24 noyabr kuni xorijiy davlatlarning O‘zbekistonga yangi tayinlangan elchilari, xususan, Qirg‘iziston elchisi Musa Jamanbayev tomonidan ishonch yorliqlarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari yangi tayinlangan elchilarni samimiy qutlab, O‘zbekistonda diplomatik missiyasini boshlagani bilan tabrikladi. Yangi elchilar vakillari bo‘lgan davlatlar bilan har tomonlama va uzoq muddatli hamkorlikning istiqbollariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Qirg‘iziston elchisiga murojaat qilar ekan, prezident o‘zbek va qardosh qirg‘iz xalqi tarixi va an’analari mushtarak bo‘lgan yaqin qo‘shnilar ekanini qayd etdi. Prezidentning kelgusi oyda Qirg‘izistonga bo‘lajak tashrifi ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlashiga ishonch bildirildi.

«Bugun davlatlar o‘rtasida ishonch va o‘zaro hurmatga asoslangan konstruktiv muloqot qaror topgan. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning o‘tgan yili 11−12 mart kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi munosabatlarimiz tarixida yangi sahifa ochdi. Barcha dolzarb masalalar o‘z vaqtida, har ikki tomon manfaatlarini hisobga olgan holda qardosh xalqlarimizning farovonligi yo‘lida hal etilmoqda. Ayniqsa, erishilgan kelishuvlar asosida chegara masalalari hal qilingani misli ko‘rilmagan umumiy yutug‘imiz bo‘ldi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport, ta’lim va madaniy-gumanitar jabhalardagi aloqalar ham faollashib borayotgani, yil boshidan buyon mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash ko‘rsatkichi 30 foizga oshib, 1 milliard dollarga yetgani qayd etildi.

«Mintaqaviy infratuzilma loyihalari, jumladan, Qambar-ota gidroelektr stansiyasi hamda O‘zbekiston — Qirg‘iziston — Xitoy temir yo‘li qurilishi boshlangani ham do‘st xalqlarimizning umumiy manfaatlariga xizmat qiladi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun 20 iyul kuni Qirg‘izistonga borgandi. 2021 yilning mart oyida esa Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelgandi.