Bugun, 23 noyabrdan boshlab, «TTZ» — «Mashinasozlar» metrosi yangi ekspress avtobus yo‘nalishi harakatlanishni boshladi. Bu haqda Toshkent shahar transport bosh boshqarmasining axborot xizmati xabar berdi.

Ushbu yo‘nalishda avtobus faqat 4 ta — «TTZ» bozori, «Buyuk Ipak yo‘li» metrosi, Shifokorlar malakasini oshirish instituti, «Ashxobod» bog‘i bekatlarida to‘xtaydi va «Mashinasozlar» metrosigacha harakatlanadi.

Yo‘l haqi 2500 so‘mni tashkil etib, yo‘lovchilarga 5 ta «Mercedes-Benz 5» avtobusi xizmat ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, prezident qaroriga muvofiq, yil yakunigacha yana 25 ta o‘tirish va 31 ta turish o‘rniga ega bo‘lgan 85 dona SAZ LE-60 o‘rta sig‘imli avtobuslar ham olib kelinishi reja qilingan. Ular joriy yilda xarid qilingan shu rusumdagi 115 dona avtobuslarga qo‘shiladi.

Yutong rusumidagi 20 dona elektrobusdan iborat parkka joriy yilda yangi elektrobuslar qo‘shilmaydi, ular kelgusi yilda olib kelinadi.