Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish uchun «Crypto Trade NET» va «Crypto Market» kompaniyalariga birinchi litsenziyalar berildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Tegishli ma’lumotlar litsenziyalarning elektron reyestriga belgilangan tartibda kiritilgan hamda agentlikning rasmiy veb-sahifasida foydalanish uchun ochiq hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, litsenziya olgan kompaniyalar Markaziy Osiyo va MDH hududidagi birinchi kripto-do‘konlar hisoblanadi.

Shuningdek, agentlik fuqarolarni hushyor bo‘lishga chaqirib, O‘zbekiston hududida faoliyat yuritish uchun o‘rnatilgan tartibda litsenziyaga ega bo‘lmagan elektron platformalar xizmatlaridan foydalanmaslikka va ehtiyot choralarini ko‘rishlariga qat’iy da’vat etadi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda ilk marta 2018 yilda prezident blokcheynni joriy etish, kriptobozor, mayning, smart-shartnomalarni rivojlantirish — raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzolagandi.

Keyinchalik, kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazildi. Nizomga ko‘ra, kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

2021 yilda ushbu agentlik tomonidan O‘zbekiston fuqarolariga kripto-birjalarda kripto-aktivlar va tokenlar bilan kripto-birja savdolarining barcha turlarini milliy va chet el valyutasida amalga oshirishga ruxsat berishni ko‘zda tutuvchi loyiha muhoqamaga qo‘yilgan edi.

2021 yilning noyabrida esa tegishli buyruq bilan O‘zbekiston rezidentlari kriptoaktivlar va tokenlar bilan barcha turdagi operatsiyalarni milliy valyutada (so‘mda) amalga oshirish huquqiga ega bo‘ldi.

Joriy yilning sentabr oyida esa O‘zbekistonda kripto-aktivlar aylanmasi sohasida yig‘imlar миқдориbelgilandi. Jumladan, mayning faoliyati uchun — BHMning 10 baravari (3 mln so‘m), kripto-birja faoliyati uchun — BHMning 400 baravari (120 mln so‘m) kripto-do‘kon faoliyati uchun — BHMning 20 baravari (6 mln so‘m) to‘lov qilish kerak bo‘ladi.

31 oktabr kuni Adliya vazirligida kripto-do‘kon tashkil etish va uning faoliyatini tartibga solish qoidalari ro‘yxatdan o‘tkazilgandi. Unga ko‘ra, kripto-do‘kon elektron platforma va savdo obyekti orqali mijozlarga xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi.