Navoiy shahrida Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi ma’lum qildi.

Sessiyada prezident viloyat faollarining bildirgan fikrlari asosida Navoiy viloyati hokimi lavozimiga hokim vazifasini bajarib kelayotgan Normat Tursunov nomzodini tavsiya etdi.

Nomzodning hududni jadal rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish, mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha rejalarini eshitish taklif qilindi. Nomzod viloyatda tadbirkorlik va xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha rejalarini aytdi.

Shulardan kelib chiqib, prezident mutasaddilarga:

  • kelgusi yilda 26 ta mahalliy sanoat markazi va kichik sanoat zonalarini tashkil etish;
  • oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun qo‘shimcha 100 milliard so‘m, kelgusi yilda 600 milliard so‘m yo‘naltirish;
  • Nurota, Xatirchi va Navbahordagi bo‘sh binolarda mono-markaz tashkil etib, kamida 5 ming yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish;
  • M-37 magistral yo‘lida 3,5 mingta servis obyektlarini ishga tushirish;
  • Karmanadagi Mavlono Orif Deg-Garoniy majmuasini ta’mirlashga 15 milliard so‘m ajratish;
  • 20 ta turizm mahallasida infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha 50 milliard so‘mlik loyihani 2023 yil davlat dasturiga kiritishga topshiriq berdi.

Davlat rahbari kelgusi yilda sanoatda 186 ta loyihani amalga oshirib, 15 mingta yangi ish o‘rni yaratish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi. U mutasaddilarga:

  • yil yakunigacha har bir tarmoq bo‘yicha 25 tadan mahalliylashtirish loyiha paketini shakllantirish;
  • kelgusi yildan 200 nafar tadbirkor bilan kooperatsiya asosida mahsulot ishlab chiqarishni boshlash;
  • bir oy muddatda 188 ta yaylovlarda joylashgan noruda konlarni auksionga chiqarish;
  • yil yakunigacha 8 ta Yoshlar sanoat zonasi infratuzilmasiga 20 milliard so‘m ajratish;
  • Navoiy erkin iqtisodiy zonasida kelgusi yilda 200 million dollar qo‘shimcha investitsiya jalb qilib, 20 mingta ish o‘rni yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Qishloq xo‘jaligida mahsulot yetishtirishni 2 baravarga oshirib, 100 ming nafar aholini band qilish zarurligi ta’kidlandi. Nomzod o‘z taqdimotida bu boradagi rejalarini ko‘rsatdi. Davlat rahbari mutasaddilarga:

  • kelgusi yilda Xatirchi, Karmana, Navbahor, Qiziltepa va Nurotadagi 72 ta mahalla atrofidagi 5 ming gektarda suv ta’minotini yaxshilab, uzumzor va mevali bog‘lar barpo etishga 4 million dollar yo‘naltirish;
  • kelgusi yilda Konimex, Tomdi va Uchquduq yaylovlarida quduq qazishga 10 milliard so‘m subsidiya ajratish;
  • 1,5 ming gektarda yaylov o‘simliklari urug‘chiligi xo‘jaligi hamda 5 ming gektarda kavrak plantatsiyalarini barpo etish;
  • dala va yo‘l chetlarida 6 million dona tut ko‘chatini ekish va ipakchilikda 58 ming aholi bandligini ta’minlash;
  • kelgusi yilda qorako‘lchilik va qo‘ychilik loyihalariga 20 million dollar ajratish;
  • kelgusi yilda 10 million dollar investitsiya hisobidan Karmana va Xatirchida agrologistika markazlarini ishga tushirish;
  • 500 ming gektar yaylovlarda yoshlar bandligini ta’minlash dasturini qabul qilishni topshirdi.

Dastur doirasida loyihalarga 15 million dollar hamda quduq qazishga qo‘shimcha 20 milliard so‘m subsidiya ajratish ko‘zda tutilgan.