Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi sessiyasida moliya vaziri Timur Ishmetov «2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqida birlamchi ma’lumotlarni taqdim etdi.

Kiritilayotgan qo‘shimcha xarajatlar evaziga respublika konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi 3 foizdan 4 foizga oshirilmoqda.

Noyabr oyining boshida hukumat budjet taqchilligining amaldagi cheklangan miqdoriga moslasha olmayotgani bois parlamentdan uni 4 foizgacha oshirishni so‘ragandi, bu esa davlat xarajatlarining 8 trln so‘mga oshishini anglatadi.

Shuningdek, 2022 yil uchun hukumat nomidan va davlat kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlarining cheklangan sof hajmi 6 trln so‘m miqdorida belgilangandi. Birinchi yarim yillikda davlat budjetini moliyalashtirish uchun chiqarilgan davlat qimmatli qog‘ozlarining sof hajmi 2 trln so‘mni tashkil etdi.

Timur Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu miqdor ikki barobarga o‘zgartirilib, 12 trln so‘m etib belgilandi.

Shu bilan birga, prezident va hukumatning ustuvor topshiriqlarini bajarish uchun respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratilgan mablag‘larning cheklangan miqdorlari qariyb 21 trln so‘m qo‘shimcha xarajatlar hisobiga oshirilmoqda.

Moliya vaziri Samarqandda bo‘lib o‘tgan sammitda O‘zbekiston fiskal muvozanatni ta’minlash uchun budjet taqchilligini kamaytirishga e’tibor qaratishi kerak, deb aytgandi. «Barcha xarajatlarni qisqartirish talab etilsa ham, bizning siyosat inflyatsiyaga qarshi kurashish bilan muvofiq bo‘lishi kerak. Bu farovonlikka xizmat qiladi», — dedi u.