Eslatma: 1 dekabrdan haydovchilar qoidabuzarligi uchun jarima ballarini hisoblash boshlanadi

Prezident qaroriga ko‘ra, 1 dekabrdan haydovchilar qoidabuzarligi uchun jarima ballarni hisoblash boshlanadi. Haydovchi tezlikni oshirsa 1 ball, qizil chiroqda o‘tsa 3 ball jarima yoziladi. Bir yilda qoidabuzarliklari 12 balldan oshgan haydovchi ma’lum muddatga avtomobil boshqarish huquqidan mahrum bo‘ladi.

«Ichimdagi isyon majbur qildi». Toshkentda bloger IIV rahbari iste’fosini talab qilib, piket uyushtirdi

Publitsist va bloger Shokir Sharipov O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov iste’fosini talab qilib, poytaxtda bir kishilik piket uyushtirdi. U «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida bunga «ichimdagi isyon majbur qildi», deya ta’kidladi.

Bir haftada 2310 nafar shaxs karantinga olindi — Nurmat Otabekov

So‘nggi 7 kunda 2310 kishi kovid yuqtirib olganlar bilan aloqada bo‘lganlikda gumonlanib, karantinga olindi. Shifoxonalarda esa 539 nafar bemor davolanmoqda. «Hozirda gripp va o‘tkir respirator infeksiyalar kovid bilan miks-infeksiya kasalligi sifatida aniqlanmoqda», — dedi SES rahbari o‘rinbosari.

Konstitutsiyani o‘zgartirishga oid qonun loyihasi qayta ishlashga yuborildi

Deputatlar Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritishni davom ettirishga qaror qildi. Faqat birgina deputat (ehtimol, Alisher Qodirov) qarshi ovoz berdi. Prezident taklifiga ko‘ra, loyiha 8 dekabr — Konstitutsiyaning 30 yilligida qabul qilinishi kerak edi. Endi referendumni ushbu sanagacha o‘tkazishga ulgurishmaydi.

Surxondaryoda 1 gektar yerni $100 ming evaziga sotishda gumonlangan shaxs ushlandi

Surxondaryoning Denov tumanida yashovchi fermer xo‘jaligi raisi tasarrufida bo‘lgan 1 gektar yerni boshqa fuqaroga 100 ming dollar evaziga sotishga kelishib, oldindan 20 ming dollar olganda qo‘lga olindi. Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Angren hokimi Alisher Raimovga «hayfsan» berildi

Fuqarolar bilan muloqot chog‘ida haqoratli so‘zlar ishlatib, tadbirkorga so‘kingani uchun Angren hokimi Alisher Raimovga «hayfsan» intizomiy jazosi berildi. Viloyat hokimligi mansabdorning davlat xizmatchisi kasb etikasini buzgani va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilganini tan oldi.

«Onlayn mahalla» saytini ishlab chiqish uchun 8,4 mlrd so‘m sarflandi

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi agentlik «Onlayn mahalla» platformasini ishlab chiqish uchun 8,4 mlrd so‘m (755 ming dollar) sarfladi. U hokim yordamchilarining samarali faoliyat yuritishi va boshqa maqsadlarda foydalanish uchun mo‘ljallangan.

Toshkentda ota-o‘g‘il ayolni majburan mashinaga solib, uyiga olib ketdi

Toshkentga otasi bilan kelgan erkak o‘z ayolini majburan mashinaga solib olib ketdi. IIBB bunga oilaviy kelishmovchilik sabab bo‘lganini aytdi. Aniqlanishicha, ayol farzandini otasida qoldirib, Qashqadaryodan Toshkentga ketib qolgan. Ular ayolni Uchtepa tumanidan topgan va uyga olib ketgan.

Andijondagi yo‘l qurilishida $87 ming qo‘shib yozilgani ma’lum bo‘ldi

Xonobod shahridan o‘tuvchi «Xonobod-Turkobod» avtomobil yo‘lining 7 km qismidagi asfaltbetonni me’yordan kam yotqizilganiga ijobiy xulosa bergan pudratchi tashkilot davlatga qariyb $87 minglik zarar yetkazgani aniqlandi. Hozirda boshqarma hodimlariga nisbatan jinoyat ishi ochildi.

O‘zbekiston prezidenti yangi tayinlangan elchilarni qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi, Qirg‘iziston, Jazoir, Qozog‘iston va AQSh davlatlarining yangi elchilarini qabul qildi. Prezident O‘zbekistondagi «keng ko‘lamli va muqarrar islohotlar» haqida so‘zlab, elchilarni aloqalarni yanada rivojlantirishda «bor bilim va kuch-g‘ayratini safarbar etishga» chaqirdi.

Shavkat Mirziyoyev dekabrda Qirg‘izistonga boradi

Shavkat Mirziyoyev kelgusi oyda Qirg‘izistonga tashrif buyuradi. Prezident matbuot xizmati qayd etishicha, «erishilgan kelishuvlar asosida chegara masalalari hal qilingani misli ko‘rilmagan yutug‘ bo‘ldi».

AQShda o‘zbek shoiri Abdulla Oripov haqida film suratga olinmoqda

O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov haqidagi badiiy filmning O‘zbekistondagi tasvirga olish ishlari yakunlanib, shoir umrining so‘nggi oylarini o‘tkazgan AQSh shaharlarida davom etyapti. Film uning qizi Mavluda Oripova xonadonida va u sayr qilishni juda yaxshi ko‘rgan Tinch okeani sohillarida suratga olinyapti.

Andijonda elektr o‘chgan vaqtda reanimatsiyadagi bemor vafot etdi. Energetika vazirligi buni rad etib chiqdi

Qo‘rg‘ontepa tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida yotgan erkak chiroq o‘chib qolishi sabab vafot etgani haqida xabar berildi. Energetika vazirligi buni rad etib, holatga izoh berdi.

oktabr oyida avtomobil bozorida pasayish kuzatildi

oktabr oyida O‘zbekistonda 112,7 mingta avtomobil sotildi. Bu sentabr oyiga nisbatan 8 foizga kam. Ikkilamchi bozorda sotuvlarning pasayishi birlamchi bozorga qaraganda kamroq keskinlashib, 1,4 foiz kamayishni qayd etdi.

«Putin Rossiyani imperiyaga aylantirishni orzu qilib, bor qudratiga ham zarba berib qo‘ydi» — Kamoliddin Rabbimov

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Yevroparlament Rossiyani «terror homiysi bo‘lgan davlat» sifatida tan olganini izohlar ekan, «Putin Rossiyani imperiyaga aylantirishni orzu qilib, bor qudratiga ham tarixiy zarba berib qo‘ydi», dedi. Uning fikricha, «Rossiya bu vaziyatdan zaif va o‘ta zaif holatda chiqadi».

«O‘zbekkosmos» qonunbuzarliklarni sun’iy yo‘ldosh tasvirlari yordamida aniqlaydi

Prezident qarori bilan «O‘zbekkosmos» agentligiga koinot tasvirlarini tahlil qilish yo‘li bilan qishloq va suv xo‘jaligi, yer munosabatlari, ekologiya, geologiya sohasidagi huquqbuzarliklarni aniqlash vazifasi yuklatildi.

Buxoroda Nexia-2 yo‘l chetidagi bolalarni urib yubordi

Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida Nexia-2 ag‘darilib, piyodalar yo‘lakchasida ketayotgan ikki nafar bolani urib yubordi. Oqibatda bolalardan biri tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizildi. YTH yuzasidan tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Tijorat banklari 1 dollarni 11 280 so‘mdan sotishni boshladi

Banklarda 24 noyabr kuni 1 AQSh dollari 11 180 — 11 260 so‘mdan sotib olinmoqda, sotish kursi esa 11 280 so‘mgacha ko‘tarildi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Luvrdagi «O‘zbekiston vohalari xazinalari» ko‘rgazmasida nimalar namoyish etilmoqda?

«O‘zbekiston vohalari xazinalari. Karvon yo‘llari chorrahasida» Luvrdagi Markaziy Osiyo tarixiga oid birinchi ko‘rgazma bo‘ldi. Tashkilotchilar uning tashrif buyuruvchilarda mamlakatga qiziqish uyg‘otishiga ishonch bildirmoqda. «Gazeta.uz» muxbiri ko‘rgazmani birinchi bo‘lib tomosha qilgan jurnalistlardan biri bo‘ldi.