Markaziy bank boshqaruvi “Pul-kredit siyosatining 2023 yil va 2024−2025 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari” sharhini tasdiqladi.

MB ta’kidlashicha, tashqi iqtisodiy noaniqliklarning kuchayib borayotganligi, global retsessiya yuzaga kelishi ehtimollarining oshayotganligi va asosiy xomashyo tovarlari narxi pasayuvchi trendga o‘tgan bo‘lsa-da, ular bo‘yicha kutilmalarning turli yo‘nalishda shakllanayotganligi, shuningdek, ichki iqtisodiy sharoitlardagi o‘zgaruvchanliklarni hisobga olib, o‘rta muddatli makroiqtisodiy prognozlar ikki xil ssenariy asosida ishlab chiqildi.

Asosiy ssenariy shartlariga ko‘ra, mamlakatda iqtisodiy faollikning yuqori sur’atlari, investitsion va iste’mol talabining o‘suvchi dinamikasi saqlanib qoladi. Tartibga solinadigan narxlarning shakllantirilishi bosqichma-bosqich bozor mexanizmlariga moslashtirib boriladi, fiskal konsolidatsiya boshlanadi, iqtisodiyotda davlat rolining pasayishi va belgilangan tarkibiy islohotlar davom ettirilishi hisobiga raqobat muhiti yaxshilanib boradi va xususiy xorijiy investitsiyalar hajmi yuqori sur’atlarda o‘sib boradi.

Muqobil ssenariyga ko‘ra tashqi xatarlar va global retsessiyaning kuchayishi fonida mamlakatda tashqi talab darajasi pasayishi, turli kanallar orqali kirib keladigan valyuta oqimlarining kamayishi, iqlim o‘zgarishlari ta’sirida ishlab chiqarish va yalpi taklifning qisqarishi ehtimollari asosida tayyorlangan.

Bunda, yalpi talabning kamayishi global inflyatsion jarayonlarni jilovlovchi va xomashyo tovarlari narxlarini pasaytiruvchi omil bo‘lsa, yalpi taklifning qisqarishi ichki bozorda narxlar darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Iqtisodiyotni rag‘batlantirish maqsadida fiskal taqchillikning joriy yuqori sur’atlari saqlanib qolishi va fiskal konsolidatsiyaning boshlanishi 2024 yil va undan keyingi davrlarga kechikishi nazarda tutilgan.

Pul-kredit siyosati

Asosiy ssenariy shartlarida nisbatan qat’iy fazada davom ettiriladi, monetar sharoitlarning joriy qat’iylik darajasi saqlanib qolinadi. Inflyatsiyaning maqsadli prognoz ko‘rsatkichiga erishishga mustahkam ishonch hosil bo‘lgan taqdirda, pul-kredit sharoitlari biroz yumshatilib “neytral fazaga” o‘tkaziladi.

Ayni paytda, muqobil ssenariy shartlari yuzaga kelganda esa pul-kredit sharoitlarida nisbatan qat’iy sharoitlarni uzoqroq muddat saqlab qolish zarurati yuzaga kelishi mumkin. Bunda, narxlar barqarorligi va iqtisodiy faollikni ta’minlash maqsadlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlovchi sharoitlar hosil qilib boriladi.

Makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolishda asosiy e’tibor inflyatsiya darajasini 2024 yil so‘ngiga qadar 5 foizlik targetiga pasaytirish, konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligini YAIMga nisbatan 2023 yilda 3 foiz va 2024 yilda 2 foizdan oshirmaslik, xomashyo bo‘lmagan tayyor mahsulotlar eksportini real (fizik) o‘sishi kamida 20−25 foiz bo‘lishini ta’minlashga qaratilishini taqozo etadi, deyiladi MB sharhida.

Tashqi iqtisodiy sharoitlar

Jahon iqtisodiyoti va savdo hamkorlarda geosiyosiy vaziyatdagi keskinliklar fonida yuqori noaniqliklar saqlanib qoladi, tashqi talab 2022 yilgi ko‘rsatkichlardan past bo‘ladi. Shuningdek, global inflyatsion jarayonlar va unga javoban ko‘rilayotgan choralar kelgusida jahon iqtisodiyotini retsessiya yoki stagnatsiyaga (iqtisodiy pasayish yoki turg‘unlik) uchrashi ehtimolligini oshirishi mumkin, joriy yil oxiridan global inflyatsiya darajasi sekinlasha boshlashi kutilmoqda.

Asosiy xomashyo tovarlari narxlarida pasayish tendensiyalari saqlanib qoladi, global retsessiya sharoitida narxlar yanada pasayishi va rivojlanayotgan davlatlar valyutalariga nisbatan bosimlar yuzaga kelishi mumkin.

Logistika va yetkazib berish zanjirlaridagi uzilishlar bosqichma-bosqich yaxshilanib boradi, shu bilan birga davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarda tovar va moliyaviy resurslar narxlarining qimmatlashishi hamda migratsion jarayonlar keskin tus olishi mumkin.

Ichki iqtisodiy sharoitlar

Oxirgi yillardagi iqtisodiyotga moliyaviy rag‘batlarning qo‘llab-quvvatlovchi ta’sirlari kamayib boradi.

Yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash vazifasi davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish va raqobat muhitini kuchaytirishga qaratilgan ta’sirchan va qat’iy tarkibiy islohotlarni amalga oshirishni talab etadi.

Keyingi yildan budjetdan moliyalashtirish imkoniyatlari cheklanib borishini inobatga olib davlat xarajatlarini taqsimlash va amalga oshirishda yuqori moliyaviy intizomni ta’minlash hamda har bir so‘mning tejamli va maqsadli ishlatilishi taqozo etiladi.

Umumiy fiskal taqchillik darajasi pasayib, uni moliyalashtirishda ichki bozor imkoniyatlaridan foydalanish ko‘lami oshib boradi. Shuningdek, xususiy sektorning faolligi hisobiga iqtisodiyotda yalpi talab darajasi bir maromda oshib boradi, tashqi shoklar kuzatilgan taqdirda ushbu tendensiya susayishi mumkin.

QQS stavkasining pasayishi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida rag‘batni oshiruvchi va narxlar o‘sishini sekinlashtiruvchi omil bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga xususiy investitsiyalar, migratsion oqimlarning ko‘payishi, eksport tushumlari, xalqaro pul o‘tkazmalari ichki investitsion va iste’mol talabini bir maromda qo‘llab-quvvatlab boradi.

Shartlar

Ta’sir ko‘rsatuvchi omillar

Asosiy ssenariy

Muqobil ssenariy

Tashqi iqtisodiy sharoitlar

Yuqori inflyatsiya, qat’iy moliyaviy sharoitlar fonida jahon iqtisodiyoti avvalgi prognozlardan pastroq darajada o‘sishi kutilmoqda. Rivojlangan davlatlar mehnat bozoridagi tendensiyalar ham o‘zgarishi mumkin

Global qiymat yaratish zanjiridagi uzilishlar hamda global retsessiya xavfi ortib borishi sharoitida jahon iqtisodiyoti o‘sishi sekinlashishi mumkin

Neft narxidagi joriy tendensiyalar davom etadi va narxlar tez o‘zgaruvchan shakllanadi. 2023 yilda 1 barreli uchun 8 0−90 dollar atrofida shakllanadi
Jahonda yalpi talabning qisqarishi natijasida global mobillikning sekinlashishi neft narxi pasayishiga hissa qo‘shishi mumkin. 2023 yilda 1 barreli uchun 5 0−60 dollar atrofida shakllanadi
Pul o‘tkazmalari hajmida 2023 yilda biroz pasayish kuzatiladi, 2024 yildan boshlab bir maromdagi o‘suvchi dinamika yuzaga keladi
Pul o‘tkazmalari 2023 yilda o‘tgan yilga nisbatan sezilarli darajada pasayadi. 2024−2025 yillarda o‘sish sur’atlari bosqichma-bosqich tiklanib boradi

Tashqi moliyaviy sharoitlar

To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmida o‘suvchi dinamika saqlanib qoladi. 2024 yildan xorijiy investitsiyalar yanada jonlanishi kutilmoqda

Tashqi moliyaviy sharoitlarning qat’iylashishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, 2023−2024 yillarda o‘sish kuzatilmaydi

Global inflyatsiya jarayonlariga javoban 2023 yil ikkinchi yarmi va 2024 yil boshigacha pul-kredit siyosati qat’iy sharoitlarda davom ettiriladi

Pul-kredit siyosati sharoitlarini qat’iylashtirish fazasidan neytral fazaga o‘tish boshlanadi

Global inflyatsion jarayonlar

Asosiy oziq-ovqat narxlari indeksi (FAO) 2023−2024 yillarda 130 gacha pasayishi kutilmoqda. Tovarlar yetkazib berilishi va logistikasida uzilishlar bosqichma-bosqich to‘g‘rilanib boradi

2023−2024 yillarda global talabning pasayishi narxlarga ijobiy ta’sir qilib, inflyatsion bosimlarni pasaytiradi va oziq-ovqat narxlari indeksi (FAO) 2023−2024 yillarda 100−120 gacha pasayadi.

Tarkibiy islohotlar

Yoqilg‘i-energetika sohasidagi islohotlar 2023−2024 yillarda amalga oshiriladi. Korxonalarni transformatsiya qilish jarayonlari mantiqiy yakuniga yetkaziladi va xususiylashtiriladi. Elektr energiyasi va tarmoqli gaz narxlari bosqichma-bosqich bozor narxlariga yaqinlashtirilib boriladi
2023−2025 yillarda elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari inflyatsiya darajasida indeksatsiya qilib boriladi. Korxonalarni transformatsiya qilish jarayonlari asosiy ssenariyga nisbatan sekinroq sur’atlarda davom etadi
Qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 2023 yil 1 yanvardan 12 foizgacha pasaytiriladi (narxlarni o‘sishini oldini oluvchi omil). Ichki kapital bozorini rivojlantirish jadallashtiriladi. Mahalliy kompaniyalarning IPO va SPO jarayonlari boshlanadi. Davlat qimmatli qog‘ozlar bozorida norezidentlar va rezident jismoniy shaxslarning ishtiroki faollashadi.
Tashqi sharoitlardan kelib chiqib, iqtisodiyot sohalarida tarkibiy islohotlarni amalga oshirish sur’atlari sekinlashishi mumkin. Asosiy e’tibor iqtisodiy faollikni va iste’mol talabini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. budjet xarajatlarini moliyalashtirish uchun qarz mablag‘lariga bo‘lgan talab oshishi mumkin

Ichki sharoitlar va yalpi talab

2023 yildan fiskal konsolidatsiya boshlanadi. Fiskal taqchillikning YAIMga nisbati bosqichma-bosqich kamaytirib boriladi.

Tashqi xatarlarni inobatga olib 2023−2025 yillarda ham fiskal rag‘batlantirish saqlanib qoladi. Fiskal taqchillikning YAIMga nisbati ushbu davrda joriy ko‘rsatkichlar darajasida saqlanib qoladi
Xususiy sektorda faollikning oshishi va migratsion oqimlarning ko‘payishi hisobiga iste’mol va investitsion talab oshib boradi. Shu bilan birga mehnat bozorida taklif hajmi ham o‘sib boradi.
Tashqi talabning pasayishi va valyuta kurslari bilan bog‘liq o‘zgarishlar investitsion va iste’mol talabini qisqartirishi mumkin. Mehnat bozorida taklif keskin oshishi mumkin.

Hujjatning to‘liq matni bilan bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.