24 noyabr kuni JCH-2022'ning G va H guruhlaridan joy olgan Shveysariya — Kamerun va Urugvay — Janubiy Koreya bahslari bo‘lib o‘tdi. Birinchi uchrashuv 1:0 hisobida Shveysariyaning g‘alabasi bilan yakunlangan bo‘lsa, ikkinchi urugvayliklar va koreyaliklarning hujumkor va teng suratlardagi o‘yini fonida 0:0 hisobi bilan tugadi.

Shveysariya — Kamerun 1:0

Shveysariya — Kamerun bahsi Al-Vakradagi «Al-Janub» stadionida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvni tomosha qilish uchun stadionga 39 089 nafar muxlis tashrif buyurdi. Uchrashuv teng kurashlar ostida o‘tdi. Hattoki to‘p boshqaruvi statistikasi ham 50/50 bo‘ldi. Berilgan zarbalar bo‘yicha hisob — 6:7 (aniq zarbalar bo‘yicha ham Kamerun oldinda — 3:5). Biroq faqat Shveysariya terma jamoasi o‘z zarbalaridan birini golga aylantira oldi.

Bahsning 1-taymida kamerunliklardan Mbemo va Shupo-Moting, shveysariyaliklardan esa Vidmer va Akanji yorqin vaziyatlarda esda qoldi. Ammo dastlabki taymda gol ko‘rmadik.


2-taym boshlanishi bilan 48-daqiqada Shveysariya safida to‘p suruvchi hujumchi Breyel Embolo bahsdagi yagona golga mualliflik qildi. Embolo hurmat yuzasidan golni nishonlashni xohlamadi. Chunki u Kamerunda tavallud topgan. Taqdir hazilini qarang, Kamerunga jahon chempionatida kamerunlik gol kiritmoqda. Keyingi daqiqalarda Shupo-Moting bir necha bor gol urishga yaqin keldi, biroq Shveysariya darvozaboni Yann Zommer darvozani ishonchli tarzda qo‘riqlamoqda. Bir necha vaziyatlarda Kamerun darvozaboni Onana ham qahramonlik ko‘rsatdi, aks holda hisob kattalashishi ham mumkin edi. O‘yinning qolgan qismi chindan ham ikki darvozabonning qahramonligi, asosiy rollarga chiqishi bilan o‘tdi. Hakam o‘yinga yana 6 daqiqa vaqt qo‘shib berdi. Qo‘shimcha daqiqalarda Kamerun hisobni tenglashtirishga harakat qildi, biroq hisob 1:0 ligicha qoldi.


25 noyabr kechasi soat 00:00 da ushbu guruhdan joy olgan yana ikki terma jamoa Braziliya va Serbiya o‘zaro bahs olib borishadi. Hozircha Shveysariya o‘zi uchun 3 ochkoni kafolatlab oldi. Keyingi turda ular Braziliya terma jamoasi bilan to‘qnash kelishadi. Kamerun esa Serbiya bilan kuch sinashadi.

Urugvay — Janubiy Koreya 0:0

Urugvay — Janubiy Koreya uchrashuvi Dohadagi «Education City» stadionida bo‘lib o‘tdi. O‘yinga tashrif buyurgan muxlislar soni — 41 663. Ushbu uchrashuvdagi 0:0 hisobi, uning zerikarli o‘tganini anglatmaydi, shunchaki jamoalar himoyada deyarli xatosiz o‘ynashdi va kuchlar teng bo‘ldi.


1-taymda qarshi hujuilar juda ko‘p bo‘ldi. Aslida ushbu ikki terma jamoaning o‘yin uslublari o‘xshash — qarshi hujumlardan unumli foydalanishadi. Ammo ushbu qurolni jamoalar bir-biriga nisbatan qo‘llay olishmadi. Albatta, ba’zi vaziyatlarda reja ish berib, gollar bo‘lishi ham mumkin edi, masalan ba’zi vaziyatlarda Darvin Nunesga yoki tajriba, yoki keskinlik yetishmadi. Jarohati tufayli qora niqob taqiyu olgan Son boshchiligidagi «koreys pop guruhi» bir necha bor golga juda yaqin kelishdi. Koreyslarning ketma-ket hujumlarini ko‘rib, Urugvay bugun yutqazadiyov deb tursangiz, urugvayliklar darhol qarshi hujumga o‘tib koreyslar darvozasida xavf tug‘dirishardi. Xullas, nafaqat 1-taym, butun o‘yin ushbu ssenariy asosida kechdi.


2-taymda Kavani zahiradan o‘yinga tushdi, bir necha Darvin Nunesni yaxshi pozitsiyaga olib chiqdi. Yana bir necha bor ayni o‘z sport formasining yuqori cho‘qqisida bo‘lgan Federiko Valverde Koreya darvozasiga chang soldi. 90-daqiqalarda Sondan xavfli hujum ko‘rdik. Zarbalar bo‘yicha hisob 8:6, Urugvay oldinda. Biroq jami zarbalardan faqat bittaginasi (uyam bo‘lsa Urugvay terma jamosidan) darvozaga aniq yetib bordi. Hisob esa 0:0 ligicha qolib ketdi. Jamoalar bir ochkodan ishlab olishdi.

Bugun, shuningdek, ushbu H guruhidan joy olgan Portugaliya — Gana bahsi ham bo‘lib o‘tadi. 2-turda esa Janubiy Koreya Gana terma jamoasi bilan kuch sinashadi, Urugvay terma jamoasi esa portugaliyaliklar bilan to‘qnash kelishadi.