22 noyabr kechasi soat 00:00 da JCH-2022'ning B guruhidan joy olgan ikkinchi o‘yin AQSh va Uels terma jamoalari uchrashuviga start berildi. Hujumlar, xavfli vaziyatlar va boshqa ko‘rsatkichlar bo‘yicha ham kuchlar teng ko‘ringan ushbu uchrashuv 1:1 hisobi bilan yakunlandi. Avvalroq ushbu guruhdan joy olgan Angliya va Eron terma jamoalari uchrashuvi bo‘lib o‘tgan edi.

Ahmad bin Ali stadioni.

AQSh — Uels o‘yini Ar-Rayyan shahridagi Ahmad bin Ali stadionida bo‘lib o‘tdi. Ushbu stadionni, shuningdek, Ar-Rayyan stadioni deb ham atashadi. Ushbu maydon o‘z bag‘riga 40 ming kishini sig‘dira oladi. Ahmad bin Ali stadionida JCH-2022'ning yana 6 ta uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.

AQSh — Uels 1:1

Avvalboshdanoq ushbu ikki terma jamoa qarama-qarshiligida kimning qo‘li baland kelishi borasida aniq bir fikr aytish qiyin edi. Kimdir AQShda hozir nomdor futbolchilarning ko‘pligini aytsa, kimdir Uels terma jamoasining chempionatlardagi (ayniqsa Yevro-2016 va Yevro-2020'dagi ishtiroki) tajribasini keltiradi. Biroq ushbu o‘yindan durang kutayotganlar ham bor edi.

1-taymda AQSh terma jamoasi ustunlik qildi: hisob borasida ham, pozitsion hujumlar borasida ham. 9 daqiqadayoq AQSh hisobni ochishiga sal qolgandi: Sarjentning zarbasidan so‘ng to‘p darvoza to‘siniga tegdi. O‘yin «tempidan» go‘yoki AQSh butun o‘yin davomida tizginni qo‘ldan boy bermaydigandek edi. 20-daqiqalardan so‘ng o‘yin tezligi biroz pasaydi va jamoalar asosan maydon markazida to‘p surishdi.

36-daqiqaga kelib nihoyat o‘yinda hisob ochildi. Kristian Pulishich markaz bo‘ylab kirib keldi va jarima maydonchasi ichiga, Timoti Veaga chiroyli pas uzatdi. Sobiq futbolchi, oltin to‘p sohibi va hozirda Liberiya prezidenti Jorj Veaning o‘g‘li Timoti Vea to‘pni ustamonlik bilan Uels darvozasiga yo‘naltirdi — 1:0! Ha, Timoti Vea aynan ushbu mashhur insonning o‘g‘li. U hozirda Fransiyaning «Lill» klubida to‘p so‘radi. Uning goli 1-taymdagi yagona gol bo‘lib qoldi.

Timoti Vea golni nishonlamoqda.

2-taymda esa Uels terma jamoasi go‘yoki uyg‘ongandek bo‘ldi va bir nechta keskin hujumlar tashkillashtirdi. Ammo ko‘pgina imkoniyatlar ham ko‘kka sovurildi, ayrim vaziyatlarda AQSh terma jamoasini darvozabon Mett Tyorner qutqardi. Biroq 80-daqiqada hakam AQSh darvozasiga penalti belgiladi: jarima maydonchasi ichida Garet Beylga nisbatan qo‘pollik ishlatildi. Penaltini amalga oshirish uchun 11 metrlik nuqtaga Garet Beylning o‘zi keldi. U ushbu zarbani qoyilmaqom darajada amalga oshirdi: 1:1! Bu Garet Beylning terma jamoa safidagi 41-goli bo‘ldi.

Garet Beyl hisobni tenglashtirganidan so‘ng.

Penaltidan urilgan gol Uels terma jamoasiga yana ishonch qo‘shdi va ular yana hujumga o‘tdi. Biroq navbatdagi hujumlarga biroz keskinlik yetishmadi. Hakam 2-taym uchun yana 9 daqiqa qo‘shib berdi (bu hol takrorlanmoqda!). Ammo qo‘shib berilgan daqiqalar na AQShga, na Uelsga yordam berdi. O‘yin 1:1 hisobi bilan yakunlandi.

Keyingi turda Uels terma jamoasi eronliklar bilan bahslashishadi (25 noyabr), AQSh terma jamoasi esa Angliya bilan to‘qnash keladi (26 noyabr, soat 00:00 da). 2-tur natijalari guruhda ikkinchi o‘rin uchun qaysi terma jamoalar kurashishini oydinlashtirib beradi. B guruhining hozirgi holatida Angliya terma jamoasi 3 ochko bilan 1-o‘rinni egallayotgan bo‘lsa, Uels va AQShda vaziyat hozircha bir xil — har birida 1 ochkodan bor.