Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2022 yil to‘qqiz oyi yakunlari ijrosi to‘g‘risida moliya vaziri Timur Ishmetovning hisoboti eshitildi.

Quyi palata xabariga ko‘ra, davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan 2022 yilning 9 oyi davomida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida jami 704,9 mlrd so‘mlik budjet mablag‘lari noqonuniy va maqsadsiz sarflangan.

Xususan, xalq ta’limi tizimida 47 mlrd so‘m, sog‘liqni saqlashda 30 mlrd so‘m, maktabgacha ta’lim tizimida 7 mlrd so‘m, Madaniyat vazirligida 5,5 mlrd so‘mga yaqin qonun buzilishi holatlari aniqlangan.

«Bundan ko‘rinib turibdiki, har bir vazirlik va idoralarda tashkil etilgan Ichki-audit boshqarmasi tomonidan xavflarni aniqlash va ularning oldini olish, ularning natijalarini tahlil qilish va doimiy nazorat qilish ishlari to‘g‘ri tashkil etilmagan. Buning natijasida budjet mablag‘larini o‘zlashtirish yoki noqonuniy sarflash holatlari kamaymasdan yildan-yilga oshib bormoqda», — deyiladi xabarda.

Shu sababli majlisda xalq vakillari tomonidan vazirlik va idoralarning Ichki-audit boshqarmasini qayta ko‘rib chiqish, xodimlarini o‘qitish, ularning salohiyatini oshirish va nazorat qilish ishlarini muvofiqlashtirish yuzasidan o‘z takliflarini bildirildi.