Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi sessiyasida moliya vaziri Timur Ishmetov «2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartishlar kiritish haqidagi qonun loyihasi bilan deputatlarni tanishtirdi.

Xususan, muhokamada budjet taqchilligi 3 foizdan 4 foizga oshirilishini ma’lum qilib, ayrim birinchi darajali budjet mablag‘lari taqsimlovchilar kesimidagi tegishli vazirlik va tashkilotlar ro‘yxati va mablag‘ hajmini ham ochiqladi. Jumladan, XTV vazirligining yil boshida tasdiqlangan xarajatlariga qo‘shimcha 922 mlrd so‘m ajratilmoqda.

Bundan Qoraqalpog‘iston va Xorazmda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqatlantirish uchun — 106 mlrd so‘m yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Ma’lumot uchun, «Yuksalish» umummilliy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida tajriba-sinov tariqasida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash vazifasi joyiga chiqqan holda o‘rgangandi.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi XTV maktablarda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul ovqat berish 11 noyabrdan boshlanishini ma’lum qilgandi. Jarayonlar hukumatning tegishli nizomi buzilishi ortidan g‘olib deb topilgan lotlar bekor qilinishi oqibatida kechikkani aytilgan.

Shu bilan birga, maktab o‘quvchilarining darslik ijara xarajatlarini budjetdan qoplash uchun — 400 mlrd so‘m ajratilishi ham aytib o‘tildi.

Joriy o‘quv yilining boshida Shavkat Mirziyoyev maktab darsliklarining ijara to‘lovlari narxi keskin oshirilishi ortidan keng jamoatchilik, jumladan, ota-onalar tomonidan bildirilgan e’tirozlar fonida darsliklarni bepul ijaraga berishni tezkor yo‘lga qo‘yish yuzasidan topshiriq bergandi.

Ma’lumot uchun, 2022 yilga mo‘ljallangan Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun bilan XTV huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamg‘armasining budjetini tasdiqlangan. Bu yil darsliklarni chop etishga 1,1 trln so‘m yo‘naltirilishi reja qilingandi. Mablag‘larning bir qismi — 605 mlrd so‘m davlat budjetidan, qolgan qismi — fond mablag‘lari hisobidan (299,4 mlrd so‘m), shundan 283,4 mlrd so‘mi ijara to‘lovi bilan qoplanishi belgilangan.

Biroq, vazir o‘rinbosari prognozlardan 1,7 baravarga ko‘proq bo‘lgan boshqa summani qayd etdi. «Qonunchilikka ko‘ra, jamg‘arma mablag‘lari bu ijara tushumlaridan shakllanadi, bu yilning o‘zida ham 500 mlrd ijara tushumidan qoplanishi kerak edi», — degan edi Temur Komilov.

Timur Ishmetov, shuningdek, o‘z fanidan xalqaro yoki milliy sertifikatga yoki chet tili sertifikatiga ega o‘qituvchilarga 50% ustama haqi to‘lab berish uchun — 77 mlrd so‘m mablag‘ davlat budjetidan to‘lab berilishini ham aytib o‘tdi.

Ushbu tizim prezidentning 11 may kuni imzolangan farmoniga muvofiq amalga oshiriladi. DTMning milliy baholash tizimi bo‘yicha chet tilidan sertifikatga ega pedagoglarning oyligiga 2025 yil 1 yanvargacha 50 foiz, 2025 yil 1 yanvardan 20 foiz miqdorida qo‘shimcha pul beriladi. Ustama sertifikatning amal qilish muddati davomida to‘lab boriladi. Shuningdek, maktablarda xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagoglarga 50%, milliy test tizimida olingan sertifikatga ega o‘qituvchilarga 20% ustama to‘lanadi.