalan, oʻzbek tilida aylana, rus tilida toʻrtburchak, qirgʻiz tilida uchburchak. Montajchi adashib ketmasligi, bir tildagi kitob ikkinchisiga qoʻshilib qolmasligi uchun ushbu belgilarga qarab, tayyorlayotgan kitobining barcha tarkibi aynan bir xildaligini aniqlab oladi.
Bular faqat darsliklardagina qoʻllanadi. Yuqoridagi birinchi suratdagi kitobning tarkibi oʻzbek tilida, ammo belgi rus tiliga tegishli boʻlgan toʻrtburchak shaklda. Toʻrtburchak belgisining vazifasi maktab darsliklaridan boshqa adabiyotlarda oʻzgarib ketadi.

Tarkibi 100 betdan oshiq, hajmi katta kitoblarni tikish oson boʻlishi uchun har 10 yoki 12 betdan kichkina daftarchalar hosil qilinadi. Umumiy hisobda 5, 8 yoki deylik, 10 ta shunday daftarcha hosil boʻlganda birin-ketin qoʻyilib, hammasi bir qilib tikiladi. Aynan toʻrtburchak belgisidan daftarchalar toʻgʻri ketma-ketlikda qoʻyilganini aniqlashda foydalaniladi. Hamma daftarchalar yigʻilganda toʻrtburchak shakllar zinapoyasimon koʻrinish hosil qiladi. Aytaylik, oʻrtadagi qaysidir bir qism tushib yoki almashib qolsa, zinalardagi ketma-ketlik buziladi. Bu yaqqol bilinadi. Birgina shu belgi sabab qogʻoz, rang va mehnat isrof boʻlishining oldi olinadi.
Bosma qolip — forma tayyorlash
Kitob bosish mashinasi aynan bosma qolipdan nusxa olib, kitoblarni chiqaradi. Montaj xonasida oxirgi bosqichi yakunlangan xomaki nusxa maxsus tekis metall (tunuka)ga tushiriladi. Qoliplar 8, 16, 32 ulushli boʻlishi mumkin. 8 ulushlida qolipning bir tomonida 8, boshqasida yana 8, jami 16 bet kitob tarkibi tushiriladi. Qolgan ulushlilar ham xuddi shu tartibda tayyorlanadi. Bir kitobning har 16/32/64 beti uchun yangi bosma qoliplar tayyorlanadi.
Qolipda faqat toʻrtta rang: koʻk, qizil, qora va sariqdan foydalaniladi. Germaniyadan keltirilgan «StP» uskunasidan olingan forma maxsus issiq mashinaga qoʻyib kuydiriladi. Bu jarayon formaning chidamliligini oshiradi. Undan olingach, sovitiladi va maxsus qoʻlqoplar yordamida kislotalanadi. Bosma qolip ushbu jarayonda 40 daqiqa turgach, uni suvda yuvish boshlanadi. Aslida tayyor maket «StP» uskunasida metallga tushirilganda uning yuzasi toʻla koʻk rang bilan qoplanadi. Yuvilgani sari koʻki ketib, usti ochilib, yozuvlar koʻrina boshlaydi.

«Gʻafur Gʻulom»da tayyorlanadigan bitta qolipning chidamliligi 70–80 ming adadga yetadi. Ushbu miqdordan ortiq kitoblar uchun boshqa bosma qolip tayyorlanadi. Qoliplar ustidagi jarayon nihoyalangach, ular «Kitob bosish» sexiga joʻnatiladi.

Tayyor bosma qolip. «Gʻafur Gʻulom» NMIU.
Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz»

Eng ogʻriqli muammo — qogʻoz qimmatlashayotgani

Ikki bosmaxonada ham kitob uchun qogʻoz va boʻyoqlar Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydi. Qogʻozlar Rossiya va boshqa chet davlatlardan, boʻyoqlar esa Germaniya, Xitoy, Turkiyadan keladi. Sayqalli, sovgʻabop, miniatyurali kitoblar uchun Avstriya, Xitoy, Qozogʻiston, Vengriyadan ham qogʻozlar keltiriladi. Bosmaxonalarning qogʻoz va boʻyoq bilan shugʻullanadigan maxsus boʻlimlari bor. Ularning xodimlari sharoit va imkoniyatga qarab hamkor kompaniyalar bilan davomiy shartnomalar tuzishadi. Odatda, bir yillik zaxira avvaldan gʻamlangani uchun yilning qaysidir qismida qogʻoz tugab qolish ehtimoli past.

Ammo «Sharq» nashriyoti bosh muharriri zaxiralarga qaramay qogʻoz yetishmovchiligi borligi, noshirlik boshi berk koʻchaga kirayotganini aytadi. Sababi Rossiya–Ukraina oʻrtasidagi mojaro bilan bogʻliq.
Rossiyadagi juda koʻp qogʻoz ishlab chiqaruvchi fabrika, korxonalar toʻxtab qolgan. Ularning egalari chet elliklar ekan. Urush boshlangandan keyin ishni yigʻishtirib, ketib qolishgan. Shu kunlarda Xitoy yoki boshqa joylardan keltiryapmiz. Hozir noshirchilikda vaziyat sal tarangroq, chunki Rossiya bilan doimiy hamkorligimiz boʻlgan
Ahror Ahmedov
«Sharq» nashriyoti bosh muharriri

Qogʻoz tanlashning qoidasi bormi?

«Sharq» nashriyoti bosh muharririning aytishicha, bu ham umumiy bozor qoidalariga oʻxshaydi: avval narxiga, keyin rangiga qaraladi. Sinovdan oʻtolsagina kerakli miqdorda sotib olinadi.

Kitobning qanday qogʻozda boʻlishi buyurtmachi bilan kelishib olinadi. Auditoriyasi, mavzu va maqsadiga qarab «oddiy», «melovennыy», «miniatyurali», sariq, oq qogʻozlar tanlanadi.

Kichik printerlarda odatda koʻpchilik ishlatadigan qogʻozlardan foydalanib boʻlmaydi, yirtilib ketishi, bir tarafidagi yozuv ikkinchi tomonida koʻrinishi mumkin. Lekin «Sharq» nashriyoti bosh muharririning taʼkidlashicha, hamma bosmaxona ham bu qoidaga amal qilavermas ekan.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Hozir har xil – xususiy, oilaviy, shaxsiy bosmaxonalar ochilyapti. Kitoblarni oʻgʻirlab, yashirincha bosishlar koʻpaydi. Ularga qogʻoz sifatining ahamiyati yoʻq. Eng arzon, eng yupqa, hatto bosilganda orqa tomoni ham koʻrinadiganida chop etib, «Quyoshli» bozoriga shundoq koʻtarib boradigan zamonlar keldi. Bosmaxonamizda biror marta bunaqa kitoblar chiqmagan
Ahror Ahmedov
«Sharq» nashriyoti bosh muharriri
Maktab darsliklariga qogʻoz borasida alohida talablar bor. Oqligi
84 foizdan kam boʻlmagan, ogʻirligi 60 grammdan 80 grammgacha boʻlgan ofset bosma qogʻozlaridan foydalanish mumkin. Kitob ogʻirlashib, oʻquvchini ezib qoʻymasligi kerak.

Badiiy adabiyotlarda esa buyurtmachi xohishiga qarab, oʻqiganda koʻzni toliqtirmasligi uchun sargʻishroq qogʻozlardan foydalaniladi.
Chop etish jarayoni
Usta Muhammadaziz Toshkent shahar noshirlik-matbaa kollejida oʻqigan. 12 yildan beri «Sharq» bosmaxonasida ishlaydi. Nashrdan chiqayotgan mahsulotning sifatiga qarash, texnikalarning toʻgʻri ishlash-ishlamasligini nazorat qilish, yordamchilarining sogʻligʻi va xavfsizligiga javob beradi. Usta jarayon haqida batafsil soʻzladi.
Javonlarda A 2 formatdagi qogʻozlar tayyorlab qoʻyilgan. Ular ogʻir yuklarga moʻljallangan maxsus aravada uskunaga qoʻyiladi. Arava 2 ming 800 kiloli yukni koʻtara oladi. Bitta javonga 10500 dona qogʻoz sigʻadi. Germaniyadan keltirilgan «Rapida» nomli bosma dastgoh qogʻozni avtomatik sanaydi, raqamlar ekranda oʻsha zahoti koʻrinadi. Maxsus tugmacha bosilgach, qogʻozlar yuqoriga koʻtariladi va yana bir tugmani bosib «Rapida» ishga tushiriladi.
«Gʻafur Gʻulom» NMIUdagi kitob bosish jarayoni.
Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz»
Qogʻoz silindrlar orasidan oʻtadi. Silindrlardan biriga bosma qolip oʻrnatib qoʻyilgan. Idishlarga solib qoʻyilgan boʻyoqlar bosma qolipga avtomatik beriladi. Boʻyoq berilgan silindr va bosuvchi silindr orasidan oq qogʻoz oʻtib, bocma qolipdagi shaklni oʻziga oladi.

Uskunada toʻrtta rangli boʻlim bor. Oq qogʻoz sariq, qizil, koʻk va oxirida qora rangli boʻlimdan ketma-ketlikda oʻtadi. Natijada A 2 formatdagi qogʻozda kitobning 8 beti bosmadan chiqadi.
Kitob bosish jarayonida ustalardan diqqatli boʻlish talab etiladi. Qogʻoz mashinaga qiyshiq yoki notoʻgʻri kelib qolgan paytda usta ularni olib tashlashi kerak.

Eng oxirida esa tayyor mahsulot qabul qilib olinadi. Usta va uning yordamchilari ora-orada mashinani oʻchirib silindrlarni tozalab turadi. Aks holda silindrlarga boʻyoq tegaverganidan rang qatlami koʻpayib, ishni qiyinlashtirishi mumkin.

реклама
реклама
Ustalar bosmadan chiqayotgan qogʻozlarning sifatini tekshirish uchun har-har zamonda chap tarafdagi nazorat burchagiga olib turishadi. Ranglar, harflar va boshqa koʻp unsurlar sinchkovlik bilan nazoratdan oʻtkaziladi.

«Bu “shkala” deyiladi. Toʻrtta rangi bor: sariq, qizil, koʻk va qora. Shu ranglar bilan bosmadan chiqqan qogʻozdagi ranglarni solishtiramiz. Ularning bir xilligiga eʼtibor beramiz. Ayrim paytlar bosmada “shkala”dagi rang meʼyoridan kam yoki koʻp berib qolinishi mumkin. Agar shunday kamchilik boʻlsa, qoʻshuv (+) yoki ayiruv (-) tugmachalari orqali rangni kamaytirib yo koʻpaytirib qoʻyamiz», – deydi usta Muhammadaziz.
Bu bilan nashr jarayoni nihoyalanmaydi. Qogʻozlarning orqa tarafiga ham navbatdagi betlar bosilishi kerak. A 2 formatdagi katta qogʻozning bir tarafida 8 bet tayyor boʻlsa, ikkinchi tarafida yana 8 bet bosiladi. Yarim tayyor qogʻozlar ogʻir yuklar tashish uchun moʻljallangan maxsus aravada mashinaning boshiga olib boriladi va yuqoridagi jarayonlar qaytalanadi. Shu bilan bir kitobning 16 beti bitta qogʻozda bosiladi.
A 2 formatdagi qogʻozning bir marta bosmadan chiqqan shakli. «Sharq» NMAK.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Kitoblarga qogʻoz va rang jihatdan yaroqlilik muddati qoʻyiladimi?

Usta Muhammadazizning taʼkidlashicha, kitobga hech qachon maʼlum saqlash muddati berilmaydi. Agar yaxshi eʼtibor berib, ehtiyot qilinsa, 10-15 yil oʻzgarmay, sifati buzilmay turadi.

Xodimlar qogʻoz va rang hidi, changdan qanday himoyalanishadi?
Ustaning aytishicha, ish orasida tinch joyda dam olishlari va sut-qatiq ichishlari mumkin. Lekin ikki nashriyot ham xodimlarini sut-qatiq mahsulotlari bilan taʼminlamas ekan. Xodimlar keraklisini oʻz hisobidan sotib olisharkan.

Sut-qatiq sovet davrida boʻlgan-da. Hozir bunga birov ahamiyat bermaydi. Hammasi moliyaviyga oʻtkazib yuborilgan. Koʻpning ehtiyoji ham yoʻq. Ish 8 soat davom etadi, xolos. Xodimlarning oʻzi ham pulga chaqqan holda olishmaydi. Oyligi koʻproq tushib, uyiga olib borgisi keladi
Ahror Ahmedov
«Sharq» nashriyoti bosh muharriri
«Gʻafur Gʻulom» NMIU bosmaxona xodimlari oshxonasi. Ular tushliklarini oʻzlari bilan olib kelishadi.
Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz»
«Gʻafur Gʻulom» vakillari esa aniq bir javob aytishmadi. Avvaliga SSV vakillari kelib tekshirganda qogʻoz kesish, muqovalarni plyonka bilan qoplash, karton kesish fabrikalarida xodimlarning sogʻligʻiga zarar yetish ehtimoli bor deb xulosaga kelinsa, har kuni yarim litrdan sut berilishini aytib, birozdan keyin bu bosmaxonaning ichki ishi ekanini taʼkidlab, toʻliq maʼlumot berishmadi.

Yaroqsiz mahsulot va xatolar qanday aniqlanadi?

Kitob betlari bosmadan chiqqandan keyin 24 soatdan koʻproq aynan oʻsha xona yoki sexda turadi. Bu vaqtda qogʻozning namlik darajasi muhitga moslashadi va sifatli boʻladi, keyingi dastgohlardan ham yaxshi oʻtadi.
Kitoblar bosishdan keyingi jarayon – buklashga borganda qogʻozning ranglari yaxshi qotmagan boʻlsa, harflar bir yerda toʻplanib qolishi, surkalishi va mahsulot yaroqsiz boʻlishi hech gapmas. Muqovasiga qarab yarim yoki bir kun joyidan qoʻzgʻatmay qoʻyish kerak
Faxriddin Abduazimov
«Gʻafur Gʻulom» nashriyoti ishlab chiqarish
boʻlimi boshligʻi
«Gʻafur Gʻulom» NMIU. Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz»
Rang oʻynab, harflar notoʻgʻri ketganda texnik chiqindilar uchun kitoblar adadiga qarab buyurtmachilar ortiqcha qogʻoz ajratadi. Masalan, ming adadga 100 ta yoki kelishuvga koʻra boshqa miqdorlarda.

«Sharq»da 10 yildan beri ishlayotgan mashinistlardan biri nashr jarayonida jiddiyroq xato oʻtgan voqeani yodga oladi:

«6-7 yil avval jismoniy tarbiya darsliklarini chiqarayotganda kattaroq xato aniqlangandi. Aynan nimaligi esimda yoʻgʻu, tahririyatdagilarning xatosi edi. Biz kamchilikni bilganimizda darslikni 40 ming nusxada chiqarib boʻlgandik. Tabiiyki, mahsulotni shundayligicha topshirib boʻlmaydi, qaytadan nashr qilganmiz. Buncha katta miqdordagi xatoga texnik chiqindi uchun ajratilgan qogʻozlar yetmagan, kemaga tushganning joni bir deb, zararini qoplash butun jamoaning boʻyniga tushgandi», – deydi u.
Nashrdan chiqqan varaqlar nazorat boʻlimiga oʻtadi. Bu yerda ishlab chiqarish jarayonida ranglarning meʼyorda boʻlgani, biror joyiga surkalib ketmagani, umumiy sifati sinchkovlik bilan tekshiriladi. Agar kamchiliklar aniqlansa, yaroqsizga chiqariladi. Tiraj qancha katta boʻlsa, yaroqsizga chiqadigan qism ham koʻproq boʻlishi mumkin.
Buklash, tikish, muqovalash va uch tomonlama kesish jarayoni
«Sharq» bosmaxonasi, buklash sexi. Bu yerda nashrdan chiqqan qogʻozlar daftarlarga ajratiladi. Masalan, kitobning har 10 yoki 12 beti bitta umumiy daftar qilib buklanadi. Adashib ketmaslik chorasi avvalboshdanoq koʻrilgan. Dastlabki bosqich – montaj jarayonida har 10 yoki 12 betda ketma-ket raqamlar yoki turli shakldagi belgilar qoʻyilgan. Buklovchi xodimlar daftarlarning bet boʻyicha ketma-ketligini shunga qarab aniqlashadi. Masalan, 12-betgacha bir raqami, 24-betgacha ikki raqami va shu tarzda davom etadi.

Sexda beshta buklovchi mashina boʻlib, ularning har biriga bittadan raqam ostidagi daftarlar chiqadi. Masalan, birinchi mashinada faqat bir raqami, toʻrtinchisida esa faqat toʻrt raqamidagi daftarlar. Bu tarkibning aralashib ketmasligi uchun eng toʻgʻri yoʻl.
Barcha daftarchalar buklangach, qogʻoz toʻplovchi uskunaga (listopodborka)ga joʻnatiladi. Germaniyadan olib kelingan «Harison» mashinasining alohida boʻlmachalari (magazinlari) bor. Aynan shu boʻlmachalarga daftarlar betlari toʻgʻri keladigan holda ketma-ketlikda qoʻyib chiqilsa bas. Mashinaning oʻzi ularni oʻsha tartibda terib olib, tikib beradi.

«Harison» avtomatlashtirilgan. Unga kitobning umumiy tarkibi nechta daftardan iboratligi kiritilsa, oʻsha miqdordan keyin boshqa boʻlmachalardagi daftarlarni olmaydi. Jarayon nihoyalangach, nazorat boʻlimidagilar yana bir bor ketma-ketlik buzilmaganini tekshirib chiqadi. Agar kamchilik chiqsa, oʻsha kitobning iplari soʻkilib qaytadan tikiladi. Lekin bunday hollar kamdan-kam kuzatiladi.
43 yoshli mashinist Zaytuna Qurbonboyeva 25 yildan beri shu bosmaxonada ishlaydi. Noshirlik-matbaa kollejida oʻqigan. Zaytuna opa oilaviy kasbni davom ettirayotganlardan, undan avval ammalari ham shu yerda ishlashgan. Ayni mavsum payti haftada 7 kun ishlaydi. Ish vaqti esa oʻzining xohishiga koʻra, 8 soatdan ham oshib ketdi, masalan, 12 soatga. Buning uchun u alohida haq oladi.

Kitob chiqarish uchun qancha odamlar zahmat chekib, mashinalarning shovqini, qogʻozlarning changi, boʻyoqlarning hidida 12 soatlab tik oyoqda ishlashini bilgan, ayni oʻzi shu jarayonning ichida boʻlgan Zaytuna opa farzandlariga kitobni avaylash kerakligini har kuni eslatadi.
Zaytuna Qurbonboyeva.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Sentabr oyida maktabda yangi sinfni boshlagan polaponlarimga berilgan darsliklarni yirtilgan, chizilgan, buklangan holatda koʻrib ichim achiydi. Mehnating qadrsizlanishi ogʻir-da. Shuning uchun bosmaxona xodimlarining ishlash jarayonini koʻproq maktab oʻquvchilariga koʻrsatish, boxabar qilish kerak deb hisoblayman. Shunda kitobni avaylashlari, qadrlashlari mumkin, – deydi u.
Zaytuna opa oʻzi chiqargan kitoblarini koʻp oʻqiydi, farzandlariga ham oʻqib beradi. Daromadi mavsumga qarab oʻzgaradi. Bahor-yoz paytlari 6 million soʻmgacha, mavsum tugagandan keyin ikki milliondan oshiqroq oladi. Undan mashinalar shovqini, rang va qogʻoz hididagi charchoqdan qanday himoyalanishlarini soʻradim.

«Hech narsa qilmaymiz. Masalan, chang va hid uchun niqob taqish kerak, shovqinda esa quloqchin. Oʻrganib ketganimiz uchun boʻlsa kerak, bunday qilmaymiz. Ishimning sogʻligʻimizga taʼsirini koʻrmaganman», – deb javob berdi u.

Ikki bosmaxonadagi daftarchalar tikuvchi mashinalarning hammasi ham avtomat emas. 1996-yili olib kelingan yarimavtomat «Nikkeshveyr» uskunalari ham bor. Eʼtiborli jihati, unda ishlaydigan xodimlar «nikkeshveyrchilar» deya tabassum bilan tilgan olinarkan.
Goʻzal Mirhodiyeva.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
45 yoshli Goʻzal Mirhodiyeva «Sharq»da 15 yildan beri ishlaydi. U ham noshirlik-matbaa kollejini bitirib faoliyatini boshlagan. Goʻzal opaning «Nikkeshveyr»ida gʻaltakli iplar asosiy qurol. Ish boshlanishidan oldin iplar kerakli oʻrinlariga qoʻyiladi. Toʻrtta ip ikkita maxsus teshiklardan oʻtkazib, ignaga oʻtkaziladi. Kitob qaysi formatda chiqishiga qarab, maxsus tugmacha bosiladi va tikish jarayoni boshlanadi. Gʻaltakli iplar tikish payti koʻp marta uzilib qolishi mumkin. Bunday paytda mashinistlar ipni ignadan qayta oʻtkazishiga toʻgʻri keladi.

Ushbu yarimavtomat mashinaga toʻqqizta daftarcha qoʻyilgandan keyin navbatdagi daftarlarni tikib yubormasligi uchun orada bitta boʻsh joy qoldiriladi.
Goʻzal Mirhodiyeva hozirgi mavsumda haftada 7 kun, 12 soatdan ishlayapti. Ish koʻproq boʻlgan paytda 3-3,5, kamroq boʻlgandan esa 1-1,5 million soʻm atrofida maosh oladi.

— Ishingiz qiyinroq ekan, a?
— «rogʻ»ini olib tashlayvering, yaxshigina qiyin.
— Oyoq tagi zax emasmi? Qishda sovuq oʻtmaydimi?
— Qiynalamiz, sovuq... Isitish batareykalari bor. Oyoqni issiq oʻraymiz, lekin shundayam nam oʻtaveradi. Doimiy qogʻozga qarayvergandan koʻzimiz, deyarli butun kun davomida tik oyoqda boʻlgandan oyoqlarimiz charchaydi.
Yarimavtomat va avtomat mashinaning chiqaradigan mahsulotlari sifat jihatdan bir xil boʻlsa-da, sonda farq qiladi. Yarimavtomat bir kunda koʻpi bilan 2 mingta, avtomat esa 8 ming, 10 mingtagacha daftar tika oladi. Xodimlarning maoshi ishbay tashkillashtirilganiga esa bu miqdor taʼsir koʻrsatmaydi. Avtomat va yarimavtomat mashinada faoliyat olib boradigan xodimlar uchun son borasida alohida normalar belgilangan. Sex boshligʻi Omon Xolmurodovning taʼkidlashicha, mashinalarni toʻla avtomatlashtirish boʻyicha anchadan beri harakatlar olib borishmoqda. Yaqinda yana 2 ta avtomat mashinasi olib kelinadi.
Bosmaxonadagi ishni nazorat qilish uchun maxsus kichkina jadvalchada kim qaysi jarayon: terish, tikish, muqovalash, kesish, qadoqlashni bajargani yozib qoʻyiladi.

Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
2015-yili Italiyadan olib kelingan «Asterel» nomli mashinada muqovalash ishlari qilinadi. Uning ham ikkita boʻlmasi bor. Biriga kitob, boshqasiga muqova qoʻyiladi. Avtomatlashtirilgan mashina esa ikkisini birin-ketin olib, yelimlab muqovalaydi. Keyin esa kitoblar uch tarafidan bir xil oʻlchamda kesilib, shaklning bir xilligi taʼminlanadi. Shu bilan kitob tayyor boʻladi.
Qadoqlash jarayoni
Kitobning bosmaxonada eng oxirgi manzili – qadoqlash jarayoni. Oʻn yildan beri «Sharq» bosmaxonasida faoliyat olib borayotgan 51 yoshli Umida opaning ishini kuzatdik. Dastavval qadoq qogʻozi olinadi, tayyor kitoblarning toʻrttasi chap, toʻrttasi oʻng tomonga qaratib qoʻyiladi. Shunday qilinsa, qadoq toʻrtburchak shaklga kirib tekis boʻladi, yelimlari ezilib, qiyshayib, buklanib qolmaydi. Bitta qadoqda 16 ta kitob boʻladi. Jarayon tugagandan keyin ham nazorat boʻlimi qadoqning ichida 16 ta kitob toʻlaligini yana bir bor tekshiradi. Kamchiliklar topilsa, shu yerning oʻzida toʻgʻrilanadi.
Qadoq ichida kitoblar sifatini saqlash maqsadida kitoblarning ustiga bir yarimta qalin, jigarrang tusdagi qogʻoz qoʻyiladi, keyin ostidagi qogʻoz toʻrt tarafdan buklanib, maxsus iplar bilan bogʻlanadi. Qogʻozni doimiy ravishda ushlaganda qoʻl qurib qolmasligi uchun glitserindan foydalaniladi. Umida opaning glitseringa allergiyasi borligi uchun oddiy suvni ishlatadi.

Oxirida esa yelim bilan maxsus yorliqlar yopishtiriladi. Unda har bir qadoqning ichidagi kitob nomi, soni, bir donasining ogʻirligi, buyurtma raqami, buyurtma beruvchi tashkilot yoki shaxsning nomi yozib qoʻyiladi. Ushbu sexda 3-4 qadoqlovchi ishlaydi. Bittasi bir kunda 500-600 tagacha qadoq tayyorlashi mumkin.
«Sharq» NMAK.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Umida opadan qishu yozda ob-havo oʻzgargan paytlarda ichkaridagi harorat qanday boʻlishini soʻradim.

«Qishda isituvchi batareyalar bor. Umumiy konditsionerdan esa yozda issiq, qishda salqin havo keladi. Sex judayam katta boʻlgani uchun hamma tarafga ham havo birdek bormaydi. Shu sabab oʻzimiz mana bunday qoʻlbola konditsionerchalarni umumiy tarmoqqa ulab olganmiz», – deya tepadagi kartonga ishora qildi.

Barcha jarayonlardan oʻtib qadoqlangan tayyor kitob darhol buyurtmachiga taqdim etilmaydi. Bosmaxonaning oʻzida uch kun turadi. Bu muddatda ular yanada qotib, mustahkamlanadi.
Avvallari noshirlarning oʻzaro suhbatlari boʻlardi. U yerda yangi chiqqan kitobni devorga qarab otishardi. Agar otilgan kitob sochilib ketsa, chiqarishga masʼul boʻlgan odam mukofot pulidan mahrum etilardi. Sifatni bosh mezonga qoʻygan ana shunday ustozlardan koʻrib biz ham toza ishlashni oʻzimizga kasb qilganmiz. Bizdan chiqqan narsa ertaga qiyshayib qolsa, ham nashriyotning, ham bosmaxonaning nomiga dogʻ degani bu. “Sharq”da chiqadigan kitob ham tikiladi, ham yelimlanadi. Hozir koʻp nashriyotlar yo unisini qiladi, yo bunisini. Shuning uchun koʻnglimiz toʻq
Ahror Ahmedov
«Sharq» nashriyoti bosh muharriri
Darvoqe, uch tomonlama kesishda chiqqan qirqimlar tepadan oʻtgan quvurlarga havo yordamida koʻtariladi va tashqaridagi boshqa bir omborxonaga borib tushadi. Havo bosimi juda katta emas, lekin qogʻozni tortishga yetadi. Kelgan qogʻozlar quvurlardan «tuppa» boʻlib tushadi va maxsus mashina yordamida zichlanadi. Ularni esa kitob buyurtmachilari olib ketadi. Zichlangan qogʻozlardan qogʻoz sochiq, hojatxona qogʻozi yoki boshqa mahsulotlar tayyorlash mumkin. Ishlab chiqarish jarayonida yaroqsizlangan qogʻozlar ham buyurtmachilarga shu tartibda berib yuboriladi.
42 yoshli Bahodir Rahimjonov «Sharq»da 20 yildan beri qogʻoz zichlash vazifasini bajaradi.

Arava yordamida tayyor «press»larni «Fara» mashinasiga ortadi va yetkazib berish uchun tashqariga olib chiqadi. Bahodir akaning ota-onasi 50 yil «Sharq» bosmaxonasida mehnat qilgan, shu yerda tanishib, turmush qurishgan. Endilikda u ham kitob tayyorlash jarayoniga hissasini qoʻshmoqda.

Qanday qilib bosmaxona xodimi boʻlish mumkin?

Noshirlik-matbaa kolleji (hozirda texnikum), Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti matbaa texnologiyasi fakultetini bitirib yoki malakali mutaxassislarga maʼlum muddat shogird tushib, bosmaxonalarda ishlash mumkin. Ikki bosmaxonada ham ustoz-shogirdlik anʼanasi mavjud, yangi kelgan xodim tajribali mutaxassislarga uch oy davomida shogird tushadi, oʻrganish barobarida mehnati uchun haq ham oladi.
Koʻchadan kelgan zahoti hech kimni kitob chiqarish yoki boshqa jarayonlarga qoʻymaymiz. Xatolar kitoblarda yaqqol bilinadi, ularni berkitish qiyin. Yana kasbga qiziqishi, muhabbati boʻlmasa, ishini sevmasa, bu yerda uzoq qololmaydi. Tan olamizmi-yoʻqmi, sexning sharoiti — baribir ogʻir. Havosi, mashinaning taqar-tuquri, qogʻozlar chang, rang hidi bor. Hamma ham rozi boʻlavermaydi. Bobolari, otalari yoki boshqa yaqin qarindoshlaridan keyin vorislik anʼanalarini saqlab, ishlashda davom etishyapti. Balki bolalikdanoq jarayonni koʻrib, koʻzlari qotganidan hali ham shu joyda ishlashar
Ahror Ahmedov
«Sharq» nashriyoti bosh muharriri

Kitoblarning narxi nimalardan kelib chiqib belgilanadi?

Kitoblar adadi qancha koʻp boʻlsa, narx shuncha arzonlashadi, kam boʻlsa, aksincha. Gap shundaki, har bir kitob uchun tayyorlanadigan forma yuz nusxadagi kitobga ham, yuz ming nusxadagiga ham birdek ishlab chiqiladi. Bitta forma 70-80, baʼzan esa 100-120 ming tirajga yetadi. Forma tayyorlashda ishlatiladigan metall Rossiyadan keltirilishining hisobiga, kitob adadi kam boʻlsa, umumiy summa qimmatga tushib ketadi.
120 ming tirajga yetadigan narsani biz hozir 1000 donagagina ishlatamiz. Pulga chaqsak, oʻshaning narxi 120 barobar qimmatga tushadi degani bu. Masalan, Muhammad Alining «Ulugʻ saltanat» kitobi 1000 adadda chiqsa, donasi 40 ming soʻmga, 10 ming adadda boʻlsa, taxminan, 25 ming soʻmga tushishi, 500 adadda chiqsa, 60 ming soʻmga koʻtarilib ketishi ham mumkin. Shuning uchun koʻp nashriyotlar kattaroq tirajga manfaatdor boʻladi. Adadlar esa yozuvchi yoki buyurtmachining xohishiga qarab boʻladi, har doim ham katta tirajga ularning imkoniyatlari yetavermaydi
Ahror Ahmedov
«Sharq» nashriyoti bosh muharriri
«Gʻafur Gʻulom» NMIU.
Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz»
Ahror Ahmedovning xulosalariga koʻra, pandemiyadan keyin odamlar kam kitob sotib olmoqda. Shuning hisobiga nashriyotu, bosmaxonalar koʻp adadda kitob chiqarib tavakkal qilmayapti. Chiqarilsayu, sotilmasa, yana nashriyotning boshida kaltak sinadi.
Sharoit yoki ehtiyoj yoʻqmi, harholda, kitoblar kam chiqmoqda. Oʻzimcha oʻylayman, pandemiya kitobxonlik darajamizni juda tez surʼatda tushirdi-yov. Koʻpimiz iqtisodiy qiyinchiliklar bilan chiqdik, ruhiy talafotlari esa kitoblarni avvalgidek tashna boʻlib oʻqishga qoʻymayapti. «Sharq ziyokori» doʻkonidan savdoni tekshirib turaman. Kunlik sotuvlar anchayin tushib ketgan. Odam kelmasa, nima qilay, deydi sotuvchilar. Odam kelmasa, oʻzing bor, deyman. Imkon qadar targʻib qilishga harakat qilyapmiz, lekin baribir oldingilardan kam
Ahror Ahmedov
«Sharq» nashriyoti bosh muharriri
Yana qoʻshimcha qilishicha, qogʻoz va boʻyoqlarning qimmatlagani va 2019-yilia noshirchilik bilan shugʻullanuvchilarga 15 foizli qoʻshimcha qiymat soligʻi qoʻshilgani ham kitob narxini oshiryapti.
реклама
реклама
Hozir Oʻzbekistonda besh ming nusxa kitob chiqaradigan nashriyot yoʻq hisob. Uch-ikki ming yoki ming boʻladi odatda. Taniqli, mahoratli ustozlarniki ham shunday. Kattaroq nusxada chiqarsangiz, ketadi, ammo juda kam miqdorda. 3 yilda hammasi sotilib tugashi mumkin, bu sarflangan xarajat 3 yilda qaytib keladi degani. Noshirchilikda bunday natija oʻzini oqlamaydi, kitob bir yil ichida sotilib boʻlishi kerak
Ahror Ahmedov
«Sharq» nashriyoti bosh muharriri

Chop etilgan kitoblar sotilmay qolsa...

Bosmaxonalar faoliyati nashriyot bilan bevosita bogʻliq va zararga kirgandan ham butun faoliyat emas, maʼlum nuqtagina ziyon koʻrishi mumkin. Masalan, kitoblar sotilmaganda. Baʼzan buyurtmachilar kitob tayyor boʻlgandan keyin olishdan bosh tortshi ham mumkin. Bunday paytda bosmaxonalarning oʻzi kitoblarni arzon narxlarda sotuvga chiqaradi.

«Sharq» bosh muharririning taʼkidlashicha, zararga kirgan paytlarda ularga hech kim yordam bermaydi. Baʼzan bankdan maʼlum muddatga, qanchadir foizli kredit olishlari, hukumatdan subsidiyalar soʻrashlari mumkin.

Inqirozli vaziyatlarda bosmaxona xodimlarining maoshiga taʼsir koʻrsatmaslikka harakat qilinadi. «Sharq» bosh muharriri «Vijdonan olib qaraganda, xodimlarning oyligiga bu holatlar taʼsir koʻrsatmasligi kerak. Ular jinoyat qilmagan-ku, baribir kitob chiqqan va u sotiladi deymiz» degan boʻlsa, «Gʻafur Gʻulom» vakili zararlar uchun korxona balansidan ishlatilishi, hech kimning maoshiga taʼsir koʻrsatmasligini taʼkidladi.

Ular bosmaxonalar daromadi kamayib ketganda birinchi navbatda davlat, keyin esa xususiy buyurtmalarni koʻpaytirish kerak deb hisoblaydi.

Davlat bosmaxonalari yopilishi mumkinmi?

Suhbatdoshlarimizning taʼkidlashicha, kitoblar yozilar ekan, bosmaxonalar faoliyati davom etaveradi. Kitob oʻqish uchun internet yoki mobil texnikalar qanchalik koʻp boʻlmasin, qogʻoz kitobga boʻlgan talab yoʻqolmaydi.
«Sharq» nashriyoti bosh muharririning fikricha, nimadir mahsulot yetishmasa, uni olib kelish mumkin. Yopilish ehtimoli yuzaga kelganda ham avvalo kalavaning eng boshiga oʻtish kerak.
«Agar buning sababi kitobning sotilmay qolishi boʻlsa, demak, hamma ayb nashriyotda. Ular yaxshi kitobni tanlamagan, sifatli chiqarmagan yoki oʻquvchi auditoriyasini oldindan belgilay olmagan. Bosmaxona esa shunchaki ijrochi. Bu yerda hamma savol nashriyotga tushishi kerak. «Sharq» nashriyoti ham, bosmaxonasi ham toʻxtab qolmaydi. Hayot toʻxtasa, bosmaxonalar ham toʻxtab qolishi mumkin», – deydi u.
«Sharq» va «Gʻafur Gʻulom» dan chiqib ketarkanmiz Ahror Ahmedovning quyidagi taʼrifi qulogʻimiz ostida jaranglaverdi: «Kitob borki, bosmaxona ishlaydi. Bosmaxonadagi shaq-shuq ovoz men uchun eng goʻzal qoʻshiq. U hayotning tez va shiddat bilan oʻtayotganini koʻrsatadi. Shunday paytlarda qilayotgan ishimdan zavqlanaman».
Materialni Ziyoda Ramazonova tayyorladi.
Fotosuratlar mualliflari: Madina Aʼzam, Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz»

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar «Gazeta.uz» nashriga tegishli. «Gazeta.uz» internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting