O‘zbekiston hukumati va Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) o‘rtasida umumiy qiymati 1 milliard yevrodan ortiq bo‘lgan loyihalarni birgalikda amalga oshirishni nazarda tutuvchi 2025 yilgacha bo‘lgan yangi strategik hamkorlik dasturi imzolandi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Imzolanish O‘zbekiston prezidentining Fransiyaga rasmiy tashrifi doirasida 21 noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev va FTA bosh direktori Remi Riuning Parij shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralari yakunlari bo‘yicha bo‘lib o‘tdi.

Yangi dastur qishloq xo‘jaligi, energetika, «yashil» iqtisodiyot, shaharlarni rivojlantirish, suv ta’minoti, bank-moliya va transport sohalarida qo‘shmaloyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi.

Bugungi kunga qadar qo‘shma loyihalar portfeli 1 milliard yevroga yetdi. Agentlik ishtirokida infratuzilma, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha qator dasturlar amalga oshirilmoqda.

O‘tgan yilning may oyida Toshkentda kelishuv imzolangandi, unga ko‘ra FTA O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun kreditlar, texnik yordam va grantlar ko‘rinishida mablag‘ jalb etish niyatida ekani xabar qilingan edi.

Ma’lumot o‘rnida, FTA — Fransiya hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan davlat moliya instituti, 1941 yil dekabrda tashkil etilgan. Agentlik O‘zbekistonda 2011 yil yozida faoliyat boshlaganini e’lon qilgandi. 2016 yil oxirida ikki davlat hukumatlari o‘rtasida FTA va uning sho‘ba tashkiloti Iqtisodiy hamkorlikka ko‘maklashish va ishtirok etish jamiyati (PROPARKO)ning O‘zbekistondagi faoliyati to‘g‘risida bitim imzolangandi.