Prezident Navoiy viloyatini rivojlantirish bo‘yicha qanday topshiriqlar berdi?

25 noyabr kuni Navoiyda Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda davlat rahbari ishtirok etib, tadbirkorlik va xizmatlar sohasi, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy infratuzilma masalalari bo‘yicha Normat Tursunov taqdim etgan loyihalar bilan tanishdi va tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Normat Tursunov Navoiy viloyati hokimi bo‘ldi

Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi sessiyasida viloyat hokimi lavozimiga hokim vazifasini bajarib kelayotgan Normat Tursunov nomzodi ma’qullandi. Bunga qadar u Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan.

O‘zbek ayollarining iqtisodiy faolligi pastligi — uy-ro‘zg‘or ishlari bilan bandligi sabab — PMTI

PMTI mutaxassislarining fikricha, o‘zbek ayollaridagi iqtisodiy faollikning pastligi uy-ro‘zg‘or ishlari bilan band bo‘lishga bog‘liq. Qolaversa, ishlaydigan ayollar erkaklarga nisbatan o‘rtacha 39% kam maosh oladi va ular 30 yoshda martabaga erisha boshlaydi.

Qashqadaryoda 1 nafar hokim va 16 nafar hokim o‘rinbosari tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi ma’lum bo‘ldi

Qashqadaryo viloyatida 2022 yilning 9 oyida 552 ta korrupsion jinoyatlar (o‘tgan yilga nisbatan 114 taga ko‘p) sodir etildi. Murotjon Azimov viloyatda hokimlik, moliya va g‘aznachilik boshqarmasi xodimlaridan 34 nafari tadbirkorlik subyektlarida ta’sischi yoki rahbar sifatida ishlayotganini ochiqladi.

DXMlar orqali statistik ma’lumotlarni olish mumkin bo‘ladi

Hukumat qarori bilan davlat xizmatlari markazlari orqali statistik ma’lumotlarni olish imkoniyati yaratiladi. Biroq tarkibida davlat sirlari va qonunchilik bilan qo‘riqlanadigan sir mavjud ma’lumotlar berilmaydi. Har bir ma’lumot uchun BHMning 0,08 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.

Toshkentda ISHIDga qo‘shilmoqchi bo‘lgan 18 yoshli qiz qamaldi

Yunusobod tumanida Suriyaga ketib, ISHID terroristik tashkiloti safiga qo‘shilishni maqsad qilgan 18 yoshli qiz 5 yilga qamaldi. U tashkilot rahnamolarining ma’ruzalarini tinglab, uning g‘oyaviy ta’siriga tushib qolgan. Qiz ketish uchun «qizil pasport» olgani va buni yaqinlari bilmaganini ma’lum qildi.

Farg‘onada er-xotin is gazidan vafot etdi

Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida er-xotin is gazidan zaharlanib vafot etdi. Ular 3 kunlik yosh kelin-kuyov bo‘lgani va er o‘zi yasagan pechkalardan birini uyga o‘rnatgani aytilmoqda. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlandi.

Sirdaryoda itni qutqarmoqchi bo‘lgan 2-sinf o‘quvchisini tok urdi

Guliston tumanida elektr transformator ostiga kirib qolgan itni qutqarmoqchi bo‘lgan 2-sinf o‘quvchisini tok urdi. Bola bosh, qorin, qo‘l va oyoq qismidagi jarohati bilan shifoxonaga yotqizildi.

Navoiydagi 188 ta yaylovda joylashgan noruda konlari auksionga chiqariladi

Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi sessiyasida prezident sanoatda 186 ta loyihani amalga oshirib, 15 mingta yangi ish o‘rni yaratish zarurligini aytdi. 188 ta yaylovlarda joylashgan noruda konlarni auksionga chiqarish va 8 ta Yoshlar sanoat zonasi infratuzilmasiga 20 milliard so‘m ajratish shular jumlasidan.

Toshkentda «Turonbank» xodimlari bankomatdagi pullarni talon-toroj qilgani aytilmoqda

Mirobod tumanida «Turonbank» kassiri va mas’ul shaxslari bankomatdagi 348 mln so‘mga yaqin naqd pul va 7600 dollarni talon-toroj qilgani aytilmoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlandi.

Toshkentda maktab o‘quvchilarining ommaviy mushtlashgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Tarmoqlarda maktab o‘quvchilarining ommaviy mushtlashuvi aks etgan video tarqaldi. Toshkent shahar IIBB hodisa Mirobod tumanidagi 125-maktabda sodir bo‘lganini ma’lum qildi. Holat yuzasidan bezorilik bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

O‘zbekistondagi ikkita kripto-do‘konga dastlabki litsenziyalar berildi

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan «Crypto Trade NET» va «Crypto Market» kompaniyalariga kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berildi. Avvalroq ushbu faoliyat bilan shug‘ullanish tartibi Adliya vazirligi tomonidan oktabr oxirida ro‘yxatdan o‘tkazilgandi.

Noruda materiallarni qazib olishda tabiiy obyektlarga yetkazilgan zararni hisoblash tartibi tasdiqlandi

Vazirlar mahkamasining qarori bilan Noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda tabiiy obyektlarga yetkazilgan zararni hisoblash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Payshanba kuni 95 kishining kovid yuqtirgani aniqlandi

24 noyabr kuni O‘zbekistonda 95 kishi (bir kun oldin 98 kishi) koronavirusga chalingani ma’lum bo‘ldi. Eng ko‘p kasallik Toshkent shahrida aniqlandi.

Dam olish kunlari havo biroz sovuq bo‘ladi

Juma kuni O‘zbekiston bo‘ylab yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati +15…+17 darajagacha, janubda esa +20 daraja atrofida bo‘ladi. Dam olish kunlari Qozog‘istondagi sovuq antitsiklon massalari ta’siri havo harorati kunduzi +8…+13 daraja, kechasi +3…+8 darajagacha pasayishi kutilmoqda.

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilayotgan tadbirkorlar birjada ham akkreditatsiya qilinadi

Prezident qarori bilan tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida birja tizimida ham akkreditatsiya qilish tartibi joriy etiladi. Shuningdek, 1 dekabrdan boshlab 13 oy muddatga monopol va davlat ishtirokidagi tashkilotlar ishlab chiqargan tovarlarni ichki bozorda faqat birja orqali sotish belgilandi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

«Xuddi kinolardagidek». Yangi turmush qurgan moskvalik juftlik Chorsu bozorida to‘y fotosessiyasini o‘tkazishdi

Joriy yilning sentabrida Moskvadan Toshkentga ko‘chib kelgan Dominik Majintas va Yevgeniya Ribakova Chorsu bozorida to‘y fotosessiyasini o‘tkazishdi. Ularning suratlari tarmoqlarda juda mashhur bo‘ldi. Ular «Gazeta.uz»ga bu g‘oya qanday tug‘ilgani haqida so‘zlab berishdi.

«Kitob qanday tayyorlanadi?» Ikki nashriyot-matbaa ijodiy uyidan reportaj

Kitobni tayyor holga keltirishda faqat unda nomi qayd etilgan insonlar emas balki, «front orti» — kitobning biror yerida ismi yozilmaydigan ko‘plab insonlarning ham mehnati yotadi. «Gazeta.uz» muxbirlari «G‘afur G‘ulom» va «Sharq» nashriyoti bosmaxonalaridan kitobni tayyorlash jarayoni haqida reportaj tayyorladi.

Qo‘llanma: Himoya orderini qanday olish mumkin?

«Gazeta.uz» 25 noyabr — «Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni» munosabati bilan turkum materiallarni e’lon qiladi. Birinchisi — himoya orderi haqida. Unda orderni qayerdan va qanday olish, jabrlanuvchi qay tartibda himoya qilinishi va zo‘ravonga ko‘riladigan choralar haqida bilib olasiz.