23 noyabr kechasi soat 00:00 da JCH-2022'ning D guruhidan joy olgan ikkinchi o‘yin — Fransiya va Avstraliya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvga start berildi. Garchi bahsda Avstraliya terma jamoasi birinchi bo‘lib hisobni ochgan bo‘lsa-da, fransiyaliklarning qo‘li baland keldi — 4:1.

Fransiya — Avstraliya uchrashuvi Al-Vakra shahrida joylashgan «Al-Janub» stadionida bo‘lib o‘tdi. Ushbu stadion JCH-2022 uchun noldan boshlab qurilgan birinchi stadion hisoblanadi. U o‘z bag‘riga 40 000 tomoshabinni sig‘dira oladi. «Al-Janub» JCH-2022'ning yana 6 ta uchrashuvini qabul qiladi. Jahon chempionatidan so‘ng, stadion 20 mingta o‘rindiqqacha qisqartiriladi va «Al Vakra» mahalliy klubi uchun yangi uy stadioniga aylantiriladi.

Fransiya — Avstraliya 4:1

Uchrashuvning 10-daqiqasida Avstraliya terma jamoasi hisobni ochib, barchani o‘ziga ishontirishga erishdi. Saudiya Arabistonining Argentina ustidan qozongan g‘alabasidan keyin muxlislar Avstraliya terma jamoasi muallifligida ham mo‘jiza kutishga tayyor edi. Ammo, lekin, biroq… Avstraliyaliklar faqat 27 daqiqa chidab bera olishdi. 27-daqiqada Teo Ernandesning o‘zatmasidan so‘ng Adrian Rabo to‘pni boshi bilan darvozaga yo‘naltirdi va hisobni tenglashtirdi.

Ko‘p o‘tmay, 32-daqiqada Olive Jiru Fransiya terma jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Ushbu gol Jiruning Fransiya terma jamoasi safidagi 50-goli edi. Fransuzlar kiyimida eng ko‘p gol urgan Terri Anriga (51 ta gol) yetib olish uchun bitta to‘p qoldi. 1-taymning qolgan daqiqalarida Grizmanda va Mbappeda bittadan gol urish uchun ajoyib vaziyat bo‘ldi, ammo ushbu taymda hisob 2:1 ligicha qoldi.


2-taymda Mbappe oxiri o‘z niyatiga erishdi. 68-daqiqada u jarima maydonchasi ichiga uzatilgan to‘pni mohirona tarzda boshi bilan darvozaga yo‘naltirdi. Gol! Hisob — 3:1. Oradan 4 daqiqa o‘tar-o‘tmas u navbatdagi golga assistentlik ham qildi. 72-daqiqada Mbappe tomonidan havodan uzatilgan to‘pni Olive Jiru boshi bilan aniq harakat qilgan holda golga aylantirdi — 4:1. U terma jamoada urgan gollari soni bo‘yicha Anri bilan tenglashib oldi, Jiru shu o‘yinning o‘zidayoq o‘z nomini tarix varaqlariga yozib qo‘ydi.


Hisob bundan ham yirik ko‘rinish olishi mumkin edi. Biroq o‘yin boshqa gol ko‘rmadik. Hakam 2-taymga 7 daqiqa vaqt qo‘shib berdi (1-taymga 6 daqiqa qo‘shib bergan edi). Qo‘shimcha vaqtlarda esda qolarli vaziyatlar bo‘lmadi. Fransiya hozircha amaldagi chempion ekanligini muvaffaqiyatli tarzda isbotlamoqda.

26 noyabr kuni Avstraliya terma jamoasi 2-tur doirasida Tunis bilan to‘qnash keladi. Fransiyaliklar esa o‘sha kuni Daniya terma jamoasi bilan bahs olib boradi. Ayni damda Fransiya terma jamoasi, kutilganidek, guruh peshqadami bo‘lib turibdi. Daniya va Tunis terma jamoalarida esa 1 ochkodan bor.