23 noyabr kuni Yangihayot tumanidagi zavodlardan birida bojxona boshqarmalari tomonidan aniqlangan, noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan va sud hukmiga ko‘ra yo‘q qilishi belgilangan 34,2 ming quti tamaki mahsulotlari jamoatchilik guvohligida yoqib yuborildi. Bu haqda unda qatnashgan «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

Bojxona tekshiruvidan o‘tgani to‘g‘risida hujjatga ega bo‘lmagan, aksiz va raqamli kod bilan markirovlanmagan 297,4 mln so‘mlik tamaki mahsulotlari Toshkent shahar va Toshkent viloyati bojxona boshqarmalarining tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda aniqlangan. Ular qonunbuzilishi holatlarida noqonuniy muomaladan olib qo‘yilib, sud hukmiga qadar vaqtincha saqlovga olingan.

Xususan, 30 mart kuni oldindan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi yuk avtotransport vositasi Zangiota tumani hududida to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganida, yukxonada xorijda ishlab chiqarilgan va raqamli markirovka kodlariga ega bo‘lmagan, qiymati 63 mln so‘mlik 7 ming quti tamaki mahsulotlari borligi aniqlandi.

20- va 27-aprel kunlari poytaxtning Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda avvaldan kuzatuvga olingan shaxslardan biri muqaddam noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan va sifati kafolatlanmagan qiymati 82,1 mln so‘mlik 8600 quti, yana bir shaxs esa 61,3 mln so‘mlik 5600 quti tamaki mahsulotlarini yuk mashinalariga ortayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.


21 iyul kuni Toshkent viloyati bojxonachilari tomonidan aniqlangan navbatdagi holatda esa bojxona xodimlarini chalg‘itish maqsadida qiymati 91 mln so‘mlik 4 turdagi 13 ming quti tamaki mahsulotlari yuk mashinasidagi yog‘och eshik romlari orasiga yashirilgani fosh qilindi.

Yoqib yuborish jarayonidan so‘ng tashkil etilgan brifingda Davlat bojxona qo‘mitasining Surishtiruv va ma’muriy amaliyot boshqarmasi boshlig‘i Akramjon Axlimirzayev 22 noyabr holatiga ko‘ra aniqlangan 314 ta huquqbuzarlik holatlarida qiymati salkam 19,2 mlrd so‘mlik 1 578 346 quti tamaki mahsulotlari ushlab qolinganini ma’lum qildi.


«Tamaki mahsulotlarining noqonuniy kirib kelish holatlari vodiy viloyatlarida eng ko‘p uchraydi. U yerda chegarani nazorat qilish zaif, murakkab bo‘lgan hududlarimiz ko‘p. Ko‘p hollarda anklav, tog‘li yoki suvli yo‘llar orqali noqonuniy o‘tkazishga bo‘lgan urinishlar uchraydi», — dedi qo‘mita xodimi «Gazeta.uz» muxbiriga.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi bosh inspektori Otabek Odilovning sayt muxbiriga ma’lum qilishicha, kontrabanda yo‘li bilan elektron sigaretlar emas, balik odatdagi turdagi sigaret mahsulotlarini olib kirish ko‘p uchraydi.