Yelisey saroyida o‘tgan oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron rafiqalari bilan Parijdagi Luvr muzeyida bo‘ldilar. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

«Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, Emmanuel Makron rafiqasi bilan Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston birinchi xonimi bilan muzeyda uchrashdi, shundan so‘ng ular ekspozitsiyani ko‘zdan kechirishni boshladilar.

O‘zbekistonning madaniy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma O‘zbekiston prezidentining 2018 yilning oktabr oyida Fransiyaga amalga oshirilgan tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarga muvofiq tashkil etildi. Davlat rahbari o‘shanda O‘zbekiston va Fransiya muzeylari hamkorligida ko‘rgazmalar tashkil etish, mamlakatlar o‘rtasida ilmiy va madaniy aloqalarni kengaytirish zarurligini qayd etgan edi. O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi va Luvr muzeyi o‘rtasida tegishli memorandum imzolandi.

Bu ishlar natijasida Luvrning Rishele zali va Islom bo‘limida xronologik ketma-ketlikda joylashtirilgan beshta bo‘limdan iborat katta ko‘rgazma makoni yaratildi. Bular — «Voha davlatlari va podshohliklari davri: Ipak yo‘lidagi madaniyatlarning muloqoti», «O‘rta asrlar va san’atning gullab-yashnashi», «Markaziy Osiyoda islomning tarqalishi, madaniyat va fanda Uyg‘onish davri», «Ibn Sinodan Chingizxongacha», «Buyuk imperiyalar davri: Temuriylar va Shayboniylar».

O‘zbekiston tarixining 1500 yildan ortiq davrini qamrab olgan ko‘rgazma mamlakatning 16 muzeyidan 138 ta noyob ashyo, shu jumladan ko‘rgazma uchun maxsus restavratsiya qilingan 70 ta eksponatdan iborat. Shuningdek, Fransiya, Buyuk Britaniya va AQShning yirik muzeylaridan keltirilgan 31 ta buyum ko‘rgazmadan joy oldi.

Ko‘rgazmaning ilk mehmonlari bo‘lgan O‘zbekiston va Fransiya yetakchilari Dalvarzintepa va Xolchayon yodgorliklaridan topilgan eksponatlar, Varaxshadagi qizil rangli xonadan devoriy surat, Kofirqal’adan o‘ymakor panno, Katta Langar Qur’oni sahifalari, Amir Temur maqbarasidan qo‘sh eshik, Afrosiyobdagi elchilar tasviri tushirilgan devoriy surat va boshqa eksponatlar bilan tanishdilar. Ularning yaratilishi va topilishi, ular bilan bog‘liq tarixiy davrlar va shaxslar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Ko‘rgazma 2023 yil 6 mart kuniga qadar davom etadi. Xuddi shu kuni Parijdagi arab dunyosi institutida «Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin mo‘’jizalari» ko‘rgazmasi ham ochildi.

Foto

Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.