21 noyabr Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da JCH-2022'ning A guruhidan joy olgan ikkinchi uchrashuv — Senegal va Niderlandiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinga start berildi. Senegal terma jamoasi niderlandlarga jiddiy qarshilik ko‘rsatishga harakat qilishdi va o‘yin so‘ngiga qadar buni uddalashdi ham. Ammo o‘yin oxirida Niderlandiya xatolardan unumli foydalangani evaziga 0:2 hisobida g‘alabaga erishdi.

«Al-Tumama» stadioni.

Senegal — Niderlandiya o‘yini Dohadagi «Al-Tumama» stadionida bo‘lib o‘tdi. «Al-Tumama» stadionining dizayni arab dunyosi uchun an’anaviy bo‘lgan bosh kiyim — gahfiyadan ilhomlanib yaratilgan. Stadion o‘z ichiga jami 40 000 tomoshabinni sig‘dira oladi.

Senegal — Niderlandiya 0:2

Birinchi taymning ba’zi jabhalarida ushbu o‘yin ham gollarga boy bo‘ladi degan xulosaga olib kelayotgan edi. Biroq dastlabki taymda ikkala jamoa ham bir-birining darvozasiga yo‘l topa olishmadi. Garchi taym hujumlarga boy, aniqrog‘i, pozitsion hujumlar bilan o‘tgan bo‘lsa-da, 1-taym 0:0 hisobi bilan yakunlandi.


Ikkinchi taymning boshida xavfli hujumlar birinchi taymdagidan kamroq bo‘ldi. Ba’zi lahzalarda Senegal terma jamoasiga go‘yoki Sadio Mane yetishmayotgandek ko‘rindi (albatta, o‘yinda u yetishmadi). Eslab o‘tish joiz, «Bavariya» klubi hujumchisi klub safidagi so‘nggi o‘yinda jiddiy jarohat olgan edi.

Niderlandiya butun taym davomida Senegal darvozasiga ertami-kechmi yo‘l topadigandek ko‘rindi, bekorga emas ekan. Faqatgina ikkinchi taymning so‘ngiga kelganda, 84-daqiqadagina o‘yinda hisob ochildi. Frenki de Yong Senegalning jarima maydonchasiga to‘pni uzatdi va «PSV» klubi futbolchisi Kodi Gakpo ushbu to‘pni mohirona tarzda bosh bilan darvozaga yo‘lladi. To‘pga yugurib chiqqan Senegal darvozaboni Eduard Mendi to‘pga ulgurmadi. Hisob 0:1.

Kodi Gakpo golni nishonlamoqda.

Ushbu goldan so‘ng Senegal terma jamoasi darhol hujumga tashlandi. Hattoki hisobni tenglashtirish imkoniyati ham bo‘ldi. Ammo Niderlandiyaning darvozaboni Andris Noppert Lui Van Gaalning ishonchini oqladi. Eng qizig‘i, Andris Noppert oldin terma jamoa safida o‘yinga tushmagan va bu uning ilk o‘yini edi. «Xerenven» jamoasi darvozaboni nafaqat terma jamoada, balki yevrokuboklarda ham ishtirok etmagan. Lui Van Gaal doimo o‘zining noodatiy qarorlari bilan hayron qoldirib kelgan. Bu safar esa u JCH-2022'ga ko‘pchilik kutmagan darvozabonlarni olib keldi: u tajribali Yasper Silessen, Tim Krul va ishonchli Mark Flekken («Frayburg» darvozaboni) o‘rniga Jastin Beylo («Feyenoord»), 39 yoshli Remko Pasver («Ayaks») va Andris Noppertni tanladi. Niderlandiyaning dastlabki uchrashuvida ishonch bildirilgan Andris murabbiyning ishonchini oqladi.


Hakam 2-taymga 8 daqiqa qo‘shib berdi. Umuman, bu safargi JCH’da hakamlarning ko‘p vaqt qo‘shib berishiga ham moslasha boshladik (Angliya — Eron uchrashuvida jami 24 daqiqa qo‘shib berildi). Go‘yoki o‘yin endi 0:1 hisobida yakunlanadigandek edi. Ammo qo‘shib berilgan daqiqalarning oxirida Niderlandiya terma jamoasi hisobni 0:2 ga yetkazdi. Hujumga yugurib borgan va Kulibali bilan qarama-qarshi kelgan Depay himoyachini aldab o‘tmasdan zarba yo‘llashga qaror qildi, darvozabon Mendi zarbani bazo‘r qaytardi, ammo qaytib kelgan to‘pni Klassen darvozaga mixlab qo‘ydi. Hisob 0:2 va A guruhida bunday hisob ikkinchi bor takrorlanmoqda (Qatar — Ekvador 0:2).

Senegal terma jamoasi 2-turni 25 noyabr kuni soat 18:00 da mezbon Qatar terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Niderlandiya esa 25 noyabr kechasi 21:00 da navbatdagi tur doirasida Ekvador terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Demak, navbatdagi turda birinchi o‘yinda mag‘lub bo‘lgan jamoalar va g‘alaba qozongan jamoalar o‘zaro uchrashishadi. Ehtimol aynan 2-turda biz A guruhining yaqqol peshqadamini bilib olarmiz.