24 noyabr kuni hamda 25 noyabr kechasi JCH-2022`ning navbatdagi ikkita uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. H guruhidan joy olgan Portugaliya — Gana bahsida 3:2 hisobida portugaliyaliklarning qo‘li baland keldi. G guruhidagi Braziliya — Serbiya qarama-qarshilida esa «pentakampeonlar» g‘alaba qozondi — hisob 2:0.

Portugaliya — Gana 3:2

Portugaliya — Gana bahsi Dohadagi «974» stadionida bo‘lib o‘tdi. Uyinni tomosha qilish uchun stadionga 42 662 muxlis tashrif buyurdi. Bahs davomida Gana terma jamoasi hisob bo‘yicha portugaliyaliklarning «ortidan quvuvchi» rolida harakat qilishdi.

1-taym gollarsiz o‘tdi. Aynan shu sababga ko‘ra, ko‘pchilik ushbu uchrashuvning minimal hisobda yakunlanishini kutayotgan edi. Ammo biz 2-taymda beshta gol ko‘rdik. Haqiqiy gollar yomg‘iri.

62-daqiqada Krishtianu Ronaldu Gana jarima maydonchasiga kirib keldi va penalti ishlab oldi. Zarbani ham o‘zi yo‘lladi — har doimgidek qoyilmaqom ijro, o‘yinda hisob ochildi — 1:0! Ushbu goldan keyin Ronaldu Portugaliya safida Jahon chempionatlarida gol kiritgan eng yosh hamda eng qari futbolchiga aylandi. U bir paytlar 2006 yilgi mundialda o‘zining JCH`dagi ilk golini kiritgan edi. Shuningdek, Ronaldu o‘zining hisobiga yana bitta rekord natijani yozdirib qo‘ydi — u ketma-ket beshta JCH`da gol kiritgan yagona futbolchiga aylandi. Ronaldu bor joyda rekordlar yangilanadi.


Biroq portugaliyaliklarning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. 73-daqiqada Andre Ayyu hisobni tenglashtirdi — 1:1. Ushbu golning kiritilishida «Ayaks» klubi futbolchisi Muhammad Kudusning hissasi katta bo‘ldi, Ayyu shunchaki ochiq qolgan darvozani ishg‘ol qildi. Ammo portugaliyaliklar ham ushbu golga tezkor javob qaytarishdi. 78-daqiqada Joao Feliks Portugaliyani hisobda oldinga olib chiqdi — 2:1.

Yana ikki daqiqa o‘tib yaqindagina zahiradan maydonga tushgan Rafael Leau Portugaliyaning ushbu o‘yindagi uchinchi golini kiritdi. Ajoyib zarba — 3:1. E’tirof etib o‘tish kerakki, Feliksning ham, Leauning ham golida Brunu Fernandeshning roli katta bo‘ldi. Ikkala vaziyatda ham Brunu jamoadoshlarini juda qulay pozitsiyaga olib chiqdi, ajoyib paslar.

Gana terma jamoasi doimo o‘zining xarakteri bilan ajralib turgan. Ushbu o‘yinda ham ular taslim bo‘lishni xohlashmadi. 89-daqiqada Bukari boshi bilan zarba berdi va hisobni 3:2 ko‘rinishiga keltirdi. Gana endi ham bor kuchini hujumga qaratishi lozim. Hakam 2-taymga 9 daqiqa qo‘shib berdi. Ajoyib! Qo‘shib berilgan daqiqalarning oxirida Gana hisobni tenglashtirishiga bir bahya qolgandi. Biroq hisob o‘zgarmadi. Bahs Portugaliyaning 3:2 hisobidagi g‘alabasi bilan tugadi.

Avvalroq ushbu guruhdan joy olgan Urugvay — Janubiy Koreya bahsida 0:0 hisobi qayd etilgan edi. Demak, H guruhida ayni damda Portugaliya peshqadam. 2-turda portugaliyaliklar Urugvay terma jamoasi bilan to‘qnash kelishadi, Gana esa Janubiy Koreya terma jamoasi bilan kuch sinashadi.

Braziliya — Serbiya 2:0

Braziliya — Serbiya uchrashuvi Lusail shahridagi Lusail Iconic Stadium`da bo‘lib o‘tdi. Ushbu bahsni tomosha qilish uchun stadionga 88 103 nafar muxlis tashrif buyurdi.

Ushbu o‘yinda ham ancha vaqtgacha darvozalar daxlsizligi saqlanib turdi. Ammo 2-taymda Braziliya o‘ziga ko‘proq o‘xshay boshladi, estetik didga ega gollar guvohi bo‘ldik.


63-daqiqada Neymar va Vinisius serbiyaliklarning darvozasi tomon xavfli hujum uyushtirishdi, hujumni esa Risharlison yakunlab qo‘ydi va o‘z hisobiga gol yozdirdi — 1:0! Nihoyat o‘yinda hisob ochildi.

74-daqiqaga kelib Risharlison dubl qayd etdi. Dubl qayd etganda ham qanday gol bilan! Vinisius trivela uslubida jarima maydonchasi ichidagi Risharlisonga to‘pni uzatdi, Risharlison esa to‘pni bir oyog‘i bilan havoda to‘xtatib, ikkinchi oyog‘i bilan qaychi uslubida darvozaga zarba yo‘lladi. Supergol!



Ehtimol ushbu gol bu yilgi chempionatdagi eng chiroyli gol nominatsiyasiga da’vogarlik qilar.

80-daqiqalarga kelib Neymar oyog‘idan jarohat oldi. Jarohat qanchalik jiddiy ekanligi borasida bir narsa deyish qiyin, biroq u o‘yinni davom ettira olmadi, uning o‘rniga Antoni zahiradan maydonga tushdi.

O‘yinning boshida serbiyaliklar yaxshi ko‘rinayotgan edi. Aynan 1-taymda himoyadagi o‘yin braziliyaliklarga imkon bermadi. Biroq 2-taymda Braziliya terma jamoasi baribir o‘z maqsadiga erishdi. Hakam o‘yinga 7 daqiqa vaqt qo‘shib berdi. Qo‘shib berilgan daqiqalarda o‘yin tezligi biroz pasaydi. Oxiri hakam o‘z xushtagini chaldi. Hisob — 2:0. Braziliya Risharlisonning goli evaziga g‘alaba qozondi.

Avvalroq ushbu guruhdan joy olgan yana ikkita jamoa — Shveysariya va Kamerun o‘rtasidagi bahs 1:0 hisobida yakunlangan edi. Demak hozir Braziliya va Shveysariyaning hisobida 3 tadan ochko mavjud. 2-turda aynan mana shu ikki terma jamoa o‘zaro bahs olib borishadi. Va o‘z o‘rnida, navbatdagi turda Kamerun — Serbiya uchrashuvining ham guvohi bo‘lamiz.