Davlat xavfsizlik xizmatining ma’lum qilishicha, Andijon viloyatining Xonobod shahridagi 4H-1071 «Xonobod-Turkobod» avtomobil yo‘lining 0−7 km qismida asfaltbeton qatlamlarining qalinligi me’yordan kam qilib yotqizilgan. Boshqarma 2021 yilning fevral oyida yo‘lni loyiha va me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiq deb topgan. Buning ortidan davlat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.

Mutasaddi idoralar mazkur yo‘ldagi asfaltbeton qatlamining qalinligini qayta o‘rgandi. Biroq, undan olingan 73 ta namunalarning qalinligi loyiha va me’yoriy hujjatlar talablariga mos emasligi aniqlandi.

Oqibatda bosh pudratchi jami 86 728 AQSh dollari miqdoridagi ish hajmini qo‘shib yozgani ma’lum bo‘ldi. Tekshirish davomida ushbu qo‘shib yozilgan ish hajmlari to‘liq bartaraf etildi, deyiladi xabarda.

Mazkur holatda «O‘zyo‘linspeksiya»ning mas’ul xodimlari va boshqalarga Transport prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 205 (Hokimiyat va mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 209-moddalari (Mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.