«Onlayn Mahalla» platformasini ishlab chiqish qiymati 8,4 milliard so‘mni (755 ming dollar) tashkil etdi. Bu haqdagi ma’lumot Davlat xaridlari elektron tizimiga joylandi.

18 may kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi «Realsoft» kompaniyasi bilan «Onlayn mahalla» veb-saytini (online-mahalla.uz) ishlab chiqish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Istisno tariqasida «platformani qisqa muddatda ishga tushirish uchun» tender (tanlov)siz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzishga qaror qilingan. Bunga Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 30 dekabrdagi 820-F-son qarori asos qilib olingan.

Agentlik yuridik maslahatchisi shartnomada Realsoft yetarli malaka va tajribaga ega va eng yirik IT-kompaniyalardan biri sanalishi ta’kidlab o‘tgan.

Hujjat spetsifikatsiyasida saytni ishlab chiqishda 6 soatdan 325 kun ishlagan 45 kishi ishtirok etgani (96 ming kishi/soat) aytiladi. Ana shunday ish ko‘lamidan kelib chiqib, 8,4 milliard so‘mlik narx shakllantirilgani qayd etilgan.

Bitim korrupsiyaga qarshi va gender ekspertizasidan o‘tkazilgan.

«Onlayn mahalla» elektron platformasi hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida davlat organlari va tashkilotlarining ma’lumotlar bazalari bilan integratsiyalashgan «Onlayn mahalla» elektron axborot tizimini o‘zida aks ettiradi.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 19 apreldagi qaroriga asosan hokim yordamchilarining «Onlayn mahalla» axborot platformasidan foydalanishi uchun xarid qilinayotgan planshet qurilmalarini rasmiylashtirish, bojxona to‘lovlari va ular bilan bog‘liq boshqa xarajatlar uchun davlat budjetidan qo‘shimcha mablag‘lar bilan ta’minlash topshirilgandi. Agentlik planshetlarni Vazirlar Mahkamasining zaxira fondidan xarid qilishi kerak edi.

Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda O‘zbekistondagi 10 mingdan ortiq mahallaning har birida hokim yordamchilari faoliyat yuritmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 11 maydagi qarori bilan tasdiqlangan «Aholiga subsidiyalar ajratish to‘g‘risida»gi nizomga ko‘ra, hokim yordamchilari platforma orqali yer uchastkasi egasining ishsizligi, kam ta’minlangani yoki mulkdor ekanini, ilgari subsidiya turidan foydalangan yoki foydalanmaganini tekshirishi mumkin.

«Gazeta.uz» sayt ishini o‘rgandi. Xususan, tilni almashtirish punkti ishlamayapti (hozir faqat o‘zbek tili mavjud). «Tizim haqida» bo‘limida uning imkoniyatlari ko‘rsatilgan, ammo «Batafsil» havolalari bosilmadi. Shuningdek, «Yangiliklar» bo‘limiga ham kirib bo‘lmadi.

Bundan tashqari, saytda ilovani yuklab olish uchun havola qoldirilgan. Ilovani Samsung A72 rusumli telefonda yuklab olib bo‘lmadi, ammo Galaxy S21 Ultra`da bu amalga oshdi. Ba’zi foydalanuvchilar izohlarda ilova ishlamayotganini yozgan, tavsifda esa 1000 dan ortiq yuklanishlar haqida ma’lumot berilgan.

Qolgan bo‘limlar ochilmoqda. Xususan, platforma orqali siz subsidiya olish, ishga joylashish, monomarkazda o‘qish uchun ariza topshirishingiz mumkin.

Shuningdek, saytda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha biznes-rejalar mavjud.

«Gazeta.uz» Iqtisodiy taraqqiyot vazirligidan izoh so‘radi.