22 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan JCH-2022'ning ikkita o‘yini: Daniya — Tunis hamda Meksika — Polsha bahslari nursiz durang bilan yakunlandi. Ushbu qarama-qarshiliklarning birinchisi D guruhidan joy olgan. Ikkinchi bahsdagi terma jamoalar esa C guruhida bo‘lib, bugun avvalroq ushbu guruhdagi yana ikkita jamoa: Argentina va Saudiya Arabistoni o‘zaro kuch sinashishgan edi.

Daniya — Tunis 0:0

Ushbu bahs Doha shahrida joylashgan Education City stadionida bo‘lib o‘tdi. Education City’da JCH-2022'ning yana 7 ta o‘yini o‘tkaziladi. Ushbu stadiondan kelajakda talabalar va o‘qituvchilar foydalanishi rejalashtirilgan. Ushbu stadion o‘z bag‘riga 40 ming tomoshabinni sig‘dira oladi.


Daniya — Tunis uchrashuvining 1-taymida 24-daqiqada Tunis terma jamoasi gol kiritgan edi — biroq VAR o‘yindan tashqari holat bo‘lganligini aniqladi, gol bekor qilindi. Taym davomida ikkala jamoada bir nechta golga tortadigan vaziyatlar bo‘ldi, ammo ayrimlarida Daniya darvozaboni Kasper Shmeyxel bunga «halaqit qilgan» bo‘lsa, ayrim hujumlarda futbolchilarga kreativlik yetishmadi.

2-taymda esa daniyaliklar ofsayddan keyin gol kiritishdi. Endi hattoki o‘yindan tashqari holatda qolib ketgan holda kiritilgan gollar bo‘yicha ham hisob teng. Biroz keyinroq Kristian Eriksenda bir necha bor qulay vaziyatlar bo‘ldi, u tomonidan yo‘llangan zarba darvoza to‘siniga tegib qaytib ketdi. 80-daqiqalardan so‘ng go‘yoki ikkala jamoa ham durangga qarshi emasdek ko‘rina boshladi. Biroq hakam «balki hisobni o‘zgartirarmiz» degandek, 2-taymga 8 daqiqa vaqt qo‘shib berdi. Qo‘shimcha daqiqalarda Daniya golga yaqin keldi, hattoki Tunis darvozasiga penalti belgilanishi ham mumkin edi. Ammo vaziyat takroran namoyish etilganida, penalti yo‘q ekanligi ma’lum bo‘ldi. Sal o‘tib hakam xushtagi ham yangradi. Hisob — 0:0.

Daniya va Tunis jamoalari o‘rin olgan guruhdan, shuningdek, Avstraliya va amaldagi chempionlar — Fransiya terma jamoasi ham o‘rin olgan (ushbu jamoalar ham o‘zaro bahs olib borishmoqda). 26 noyabr kuni 2-turda D guruhi doirasida Daniya terma jamoasi Fransiya bilan, tunisliklar esa Avstraliya bilan kuch sinashadi.

Meksika — Polsha 0:0

22 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yana bir o‘yin, C guruhidan joy olgan qarama-qarshilik — Meksika va Polsha bahsi ham 0:0 hisobi bilan yakunlandi. O‘yin Dohadagi «974» stadionida bo‘lib o‘tdi. Ushbu stadion Ras Abu Abud stadioni deb ham ataladi. Bu stadion jahon chempionati yakunlangach to‘liqligicha «yo‘q bo‘lib ketadi». Ushbu stadion jahon chempionatlari tarixidagi ilk yig‘ib olinadigan, yuk konteynerlaridan (dengiz konteynerlari) tashkil topgan. «Ras Abu Abud» stadionida JCH-2022'ning yana 6 ta uchrashuvi o‘tkaziladi.

Meksika — Polsha bahsining 1-taymi ikkala jamoaning pozitsion hujumlari bilan boshlandi. Biroq taymda golga tortadigan vaziyatlar juda kam bo‘ldi. Ayrim vaziyatlarda Voysex Shensni o‘z jamoasini qutqarib qoldi.

2-taymda esa Meksika terma jamoasi Gilermo Ochoa jasorat ko‘rsatdi, uning ishtirokida seyvlar ko‘rdik. O‘yinning 56-daqiqasida hakam Meksika darvozasiga penalti belgiladi: meksikaliklar himoyada Levandovskining futbolkasidan tortib, uni to‘xtatishga harakat qilishdi, hakam ushbu vaziyatda qaror chiqarishga qiynalgach, o‘zi borib takroriy lavhani tomosha qildi. Penalti! Zarbani Levandovski amalga oshiradi. Polshalik muxlislar golni nishonlashga tayyor turibdi — «Leva» kamdan-kam holatlarda adashadi. Butun maydon bo‘ylab yashil ranglarga burkangan muxlislar esa zarbaga qarashga qo‘rqishmoqda. Zarba! Va darvozabon Gilermo Ochoa to‘p yo‘nalishini topdi! U o‘z darvozasini goldan saqlab qoldi. Hisob o‘zgarmadi — 0:0. Ehtimol, ushbu vaziyat polshaliklar golga eng yaqin kelgan vaziyat bo‘lgandir. Chunki yuiz keyingi daqiqalarda meksikaliklarni jonlanganini ko‘rdik. Ammo ular ham Polsha terma jamoasi darvozasining daxlsizligini buza olishmadi. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan 7 daqiqa davomida ham hisob o‘zgarmadi. Jamoalar bir-bir ochkodan ishlab olishdi.

Ushbu jamoalarning guruhdagi raqiblari bugun avvalroq o‘zaro o‘yin o‘tkazishgandi. Argentina — Saudiya Arabistoni bahsida saudiyaliklarning qo‘li baland kelib, hozir ushbu guruhda umuman kutilmagan holat kuzatilmoqda: Saudiya Arabistoni 1-o‘rinda, Argentina 4-o‘rinda, 2−3 o‘rinlarni Meksika va Polsha bo‘lishib turishibdi.

C guruhining 2-turi doirasida 26 noyabr soat 18:00 da Polsha — Saudiya Arabistoni va 27 noyabr soat 00:00 da Argentina — Meksika uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Kim biladi, balki navbatdagi turda guruhdagi vaziyat mutlaqo o‘zgarib ketar.