Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi sessiyasida O‘zLiDep fraksiyasi a’zosi Mardayev Botir tomonidan Moliya vazirligiga budjet mablag‘larining noto‘g‘ri sarflanishi va aniqlangan holatlar bo‘yicha vazirlik qanday chora va tadbirlar qilishni rejalashtirayotgani haqida savol yo‘lladi.

«Albatta bu holatga munosabatimiz salbiy. Keltirilgan raqamlarni Moliya vazirligining o‘zi tegishli idoralar bilan birga aniqlashtirib bermoqda. Bunday talab ko‘proq vazirliklarning o‘ziga bo‘lishi kerak. Eng katta muammo oylik berish masalasida bo‘lganligi bois 2023 yil uchun tekshirib, tasdiqlangan reja ham I chorakdan keyin yoppasiga qaytadan ko‘rib chiqiladi va o‘zgartiriladi. Bunda biz ko‘proq vazirliklarning mas’uliyatini oshirish haqida o‘ylashimiz kerak. Bu bitta vazirlik hamma vazirlikning ustidan qo‘riqchi bo‘lib turgani bilan ish bitmaydi», — dedi Timur Ishmetov.

Shuningdek, vazir budjet mablag‘larini to‘g‘ri taqsimlash vazirliklarning o‘ziga yuklatilgani, ichki auditni takomillashtirish va tizimni raqamlashtirish [jarayoni] buxgalteriya va mas’ul xodimlar bexosdan yoki ataylab xato qilmasligi uchun joriy etilishini ham ta’kidladi.

«Agar bo‘lim [buxgalteriya] smetaga katta oylik kirgizishni maqsad qilgan bo‘lsa, bu nazoratning umuman foydasi bo‘lmaydi. Bunday ishlarni qilgan vazirliklarga tegishli chora ko‘rish kerak deb o‘ylayman», — deya javob berdi u.

Avvalroq, O‘zbekistonda o‘tgan 9 oy davomida 704,9 mlrd so‘mlik budjet mablag‘lari noqonuniy va maqsadsiz sarflangani ma’lum qilingandi. Xususan, xalq ta’limi tizimida 47 mlrd so‘m, sog‘liqni saqlashda 30 mlrd so‘mga yaqin qonun buzilishi holatlari aniqlandi. «Bunday holatlar yildan-yilga oshib bormoqda», — deyiladi quyi palata xabarida.