Prezident 2022 yil 4 aprel kuni “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorga imzo chekkandi.

Yo‘l harakati qoidalariga so‘zsiz rioya qilinishini ta’minlash hamda ularni takroran buzish holatlarining oldini olish maqsadida 2022 yil 1 dekabrdan boshlab haydovchilarga yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarini hisoblash tizimi joriy etiladi.

U quyidagi tartibni nazarda tutishi belgilab berilmoqda:

  • har bir yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun 12 oy davomida alohida jarima ballari hisoblab boriladi;
  • hisoblangan jarima ballari belgilangan miqdordan oshgan hollarda haydovchi ma’lum muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan o‘rnatilgan tartibda mahrum qilinadi;
  • muayyan davr mobaynida yo‘l harakati qoidabuzarligi sodir etmagan haydovchilarga keyinchalik hisoblangan jarima ballarini qisqartirish orqali rag‘batlantirish choralari qo‘llaniladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident matbuot xizmati taыdim etgan posterda keltirilishicha, haydovchi tezlikni oshirsa 1 ball, qizil chiroqda o‘tsa 3 ball jarima yoziladi.

Ma’lumot uchun, 2018 yilning may oyida qabul qilingan Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha konsepsiyada haydovchilar uchun 12 ballik tizimni joriy etish, bir yil davomida jarimalari bilan 12 ball yig‘gan shaxsni haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilish bo‘yicha hujjat loyihasi ishlab chiqilishi aytilgan edi. Hujjat loyihasini esa 2019 yil boshida ishlab chiqish rejalashtirilgandi.

2022 yilning fevralining birinchi haftasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev Yo‘l harakati qoidalari yangidan ishlab chiqilishi va haydovchilar baholanishi haqida gapirgandi. Fevral o‘rtalarida esa IIV rahbari o‘rinbosari qoidabuzar haydovchilarga ball berish tizimi nega 3 yil ilgari joriy qilinmaganiga izoh bergandi. “U paytda biz hali bunga tayyor bo‘lmagandirmiz, vaqti endi kelgandir. Mana endi buni yaqin kunlarda joriy qilamiz, bu o‘zini samarasini beradi”, — degandi Bekmurod Abdullayev.


Avtomobil yo‘llarida harakatni tashkil etish, boshqarish va xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida bosh vazir raisligida Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi va uning hududiy maxsus komissiyalari tuzilishi aytilgandi. Respublika komissiyasiga bosh vazir Abdulla Aripov rahbarlik qiladi, uning tarkibiga shuningdek, ichki ishlar, transport, adliya, favqulodda vaziyatlar va boshqa vazirlar ham kiradi. Hududiy maxsus komissiyalarga esa viloyatlar hokimlari rahbar bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalari maxsus komissiyalarning ishchi organi hisoblanadi.

Maxsus komissiyalar zimmasiga quyidagi asosiy vazifalar yuklangan:

  • yo‘l harakati xavfsizligi sohasida fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini ishonchli himoya qilish, yo‘l infratuzilmasining xavfsizlik talablariga to‘liq javob berishini ta’minlash;
  • hududlarda yo‘l harakatini samarali tashkil etish holatini muntazam ravishda baholab borish, ushbu sohada davlat organlari va mahalliy hokimliklarning samarali faoliyat ko‘rsatishini nazorat qilish;
  • yo‘l-transport hodisalari sabablarini chuqur o‘rganish, yo‘llarning xavfli avariya uchastkalari ro‘yxatini tasdiqlash orqali kelgusida ularning oldini olish yuzasidan ilmiy asoslantirilgan takliflar tayyorlash tizimini yaratish;
  • yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, inson omili va korrupsiya holatlarini istisno etuvchi avtomatlashtirilgan nazorat tizimlarini ommalashtirishga doir tadbirlarni belgilash;
  • hududlarda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, yo‘l-transport hodisalarining sonini qisqartirish bo‘yicha dasturlar loyihalari ishlab chiqilishini tashkillashtirish va kelishish.

Respublika maxsus komissiyasi har chorakda davlat organlari va mahalliy hokimliklar tomonidan yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni, mavjud kamchiliklarni tanqidiy muhokama qilib boradi va tegishli choralar ko‘radi.

Har yili mahalliy hokimliklarning o‘z hududlarida avtomobil yo‘llari infratuzilmasini takomillashtirish va yo‘l-transport hodisalarini keskin kamaytirish bo‘yicha aniq mexanizmlarni nazarda tutuvchi manzilli chora-tadbirlarini o‘z ichiga olgan “yo‘l xarita"larini tasdiqlab, ularning ijrosi ustidan qat’iy nazorat olib borish topshirilmoqda.

Hududiy maxsus komissiyalar har oyda yo‘llarning holati va mavjud infratuzilma, avariya o‘choqlari, qoidabuzarliklarning tahlilidan kelib chiqib, harakat xavfsizligi, transport va yo‘l sohalariga mas’ul idoralar rahbarlari faoliyatini tanqidiy o‘rganadi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga muhokama qilish uchun kiritadi va natijalari bo‘yicha respublika maxsus komissiyasiga hisobot taqdim etadi.

Eslatib o‘tamiz, poytaxtlik deputatlar Kichik halqa avtomobil yo‘li ichida joylashgan barcha ko‘chalarda transport vositalarining harakat tezligini 60 km/soatgacha, yana 10 yaqin markaziy ko‘chada esa 50 km/soatgacha cheklash to‘g‘risida qaror qabul qilgandi. Ushbu chora samara bersa, shahardagi barcha ko‘chalarda tezlik pasaytirilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi viloyatdagi transport vositalarining harakat tezligini 70 km/soatdan 60 km/soatgacha kamaytirishni ma’qullagandi. Bu tezlikni me’yoridan oshirish oqibatida avariyalar ko‘p sodir etilayotgan 52 ta ko‘chada amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Biroq, ushbu qarorlar qachondan boshlab kuchga kirishi haqida ma’lumot berilmagan.