Andijon viloyati Jalaquduq tumanida oyoqlari kombaynga kirib ketgan 35 yoshli erkak vafot etdi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Aniqlanishicha, 9 noyabr kuni Sh. A. Jalaquduq tumanida kombaynning old sohasida joylashgan yanchuvchi qismiga o‘zining ehtiyotsizligi oqibatida ikkala oyoqlari tegib ketib, olgan tan jarohati tufayli jonlantirish bo‘limiga olib kelingan. Biroq, ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan bemor 10 noyabr kuni vafot etgan.

Qo‘rg‘ontepa tumani SHTYOB shifokorining bergan ma’lumotnomasida, N.R.Abduqaxxorovning o‘ng son suyagi bo‘yinchasidan, chop son suyagi ichki dugasi, chap oyoq 2−3-kaft suyagi va 3-barmoq suyagining 3-falanga suyaklari singani aniqlangan.

Hozirda holat yuzasidan Jalaquduq tumani IIB Tergov guruhi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

«Marhumning o‘limi kelib chiqish sababini to‘liq hajmda o‘rganib chiqish uchun sudga oid komissiyaviy ekspertizasi tayinlangan. Bundan tashqari, mehnat va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilgan yoki etilmagani holati yuzasidan Mehnat xavfsizligi ekspertizasi tayinlangan», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, tekshirish jarayoni Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.