24 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirishga doir ishlarni davom ettirish haqida tegishli qaror qabul qilindi. So‘nggi oylarda Asosiy qonunni o‘zgartirishga oid ishlar qanday ketayotgani haqida xabarlar deyarli berilmay qo‘yilgandi.

Palata spikeri o‘rinbosari, «Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi va Konstitutsiyaviy komissiya a’zosi Alisher Qodirov yig‘ilish tamom bo‘lgach, «qonun loyihasi deputatlarning ko‘plab takliflarini hisobga olgan holda mas’ul qo‘mitalarga qaytarildi», deya ta’kidladi. «Bu qarorni ma’qullamadim, lekin bildirilgan ko‘p takliflar asosli va jiddiy o‘rganib chiqish kerak, deb o‘ylayman», — dedi u.

Quyi palataning Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq islohotlari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinovning aytishicha, Konstitutsiyaning 76 ta moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar, qolaversa, 15 ta yangi modda va 1 ta yangi bob kiritilyapti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugun loyiha palataning mas’ul qo‘mitalarining qo‘shma majlislarida, shuningdek, siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlarida muhokama qilinmoqda va takomillashtirilmoqda.

Shu bilan birga, mutaxassislar, ekspertlar, jamoatchilik va OAVlar vakillari ishtirokida mas’ul qo‘mitalarning yig‘ilishlari o‘tkazilmoqda («Gazeta.uz»ga jurnalistlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilgani ma’lum emas).

Muhokamalarda eng dolzarb takliflar mualliflari bilan uchrashuvlar tashkil etilgan. Chekka hududlardagi mualliflar bilan onlayn ish olib borilmoqda, dedi deputat.


Muhokama natijasida 128 deputat o‘zgartirishlar bo‘yicha ishlarni davom ettirish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun ovoz berdi, 1 nafari qarshi chiqdi va 1 nafari ovoz bermadi.

Palata spikeri Nurdinjon Ismoilovning ta’kidlashicha, hujjat mas’ul qo‘mitalar va Konstitutsiyaviy komissiyaga o‘z ishini davom ettirish, o‘zgartishlarni o‘rganish uchun ekspertlarni jalb qilish, o‘zgartishlar bo‘yicha takliflar ishlab chiqishni asoslash yuzasidan ishlarni kuchaytirish va kelishda davom etayotgan fuqarolarning takliflarini ko‘rib chiqishni ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar berdi.

O‘zgartirishlar loyihasi 25 iyun kuni e’lon qilingandi va muhokama uchun atigi 10 kun berilgandi. 4 iyul kuni deputatlar mazkur muddat yetmasligini tan olib, muhokamalarni yana 10 kunga uzaytirgandi. O‘shanda deputatlar Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid 70, 71, 72, 74, 75-moddalarni o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risidagi qarorni ham qabul qilishgandi. 15 iyulga kelib esa, deputatlar muhokamalar muddatini yana bir marta — 15 kunga, ya’ni 1 avgustga qadar uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi.