Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan o‘quv xonasida o‘qituvchi tomonidan o‘quvchiga kuch ishlatilganligi aks etgan video yuzasidan munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, 11 noyabr kuni Chilonzor tumanida joylashgan xususiy maktablardan birida 5-sinf o‘quvchilari uchun o‘tilayotgan dars jarayonida o‘qituvchi 1989 yilda tug‘ilgan A.N. o‘quvchilarga qo‘pol muomalada bo‘lgan. Qo‘lini qayirib qulog‘idan tortgan.

Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Tekshiruv yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi, deyiladi xabarda.

«Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi 80-son qarori bilan Nodavlat ta’lim sohasida umumiy litsenziya talablari va shartlari tasdiqlangan bo‘lib, bolalarni urish haqorat qilish yoki kamsitish ushbu talablarni buzish hisoblanadi. Ta’kidlash joizki, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi zo‘ravonlikning barcha ko‘rinishlarini qoralaydi», — dedi «Gazeta.uz»ga inspeksiya matbuot xizmati kotibi Shavkat Xo‘jaqulov.

Holatga munosabat bildirgan xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova bolalarni hech qachon va hech qanday holatda kaltaklash mumkin emasligini ta’kidladi.

«Bolaning yuziga tarsaki tortish nafaqat o‘qituvchiga balki ota-onaga ham qat’iyan taqiqlangan xatti-harakat! Bu yo‘l bilan hech qachon yaxshilikka erishib bo‘lmasligini ham barchamiz yaxshi bilamiz. Yuziga tortilgan tarsaki bilan hech bir bolaning hurmatini qozonolmaysiz. Shu o‘rinda ota-onalardan ham o‘qituvchi sha’ni, qadr-qimmatini hurmat qilishlari va dars jarayonlariga aralashib, pedagoglarni haqorat qilmasliklari so‘raladi», — dedi vazirlik xodimi.

Shuningdek, u «Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining ichki tartib va odob-ahloq qoidalari»ga ko‘ra, o‘qituvchilar tomonidan o‘quvchilarni jazolash maqsadida ularga nisbatan jismoniy kuch ishlatish va ruhiy tazyiq o‘tkazishlari ta’qiqlanishini eslatib o‘tdi.