16 noyabrdan boshlab tungi vaqtlarda ko‘chani yoritish cheklangani ortidan kunlik iste’mol sarfi 25 foizga kamaydi, deb xabar qildi «Toshshaharnur» DUK.

Qayd etilishicha, poytaxt ko‘chalarida tunda va tig‘iz soatlardan keyin elektrni tejovchi avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimiga ega LED texnologiyali yoritgichlar ishlamoqda.

Mazkur loyihadan oldin ko‘chalarni yoritishda 116,8 ming energiya ko‘p talab qiladigan yoritish moslamalari ishlatilgan va elektr energiyasi iste’moli yiliga o‘rtacha 62 mln 240 ming kVt soatni tashkil etgan. Bugungi kunda yoritgichlar umumiy soni 140 mingtaga yaqinlashib qolgan bo‘lsada, elektr energiyasining o‘rtacha yillik iste’moli 40 mln 7 ming kVt soatni tashkil qilyapti.

2022 yilning 9 oyi davomida 29 mln 510 ming kVt soat (13 mlrd 279,8 mln so‘mlik) elektr toki, shu jumladan, illyuminatsiyali chiroqlar 183,7 ming kVt soat yoki 82,7 mln so‘m (umumiy ist’emolning 0,63 foizi) iste’mol qilindi.

Bu ko‘rsatkich bir oyda o‘rtacha — 3 mln 278,9 ming kVt soat yoki 1 mlrd 475,5 mln so‘mni tashkil qildi. Illyuminatsiya chiroqlari mos ravishda 20,4 ming kVt soat yoki 9,2 mln so‘mga yetdi.

Bir kunlik o‘rtacha sarf — 109,29 ming kVt soat yoki 49,2 mln so‘mni, jumladan, illyuminatsiya chiroqlari 0,68 kVt soat yoki 306 ming so‘mni tashkil etyapti.

oktabr oyida o‘rtacha kunlik iste’mol 115,9 ming kVt-soat edi. Noyabr oyida bu ko‘rsatkich 87,8 ming kVt-soatni tashkil qildi. Natijada kuniga 28,1 ming kVt-soat yoki oyiga 843 ming kVt-soat elektr energiyasi tejaldi, deyiladi xabarda.

«Hozirgi vaktda 16 noyabrdan boshlab ko‘cha yoritish tarmoqlarida ko‘shimcha energiya sarfini cheklash rejimi jorii etildi, bu kunlik elektr energiyasi sarfini 25 foizga kamaytirdi yoki oktabr oyida o‘rtacha kunlik iste’mol 115,9 ming kVt soat bo‘lsa, amalda 87,8 ming kVt soatni tashkil qildi», — deyiladi xabarda.

Taqqoslash uchun ushbu tejalgan elektr energiyasi respublikadagi 4 400 ta xonadonning o‘rtacha bir oylik iste’molini tashkil etadi.

«Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, poytaxt iste’molchilarining kunlik elektr energiyasi iste’moli taxminan 25 mln 700 ming kVt soatdan iborat.

Eslatib o‘tamiz, 16 noyabr kuni O‘zbekiston energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev Toshkentda ko‘chalarni yoritish va reklama LED-ekranlarini vaqtincha o‘chirish rejasini ma’lum qilgandi.