24 noyabr kuni xorijiy davlatlarning O‘zbekistonga yangi tayinlangan elchilari tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi bo‘ldi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi elchisi Kim Xi Sang, Qirg‘iz Respublikasi elchisi Musa Jamanbayev, Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi elchisi Bumediyen Gennad, Qozog‘iston Respublikasi elchisi Beybut Atamkulov, AQSh elchisi Jonatan Xenikdan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

Prezident yangi tayinlangan elchilarni samimiy qutlab, O‘zbekistonda diplomatik missiyasini boshlagani bilan tabrikladi.

Davlat rahbari mamlakatda bozor iqtisodiyoti tamoyillarini chuqurlashtirish, xususiy sektorni faol qo‘llab-quvvatlash, xorijiy sarmoya va texnologiyalarni keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidladi.

Bularning natijasida so‘nggi 5 yilda iqtisodiyotimizdagi xorijiy investitsiyalar hajmi 10 baravar oshib, 40 milliard dollarga yaqinlashgani aytib o‘tildi.

«Biz kelgusi 10 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmini ikki barobarga oshirishni maqsad qilib qo‘yganmiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev. Buning uchun bizda xohish-iroda ham, intilish va imkoniyatlar ham yetarli. Bunday ulug‘vor marralarga erishish uchun sarmoyalar hajmini kelgusi 5 yilda 120 milliard dollarga yetkazish, jumladan, kamida 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb etishni hisob-kitob qilganmiz. Mamlakatimiz eshiklari jahon uchun, dunyo bozorlari esa yurtimiz uchun ochiq bo‘lishi kerak.

Koreya Respublikasi Favqulodda va muxtor elchisi Kim Xi Sang.

Davlat rahbari Koreya Respublikasi tomonidan kiritilgan investitsiyalar hajmi va qo‘shma korxonalar soni ham ikki barobarga ko‘payganini ta’kidlab, 2023 yilda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va O‘zbekiston-Koreya biznes forumi o‘tkazilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi.

Qirg‘iz Respublikasi Favqulodda va muxtor elchisi Musa Jamanbayev.

Qirg‘iziston elchisiga murojaat qilar ekan, prezident chegara masalalari hal qilingani misli ko‘rilmagan umumiy yutuq bo‘lganini qayd etdi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev kelgusi oyda Qirg‘izistonga bo‘lajak tashrifi ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlashiga ishonch bildirdi.

Jazoir — arab-musulmon olamida jadal rivojlanib borayotgan muhim o‘rni ta’kidlandi. Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish maqsadida kelgusi yili Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning ilk yig‘ilishini hamda «Made in Uzbekistan» sanoat ko‘rgazmasini o‘tkazish taklifi bildirildi.

Jazoirning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Bumedian Gennad.

Qozog‘istonning strategik hamkor va yaqin ittifoqchi ekanini yana bir bor ta’kidlanib, dekabr oyi boshida Qozog‘iston prezidentining O‘zbekistonga kutilayotgan tashrifi davlatlararo munosabatlarda yangi davrni boshlab berishiga ishonch bildirildi.

Qozog‘istonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov.

«Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonning global miqyosdagi eng muhim va ishonchli hamkorlaridan biridir. Bu yil davlatlarimiz o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining o‘ttiz yilligi hamda Strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolanganining yigirma yilligi nishonlandi», deyiladi xabarda.

AQShning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Xenik

Davlat rahbari o‘zaro strategik sheriklikning yangi sharoitida O‘zbekiston savdo va investitsiyalar, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, energetika, ta’lim, innovatsiya, sog‘liqni saqlash kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Prezident huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining yaqinda bo‘lib o‘tgan birinchi yig‘ilishida Amerika kompaniyalari vakillari ham qatnashgani yangi loyihalarga yo‘l ochishiga ishonch bildirildi.

Shuningdek, «S5+1» formatidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni hamda Afg‘oniston bo‘yicha muloqotlarni izchil davom ettirish mintaqamizning umumiy barqarorligiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Marosim yakunida Shavkat Mirziyoyev elchilarning mas’uliyatli va sharafli faoliyatiga katta muvaffaqiyatlar tiladi. Mamlakatimiz bilan hamkorlikni mustahkamlash, hali ishga solinmagan salohiyatni ro‘yobga chiqarish, yangi «o‘sish nuqtalari»ni topish borasida faol va tashabbuskor bo‘lishga chaqirdi.

Elchilar samimiy qabul va samarali faoliyatiga yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirishga bor bilim va kuch-g‘ayratini yo‘naltirishini qayd etdi.