Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida yotgan erkak chiroq o‘chib qolgan vaqtda vafot etdi, deya xabar қилди Kun.uz. Nashr bilan suhbatlashgan marhumning yaqinlari o‘limga elektrdagi uzilish ham sabab bo‘lganini aytgan.

Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, 9 noyabr kuni Sh. A. Jalaquduq tumanida kombaynning old sohasida joylashgan yanchuvchi qismiga o‘zining ehtiyotsizligi oqibatida ikkala oyoqlari tegib ketib, olgan tan jarohati tufayli jonlantirish bo‘limiga olib kelingan. Biroq, ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan bemor 10 noyabr kuni vafot etgan.

Qo‘rg‘ontepa tumani SHTYOB shifokorining bergan ma’lumotnomasida, N.R.Abduqaxxorovning o‘ng son suyagi bo‘yinchasidan, chop son suyagi ichki dugasi, chap oyoq 2−3-kaft suyagi va 3-barmoq suyagining 3-falanga suyaklari singani aniqlangan.

Holat yuzasidan Jalaquduq tumani IIB Tergov guruhi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Energetika vazirligi izohi

Energetika vazirligi erkakning o‘limiga elektrdagi uzilish sabab bo‘lgani haqidagi xabarga izoh berdi.

Vazirlik qayd etishicha, 10 noyabr kuni soat 21:58 dan 22:05 ga qadar (7 daqiqa) Qo‘rg‘ontepa tuman tibbiyot birlashmasini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi 2 ta tarmoqdan birida uzilish sodir bo‘lgan.

Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan dastlabki xizmat surishtiruvi natijalariga ko‘ra, kombaynga ikki oyog‘i bilan kirib ketib, juda og‘ir tan jarohati olgan bemorga belgilangan standartlar bo‘yicha muolajalar o‘tkazilgan.

Tezkorlik bilan o‘tkazilgan jarrohlik amaliyoti yakunlangan vaqtda elektr ta’minotida uzilish bo‘lmagan. Ma’lum bo‘lishicha, operatsiya tugaganidan keyin bir necha daqiqa vaqt o‘tib, elektr energiyasida uzilish sodir bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, bemorga muolajalar o‘tkazilayotgan operatsiya xonalaridagi barcha apparatlar yangi va zamonaviy bo‘lib, ular elektr ta’minotida uzilish bo‘lgan holatda ham 30 daqiqagacha mustaqil ishlaydi, ba’zilarining quvvati esa 4 soatgacha yetadigan qo‘shimcha elektr ta’minoti manbalariga ulangan.