23 noyabrda Hukumat qarori [666-son] bilan Noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda tabiiy obyektlarga yetkazilgan zararni hisoblash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Nizom bilan quyidagilar belgilandi:

  • noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda tabiiy obyektlarga yetkazilgan zararni aniqlash tartibi;
  • noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda keng tarqalgan foydali qazilmalarga yetkazilgan zararni hisoblash usullari;
  • noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda ifloslantiruvchi moddalarning suv obyektlariga va joylarning relefiga oqizib yuborilishi oqibatida yetkazilgan zararni hisoblash usullari;
  • noruda materiallarni noqonuniy qazib olish oqibatida tabiiy obyektlarga yetkazilgan zararni qoplash va undirish tartibi.

Quyidagi holatlar noruda materiallarni noqonuniy qazib olish hisoblanadi:

  • noruda materiallar mavjud yer qa’ri uchastkasidan ruxsatnoma olmasdan turib foydalanish;
  • noruda materiallar uchun berilgan kon ajratmasidan va ajratilgan yer uchastkalari doirasidan chetga chiqish.

Mazkur nizom talablari strategik turdagi (asosiy) foydali qazilmalarni va qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida noqonuniy qazib olishda hamda texnogen mineral hosilalardan foydalanishda yetkazilgan zararni hisoblashga nisbatan tatbiq etilmaydi.