25 noyabr kuni prezident ishtirokida Navoiy shahrida Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyada Navoiy viloyatiga hokim tayinlash bo‘yicha tashkiliy masala ko‘rib chiqish davomida uning hududni jadal rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish, mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha rejalarini eshitish taklif qilindi. Normat Tursunov sohalar bo‘yicha bir qator investitsiyaviy va mahalliy loyihalarni amalga oshirish rejasini taqdim etdi.

Tadbirkorlik va xizmatlar sohasi

Tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kelgusi yilda 122 mingta ish o‘rni yaratish imkoni bor. Shulardan kelib chiqib, prezident mutasaddilarga bir qator topshiriqlar berdi. Jumladan:

  • kelgusi yilda 26 ta mahalliy sanoat markazi va kichik sanoat zonalarini tashkil etish;
  • oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun qo‘shimcha 100 milliard so‘m, kelgusi yilda 600 milliard so‘m yo‘naltirish;
  • Nurota, Xatirchi va Navbahordagi bo‘sh binolarda mono-markaz tashkil etib, kamida 5 ming yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish;
  • M-37 magistral yo‘lida 3,5 mingta servis obyektlarini ishga tushirish;
  • Karmanadagi Mavlono Orif Deg-Garoniy majmuasini ta’mirlashga 15 milliard so‘m ajratish;
  • 20 ta turizm mahallasida infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha 50 milliard so‘mlik loyihani 2023 yil davlat dasturiga kiritishga topshiriq berdi.

Sanoat

Davlat rahbari kelgusi yilda sanoatda 186 ta loyihani amalga oshirib, 15 mingta yangi ish o‘rni yaratish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi. Mutasaddilarga:

  • yil yakunigacha har bir tarmoq bo‘yicha 25 tadan mahalliylashtirish loyiha paketini shakllantirish;
  • kelgusi yildan 200 nafar tadbirkor bilan kooperatsiya asosida mahsulot ishlab chiqarishni boshlash;
  • bir oy muddatda 188 ta yaylovlarda joylashgan noruda konlarni auksionga chiqarish;
  • yil yakunigacha 8 ta Yoshlar sanoat zonasi infratuzilmasiga 20 milliard so‘m ajratish;
  • Navoiy erkin iqtisodiy zonasida kelgusi yilda 200 million dollar qo‘shimcha investitsiya jalb qilib, 20 mingta ish o‘rni yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Qishloq xo‘jaligi

Bu sohada mahsulot yetishtirishni 2 baravarga oshirib, 100 ming nafar aholini band qilish zarurligi ta’kidlandi.
Nomzod taqdimotidan kelib chiqib prezident tegishli tashkilotlarga:

  • kelgusi yilda Xatirchi, Karmana, Navbahor, Qiziltepa va Nurotadagi 72 ta mahalla atrofidagi 5 ming gektarda suv ta’minotini yaxshilab, uzumzor va mevali bog‘lar barpo etishga 4 million dollar yo‘naltirish;
  • kelgusi yilda Konimex, Tomdi va Uchquduq yaylovlarida quduq qazishga 10 milliard so‘m subsidiya ajratish;
  • 1,5 ming gektarda yaylov o‘simliklari urug‘chiligi xo‘jaligi hamda 5 ming gektarda kavrak plantatsiyalarini barpo etish;
  • dala va yo‘l chetlarida 6 million dona tut ko‘chatini ekish va ipakchilikda 58 ming aholi bandligini ta’minlash;
  • kelgusi yilda qorako‘lchilik va qo‘ychilik loyihalariga 20 million dollar ajratish;
  • kelgusi yilda 10 million dollar investitsiya hisobidan Karmana va Xatirchida agrologistika markazlarini ishga tushirish;
  • 500 ming gektar yaylovlarda yoshlar bandligini ta’minlash dasturini qabul qilish;
  • dastur doirasida loyihalarga 15 million dollar hamda quduq qazishga qo‘shimcha 20 milliard so‘m subsidiya ajratishga topshiriq berdi.

Infratuzilma va ijtimoiy himoya

Normat Tursunov maktab va bog‘chalar barpo etish, aholini uy-joy, ichimlik suvi bilan ta’minlash, mahallada yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha tashabbuslarini aytdi. Ulardan kelib chiqib, prezident mutasaddilarga:

  • kelgusi yilga uy-joy ipotekasi uchun 100 milliard so‘m va 50 ta yangi bog‘chaga 5,5 milliard so‘m subsidiya ajratish;
  • Uchquduqdagi issiqlik tizimini yangilashga 51 milliard so‘m ajratish, G‘ozg‘on va Navoiyda 2 ta elektr podstansiyasi qurishga 143 milliard so‘m yo‘naltirish;
  • 11 ta maktabga qo‘shimcha bino, 33 ta maktabga sport zali qurish loyihasini kelgusi yil davlat dasturiga kiritish;
  • kelgusi yil Uchquduqda 78 kilometr suv tarmog‘i qurish loyihasiga 100 million dollar jalb qilish;
  • kelgusi yilda Karmanadagi «Bog‘ishamol» va «Yangihayot» mahallasidagi temir yo‘l ustidan yo‘l o‘tkazgich qurish;
  • Islom taraqqiyot bankining Karmana, Qiziltepa va Navbahordagi 34 ta qishloqni rivojlantirish loyihasi doirasida 54 million dollar jalb qilish;
  • bir oy muddatda Zarafshon shahrini kengaytirish va uni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturini kiritish, bunda 30 ming aholiga infratuzilmaga ega bo‘lgan Sanoatchilar shaharchasini hamda markaziy poliklinika qurishni nazarda tutish topshirildi.

Qolaversa, prezident Navoiyda 2023 yilda ijtimoiy muammolarni hal etishga qo‘shimcha 655 milliard so‘m, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga yana 750 milliard so‘m resurs ajratilishini ta’kidladi.

Shuningdek, davlat rahbari viloyatni namunaviy hududga aylantirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

Birinchi tashabbus — viloyat elektr energiyasini tejash bo‘yicha namuna bo‘ladi.

Buning uchun barcha tashkilotlarga 100 foiz quyosh panellari o‘rnatiladi. Barcha suv nasoslarini samarali ishlatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Ikkinchi tashabbus — «Yashil makon» loyihasini amalga oshirishda viloyat namunaviy hududga aylantiriladi. Buning uchun:

  • barcha fermerlar tomonidan dala chetlariga tut va uzum ekish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
  • viloyatning 330 mahallasi va xonadonlarda rayhon va yalpiz ekish, qayta ishlash va sotish namunaviy tizimi yaratiladi.

Ushbu tashabbusni amalga oshirish uchun barcha sharoitlar yaratilib, alohida imtiyoz va preferensiyalar joriy qilinadi.

Uchinchi tashabbus — yaylovlarni ishga solish orqali echkichilik va qo‘ychilikni keskin rivojlantirish.

Viloyatga 200−300 ming bosh echki va qo‘y olib kelinadi va alohida dastur ishlab chiqiladi.

To‘rtinchi tashabbus — viloyatda infratuzilma obyektlari qurilishida resurslarni 30 foizgacha tejash namunasi.

Ushbu tashabbusni amalga oshirishga, korrupsiyasiz shaffof tizim yaratishga viloyat prokurori mas’ul bo‘ladi. Sektor rahbarlari bu tizimni ishlatadi.

Yangi hokim va barcha sektor rahbarlariga ushbu tashabbuslarni amalga oshirish orqali bir yil davomida viloyatni ishsizlik va kambag‘allik to‘liq bartaraf etilgan hududga aylantirish yuzasidan topshiriqlar berdi.